add

O‘zbekistondagi avtoraqamlar kuzatuv tizimi internetda ochiq turgani qayd etildi

Bugun 08:586692 daqiqa

O‘zbekiston bo‘ylab ishlayotgan davlat avtoraqam kuzatuv tizimi internetga himoyasiz ulangani ma’lum bo‘ldi, bu esa fuqarolar xavfsizligi va maxfiyligiga jiddiy savollar tug‘dirdi.

O‘zbekistondagi avtoraqamlar kuzatuv tizimi internetda ochiq turgani qayd etildi

O‘zbekiston bo‘ylab yo‘l harakatini nazorat qiluvchi davlat raqam kuzatuv tizimi internetga himoyasiz ulangan holda qolib ketgani aniqlandi. Ushbu tizim orqali mamlakat bo‘ylab o‘rnatilgan yuzga yaqin yuqori aniqlikdagi kameralar avtomobil raqamlari, haydovchilar va yo‘lovchilarni doimiy ravishda qayd etib kelmoqda.

Kiberxavfsizlik tadqiqotchisi Anurag Sen ushbu tizim ochiq qolganini aniqlab, ma’lumotlar bazasiga hech qanday parolsiz ulanish mumkinligini ma’lum qildi. Baza ichida millionlab suratlar, videolavhalar hamda kameralar joylashgan aniq geolokatsiya ma’lumotlari saqlangan. Tizim 2024 yil sentabrda yaratilgan, faol monitoring esa 2025 yil o‘rtalarida boshlangani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumotlar orasida ayrim avtomobillar harakati oylab kuzatilgan holatlar ham qayd etilgan. Masalan, bir haydovchining Chirchiq, Toshkent va Eshonguzar yo‘nalishlaridagi harakati olti oy davomida muntazam qayd etilgan. Bu esa tizim orqali fuqarolarning kundalik hayotini to‘liq xaritalash imkoni mavjudligini ko‘rsatadi.

autocyber 02

Kameralarning GPS-koordinatalarini xaritaga tushirish orqali aniqlangan, davlat raqamlarini o‘quvchi qurilmalar Toshkent, Jizzax, Qarshi (janubda) va Namangan (sharqda) shaharlarida to‘plab joylashtirilgan. Ayrim kameralar esa qishloq joylarda — xususan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hududlarga yaqin yo‘llarda joylashgan.

autocyber 03

Ochiq tizim orqali internetdagi maxsus veb-interfeysga kirish mumkin. Unda operatorlar uchun huquqbuzarlik holatlarini kuzatish va tahlil qilishga mo‘ljallangan maxsus panel mavjud. Bu yerda buzilgan qoidalarga oid yaqindan olingan suratlar, to‘liq videoyazuvlar va atrofdagi boshqa mashinalar aks etgan kadrlar saqlangan. (TechCrunch nashri ushbu material chop etilgungacha davlat raqamlari va odamlarning yuzi kabi shaxsiy ma’lumotlarni yashirgan).

autocyber 04

Tizim Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan boshqarilishi aytilmoqda. Biroq dekabr oyi davomida yuborilgan so‘rovlarga na vazirlik, na O‘zbekistonning komputer hodisalariga javob berish xizmati aniq munosabat bildirgan.

Maqola yozilayotgan paytda mazkur kuzatuv tizimi internetda hanuz ochiq holda qolmoqda.

Bu tizim o‘zini «intellektual yo‘l harakatini boshqarish tizimi» deb ataydi. U Xitoyning Shenjen shahrida joylashgan Maxvision kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Maxvision internetga ulangan yo‘l texnologiyalari, chegara nazorati tizimlari va kuzatuv uskunalari ishlab chiqishga ixtisoslashgan. LinkedIn’dagi videoroliklardan birida kompaniya kameralari «boshidan oxirigacha noqonuniy harakatni qayd etishi» va «huquqbuzarlik hamda harakat ma’lumotlarini real vaqtda namoyon qilishi» ta’kidlangan.

Ushbu kompaniya dunyo bo‘ylab, jumladan, Saudiya Arabistoni, Kuvayt va Meksika kabi davlatlarga ham kuzatuv texnologiyalarini eksport qilgani ma’lum.

Mutaxassislar bunday tizimlar yuqori kiberxavfsizlik talablariga javob bermasa, ular jinoyatchilar, ta’qib yoki noqonuniy kuzatuvlar uchun qo‘l kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Hodisa raqamli kuzatuv va shaxsiy hayot daxlsizligi o‘rtasidagi muvozanat masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.

Teglar

Mavzuga oid