Isroilda o‘zbekistonlik erkak hibsga olindi, Umra safarlari uchun parvozlar to‘xtatildi, mansabdor 100 ming AQSH dollari bilan ushlandi.
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.
Isroilda o‘zbekistonlik erkak hibsga olindi
Tehron va boshqa shaharlarga hujumi uchun Isroilni to‘xtovsiz o‘qqa tutayotgan Eronda o‘zbekistonlik fuqaro bilan bog‘liq e’tiborli voqea ro‘y berdi. Samarqandlik yigit Isroil ko‘chalaridan birida raketa hujumi paytida olingan video sabab hibsga olindi.
O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 28-fevral kuni Isroilda yashayotgan fuqaro N.X. raketa hujumi haqida ogohlantiruvchi sirenalar yangragan paytda vaziyani videoga olib, uni «TikTok» tarmog‘iga joylashtirgan. Videoda erkak Samarqand lahjasidagi tojik tilida «Mana, ko‘chalarda hech kim qolmadi, kalamush kabi bekinib olishdi» degan so‘zlarni aytgani aks etgan.
Tasvirlar keyinchalik Isroil ijtimoiy tarmoqlarida ham tarqalib, mahalliy jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng fuqarolardan biri politsiyaga murojaat qilgan va erkak so‘roq uchun olib ketilgan.
Fuqaro ayblovni rad etib, videoni tanishlariga hazil tariqasida olganini bildirgan. O‘zbekiston elchixonasi holat konsullik nazoratida ekanini ma’lum qildi hamda Isroilda bo‘lib turgan fuqarolarni mahalliy qonunlarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Eron Oliy rahbari Xomanaiy halok bo‘ldi
Hafta davomida Yaqin Sharqda keskinlikni kuchaytirgan eng muhim voqealardan biri — Eron hududiga uyushtirilgan havo hujumlari bo‘ldi. 28-fevral kuni Isroil kutilmaganda Erondagi bir qator muhim obyektlarga zarbalar yo‘lladi. Xabarlarga ko‘ra, hujumlar prezident qarorgohi, davlat idoralari hamda yadro inshootlari joylashgan hududlarga qaratilgan.
Mazkur zarbalar oqibatida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo‘lgani ma’lum qilindi. 86 yoshli Xomanaiy bilan birga uning oila a’zolaridan to‘rt kishi — qizi, kuyovӣ, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgani bildirildi.
Xomanaiyning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami hamda 7 kunlik dam olish kunlari e’lon qilindi. Xomanaiyning fojiali vafoti tufayli Ko‘plab davlatlar, jumladan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron xalqiga ta’zi izhor qildi.
Eron Islom Respublikasida oliy rahnamo lavozimiga marhum Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mo‘jtabo Xomanaiy tayinlangani aytildi.
Eron rahbariyatini bitta bitta yo‘q qilishga bel bog‘lagan AQSH prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Mujtabo Xomanaiyning hokimiyatga kelishiga mutlaqo qarshi. U «Xomanaiyning o‘g‘li hech narsaga arzimaydi» deb atagan va AQSH Eronda yangi rahbarni belgilash jarayonida shaxsan o‘zi ishtirok etishi kerakligini aytgan.
Shuningdek, O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni sifatida yig‘ilish o‘tkazib, urushlar fonida O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha topshiriq berdi
Umra safarlari vaqtincha to‘xtatildi
Yaqin Sharq mintaqasida vaziyatning keskinlashuvi sabab umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi.
Mazkur hududdagi notinch vaziyat va havo makoniga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlar sabab qator reyslar bekor qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga ushbu davlatlarga safar qilmaslikni, u yerda bo‘lib turganlarga esa ehtiyot choralarini kuchaytirishni tavsiya etdi.
Vaziyatni inobatga olgan holda, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida idora hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktirilmoqda. Toshkent–Jidda yo‘nalishidagi qatnovlar ham ma’lum muddatga qoldirildi.
Shuningdek, BAA va Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini qaytarish uchun esa maxsus reyslar tashkil etildi. Madina, Jidda va Dubaydan amalga oshirilgan maxsus reyslar orqali 9 minga yaqin o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi.
Poraxo‘r mansabdor
Tugayotgan haftada O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida jiddiy voqea yuz berdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash bo‘limi yetakchi mutaxassisi 100 ming AQSH dollari pora olayotgan paytda qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, mutaxassis Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi nufuzli nodavlat oliy ta’lim muassasasining Surxondaryo viloyatidagi filialini tezkor ravishda ochish evaziga pora talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida u so‘ralgan pulni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi — juda ko‘p miqdorda firibgarlik ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va shaxsga qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi belgilagan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Sherzodxon Qudratxo‘ja lavozimidan ozod qilindi
Bu hafta O‘zbekistondagi media sohasida muhim rahbarlik o‘zgarishi ro‘y berdi.
