add

Nega O‘zbekistonda oliy ta’limga qiziqish keskin kamaydi? — mutaxassis tushuntiradi

14.08.2025 | 17:30129312

2025-2026 o‘quv yilida O‘zbekistonda oliy ta’limga hujjat topshirganlar soni so‘nggi yetti yildagi eng past ko‘rsatkichga tushdi. Masala yuzasidan Vaqt.uz muxbiri xalqaro ta’lim loyihalari bo‘yicha mutaxassis Dilara Kamil suhbatlashdi.

Nega O‘zbekistonda oliy ta’limga qiziqish keskin kamaydi? — mutaxassis tushuntiradi
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-2026 yil o‘quv yili uchun oliy ta’limga hujjat topshirish ko‘rsatkichlari keskin pasaydi. Xususan, 2025 yilgi  oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 732 ming 411 nafar bo‘lib, bu oxirgi 7 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir. Bu hali hujjat topshirganlarning soni. Hujjat uchun pul to‘lamaganlar va boshqa sabab bilan qatnasha olmaganlar chiqarib tashlansa, test sinovlarida qatnashganlar soni 700 mingga ham yetamadi. Lekin avvalgi yillari test uchun hujjat topshirganlar soni qariyb 1,5 millionga yetgan vaqtlar ham bo‘lgan. Misol uchun, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 1 mln 66 mingdan oshgan, 2020 yilda esa rekord darajada 1 mln 484 mingga yetgan edi. Xalqaro ta’lim loyihalarini yaratish va boshqarish bo‘yicha mutaxassis Dilara Kamil bilan o‘zbek yoshlarining oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishi pasayib borish sabablari haqida gaplashdik. Ekspert bunga quyidagi omillar sabab bo‘layotganini aytdi: «Asosiy sabab O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi almashayotgan avlodlar kutilmalariga moslashishda orqada qolmoqda. Xususan, Zet, Alfa va kelayotgan Beta avlodlari tezkor, moslashuvchan va shaxsiylashtirilgan ta’limni talab qiladi. Dunyoning ilg‘or universitetlari bu talablarni modul tizimi va moslashuvchan o‘quv rejalari orqali amalga oshirayotgan bir paytda, mamlakatimiz oliygohlarining aksariyati hanuz an’anaviy va yopiq tuzilma asosida ishlaydi. Talabalar deyarli o‘z qiziqish va ehtiyojlariga mos fan tanlash huquqiga to‘la ega emas, o‘quv dasturlari esa qat’iy va yangilanishga sust moslashadi. To‘g‘ri, o‘quv tizimida yangilik sifatida HEMIS dasturi ishga tushdi. Lekin bizning ta’lim tiziimi HEMIS ga emas, HEMIS bizning tizimga moslashdi. Ishlab chiqarish bilan integratsiya ham sust — sanoat bilan hamkorlik ko‘pincha qog‘ozda qoladi. Talabalarga real loyihalarda qatnashish, amaliyot o‘tash va ishga joylashish imkoniyatlari yetarli darajada yaratilmaydi. Xorijiy universitetlar bilan tuzilgan bitimlar esa ko‘pincha tashqi imij uchun bo‘lib, haqiqiy ikki diplomli dasturlar yoki samarali talaba almashinuvi tizimi yetarlicha rivojlanmagan». Shuningdek, Dilara Kamil o‘zbek ta’lim tizimi raqamli va global talablarga javob berish ham muammo bo‘lib qolayotganini ham ta’kidladi. Ta’lim mutaxassisiga ko‘ra, «Onlayn va gibrid ta’lim infratuzilmasi rivojlanmagan, xalqaro akkreditatsiyaga ega dasturlar soni kam yoki eskirgan. Bitiruvchilar esa ko‘pincha o‘z mutaxassisligiga mos ish topishda qiynaladi — ish o‘rinlari yetarli emas yoki ularning bilim va ko‘nikmalari bozor talabiga mos kelmaydi. Universitetlar bitiruvchilarni mehnat bozoriga tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratmagan, mavjudlari ham juda sekin