
Mirziyoyev prokuror nazoratini raqamlashtirish va sun’iy intellekt joriy etishni topshirdi
Yil boshidan beri tergov organlari tomonidan 1300 ta qarorni qabul qilishda protsessual talablar buzilgan, 637 ta jinoyat ishi esa kamchiliklar tufayli sudlar tomonidan tergovga qaytarilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Bosh prokuratura tizimida raqamli nazorat va avtomatlashtirilgan tekshiruv mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Yangi tizim orqali qonun buzilishlarini erta aniqlash, mas’ul shaxslarning harakatlarini real vaqt rejimida kuzatish hamda prokuror nazoratini shaffof va samarali tashkil etish imkoni yaratiladi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, hozirda tergovchilar faoliyatini baholashning yagona elektron tizimi mavjud emas, hisobotlar «qo‘lda» tuziladi va jinoyat ishlari hali ham qog‘oz shaklida saqlanadi. Bu esa ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hisobot tayyorlash jarayoni ayrim hollarda bir haftagacha vaqt olmoqda.
Yil boshidan beri tergov organlari tomonidan 1300 ta qarorni qabul qilishda protsessual talablar buzilgan, 637 ta jinoyat ishi esa kamchiliklar tufayli sudlar tomonidan tergovga qaytarilgan. Prezident bu holatga izoh berib, tergov faoliyatini to‘liq raqamlashtirish va har bir bosqichni avtomatlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan jinoyat haqida xabar kelib tushganidan boshlab, sud qarori ijrosigacha bo‘lgan jarayonlarni raqamli formatga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Yangi tizimda sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinib, tergov jarayonlari tezlashadi, inson omili kamayadi va mas’uliyat oshadi.
Prezident, shuningdek, raqamli texnologiyalar orqali jinoyatlarning oldini olish uchun sun’iy intellekt, kiberhuquq va raqamli huquq yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlashni boshlash zarurligini ta’kidladi. Bu orqali raqamli tahdidlarni oldindan aniqlay oladigan va samarali chora ko‘radigan professional kadrlar qatlamini shakllantirish maqsad qilingan.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbari muhokama qilingan takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Uning ta’kidlashicha, raqamli prokuror nazorati tizimi fuqarolar huquqlarini muhofaza qilish va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi.