Sherzodxon Qudratxo‘ja 2022-yildan beri egallab kelgan O‘zbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rnini Odiljon Tojiyev egalladi.
Sherzodxon Qudratxo‘ja siyosiy fanlar nomzodi, dotsent bo‘lib, uzoq yillardan buyon jurnalistika va media sohasida faoliyat yuritib kelgan. U O‘zbekiston Milliy media birlashmasi rahbari sifatida tashkilotning rivojlanishida muhim rol o‘ynadi, shu jumladan assotsiatsiyaning 2022-yil may oyida qayta tashkil etilishiga rahbarlik qilgan.
Yangi rahbar Odiljon Tojiyev 1984-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, huquqshunos, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat yuritadi. U parlamentda axborot faoliyati va OAV bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha tajribaga ega bo‘lib, bundan keyin media birlashmasining boshqaruvida yangi yo‘nalishlarni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi.
Kartadan kartaga pul ko‘chirishda «o‘tkazma maqsadi»: texnik yangilanishmi yoki nazorat?
Hammasi nazoratim ostida degan gapni eshitganmisiz? Endi haqiqatdan ham shunday bo‘ladi.
Kartadan kartaga pul o‘tkazmalarida yangi talablar joriy qilindi.
Endi har bir P2P o‘tkazmada «o‘tkazma maqsadi»ni ko‘rsatish majburiy bo‘ldi. Markaziy bank buni texnik yangilanish deb izohlasa-da, ba’zi iqtisodchi va jamoat faollari bu qadamni iste’molchilarni nazorat qilishga qaratilgan deb baholashmoqda.
Yangi tizimda 16 ta turli maqsaddan biri tanlanadi. Masalan, pul oilani qo‘llab-quvvatlash, ijara to‘lovi yoki qarzni qaytarish uchun yuborilsa, shu maqsadga muvofiq belgilanadi. Regulyator bu o‘zgarish pul o‘tkazish mexanizmiga chek qo‘ymaydi, ma’lumotlar faqat mobil ilovada qayta ishlanadi va uchinchi shaxsga berilmaydi.
Iqtisodchilar fikricha, bunday talablar kelajakda soliq va nazorat organlari uchun ma’lumot asosi yaratishi, iste’molchilar uchun qiyinchilik tug‘dirishi va sun’iy statistika shakllanishi mumkin. Shu bilan birga, tizimning to‘liq amalga oshishi yaqin vaqtda kutilmoqda.
Turkiyada yana o‘zbek ayoli o‘ldirildi
Tugayotgan hafta Turkiyada o‘zbekistonlik ayollar bilan bog‘liq fojiaviy voqealar yana bir marotaba yuz berdi.
Balikesir shahrida ishlash maqsadida borgan 46 yoshli Dilafruz Cho‘liyevaning 2-mart kuni jasadi topildi. U Burhoniya tumanida keksa va bemor kishini parvarish qilar edi. 21-yanvar kuni bozorga chiqish uchun ruxsat olganidan so‘ng Dilafruzdan xabar bo‘lmagan va yaqinlari bedarak yo‘qolganligi haqida ariza bergan.
Tekshiruvlar natijasida marhumaning telefoni o‘chgani va oxirgi marta Ilyos ismli shaxs yoniga borgani aniqlangan. Ilyos hibsga olingan, qolgan uch nafar gumondor shartli ravishda ozod qilingan. Sud-tibbiy ekspertiza uchun jasad Bursaga yuborildi.
Bu holat yanvar oyida Turkiyada vahshiylarcha o‘ldirilgan o‘zbekistonlik ayollar seriyasidan keyingi yana bir fojia hisoblanadi. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha qidiruv va tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi 715 ming so‘m bo‘ldi
Hafta yakunlarida O‘zbekistonda ijtimoiy iqtisodiy sohada muhim yangilik e’lon qilindi.
O‘zbekistonda bir kishining bir oylik minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘m deb belgilandi. Bu haqda 4-mart kuni Milliy statistika qo‘mitasi «Minimal iste’mol xarajatlari qiymati to‘g‘risida»gi hisobotda ma’lum qildi. Ushbu ko‘rsatkich 2025 yil inflatsiyasi va narx indekslari asosida hisoblangan va o‘tgan yilga nisbatan 6,9 foizga yuqori.
Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichi kambag‘allik chegarasi sifatida qo‘llanadi. O‘zbekistonda ham ushbu ko‘rsatkich: aholi uchun maqsadli ijtimoiy ko‘maklarni belgilashda, kambag‘allikka qarshi strategiya va dasturlarning samaradorligini oshirishda, shuningdek pensiya va nafaqalar minimal miqdorini belgillashda asos bo‘ladi.
Teglar