ishlamoqda.Bundan tashqari, visioner akademik kadrlar yetishmaydi. Ya’ni bugungi kun talablariga javob beradigan ta’lim texnologiyalari, sun’iy intellekt va global trendlar bo‘yicha bilim hamda tajriba kam. Zamonaviy o‘quv metodlari bo‘yicha muntazam muhokamalar deyarli yo‘q. Ko‘plab professor-o‘qituvchilar yangi ilmiy-amaliy manbalarni muntazam kuzatmaydi va tor sohasida «qamalib qolgan». Universitetlar xalqaro tajribaga ega mutaxassislar maslahatidan ham yetarli foydalanmaydi, lokal muammolar va qadriyatlar qolipi esa hanuz saqlanib qolmoqda. Ba’zi universitetlar esa jahon reytinglarida yuqori o‘rin egallashga ortiqcha e’tibor qaratadi. Natijada professor-o‘qituvchilarga haddan tashqari talablar yuklanadi, bu esa sifatli ta’lim berish uchun zarur bo‘lgan vaqt va energiyani kamaytiradi. Oxir-oqibat talabalar ta’lim jarayonidan qoniqmaydi, oliy ta’lim esa global raqobatda ortda qoladi». Ekspert ilmiy izlanish va xulosalaridan kelib chiqib quyidagi yechim va takliflarni berdi: Darslarni zerikarli, ana’anviy usulda emas, uch xil usulda: dars, amaliyot va onlayn modullar bilan uyg‘unlashtirib, talabaga o‘z tezligida o‘qish imkonini berish kerak. Talabaga o‘z qiziqishi va kasbiy maqsadiga mos fanlarni tanlash imkoniyatini cheklamaslik kerak. Universitetlar mehnat bozori bilan real hamkorlik o‘rnatishi kerak. Aniq natija bo‘lishi kerak: universitetda o‘qishdan maqsad ishga joylashtirish, loyiha yakunlash bo‘lishi kerak. Buning uchun hamkorlik jarayonini mustaqil tashkilotlar nazorat qiladigan tizimni joriy etish kerak. Universitetlar boshqa xalqaro, reytingi baland universitetlar bilan real hamkorlik o‘rnatishi kerak. Bitimlar faqat imzo marosimi bilan cheklanmasdan, talaba almashinuvi va qo‘shma o‘quv dasturlari real ishlashi kerak. bugungi kun talabidan kelib chiqib talabalarni sun’iy intellekt va global trendlar bo‘yicha muntazam malaka oshirishiga alohida e’tibor qaratish kerak. Eng muhimi, universitetlar reytinglarga ortiqcha e’tibor qaratishni to‘xtatishi kerak. Ta’lim dargohlari jahon reytinglaridan ko‘ra, ta’lim sifati va talabalar yutuqlarini ustuvor qilishi kerak. O‘qituvchilarga ortiqcha mas’uliyatlarni yuklamasdan dars sifati va metodik jarayonlarni samarali qo‘llab-quvvatlash kerak. Yuqoridagilar mutaxassisning o‘qitish metodikalarini tubdan yangilash borasidagi fikrlari edi. Umuman olganda, yoshlar o‘rtasida o‘qishga va diplom olishga qiziqish bitta O‘zbekiston uchun xos narsa emas. Avvalroq, Goldman Sachsʼning 2025 yilda e’lon qilingan tadqiqotiga ko‘ra, diplom bilan ish topish darajasi bilan diplomsiz, ammo zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lganlar orasidagi farq deyarli yo‘qolib borayotgani, binobarin, yoshlarda o‘qishga qiziqish pasaytgani haqida yozgan edik. Qolaversa, O‘zbekistonda davlat oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishning so‘nggi 5 yilda to‘xtovchiz kamayib borayotganini talabalarning xorijiy va xususiy universitetlarga hujjat topshirayotgani ko‘paygani bilan ham bog‘lash mumkin. O‘zbekistonda BBA test imtihonlaridan o‘tishga ko‘zi yetmaganlar davlat OTMlariga hujjat ham topshirib o‘tirmaydi. Kontrakt summasini to‘lab, xususiy universitetlarga imtihonsiz qabul qilinishadi. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid