
O‘zbekistonlik ekofaollar 55,7 tonna chiqindi yig‘ishdi
22.09.2025 | 12:1529133
20 sentyabr Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ommaviy plogging aksiyasida mamlakat bo‘ylab hududlar chiqindilardan tozalandi.

«World Cleanup Day» doirasida O‘zbekistonning barcha hududlarida «Hayot uchun joy ajrating» shiori ostida yirik ekologik tadbir o‘tkazildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Chiqindilarni boshqarish agentligi hamda qator kompaniyalar hamkorligida amalga oshirilgan aksiyada jami 55,7 tonna chiqindi yig‘ildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Toshkent dengizi sohilida ham tozalash ishlari o‘tkazilib, 962 kg chiqindi yig‘ildi. Shuningdan 200 kg plastik alohida ajratilib, qayta ishlashga yo‘naltirildi. Jamoalar o‘rtasidagi bellashuvda O‘rmon xo‘jaligi agentligi birinchi, «Yosh ekologlar» ikkinchi, Toshkent viloyati «Toza hudud» korxonasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Tadbirda vazirlik va agentlik mutasaddilari, mahalliy idoralar, yoshlar va eko-faollar qatnashdi. Ularning ta’kidlashicha, chiqindilar muammosi iqlim o‘zgarishi va biohaflikning yo‘qolishiga olib kelmoqda. O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 19-20 ming tonna chiqindi hosil bo‘lib, 2024 yilda jami 14 mln tonna chiqindidan atigi 5,2 foizi qayta ishlangan.
Shu munosabat bilan Chiqindilar agentligi rahbari Sharifbek Hasanov chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, eko-tashabbuslar orqali jamoatchilik ongini o‘zgartirish va chiqindilar hosil bo‘lishini qisqartirish mumkin.
Bu yilgi ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 36,5 tonnali natijadan ikki barobarga yaqin yuqori bo‘ldi. Mutasaddilarning fikricha, bu kabi tadbirlar chiqindilarni asl iqtisodiy resurs sifatida ko‘rishga xizmat qilib, aylanma iqtisodiyot rivojiga turtki beradi.





