
Quddusdagi terakt va inqirozdagi Rossiya kompaniyalari — jahon dayjesti
09.09.2025 | 18:20177413
Dunyoda o‘tgan kunda ro‘y bergan eng muhim voqea-hodisalardan iborat kunlik dayjestni taqdim etamiz.

Videoni YouTubeʼda tomosha qiling:
👉https://youtu.be/7p3OC3exo9I
Tramp Qozog‘istonga borishi mumkinligini aytdi
AQSH prezidenti Donald Tramp Qozog‘istonga tashrif buyurish niyati borligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan yaqinda qiziqarli va ijobiy suhbat bo‘lib o‘tgan.
«U yaxshi inson, unga salom ayting», dedi Tramp jurnalistlarga Oq uyning Janubiy maydonida.
Bu bayonotdan oldin, Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangerin AQSH bilan iqtisodiy aloqalar respublika tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini bildirgan edi. Unga ko‘ra, Ostona AQSH bilan savdo aylanmasini oshirish imkoniyatlarini ko‘rmoqda. Savdo palata va kompaniyalar bilan uchrashuvda hamkorlik to‘siqlari ham muhokama qilingan.
1 avgust kuni Tramp 60 dan ortiq davlat va YeIga nisbatan 15–41 foizlik boj soliqlari joriy etgan. Qozog‘iston uchun esa bu stavka 25 foiz qilib belgilandi. Tramp bu qaror haqida To‘qayevga shaxsan xat orqali ma’lum qilgan.
Qozog‘iston rahbari o‘z javobida kelishuvga erishishga umid bildirdi. Savdo vazirligi esa Vashingtonga vaziyatni yengillashtirish bo‘yicha takliflar taqdim etganini ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, yangi bojlar Qozog‘istonning AQSHga eksportida taxminan 5 foizga ta’sir qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Tramp bilan telefon orqali muloqot qilgan va uni O‘zbekistonga taklif etgan edi. Ushbu tashrif bo‘lishi ehtimoli ham muhokama qilinmoqda.
Istanbulda JXP faoliyati to‘xtashiga qarshi noroziliklar
8 sentyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Jumhuriyat xalq partiyasi yoshlar qanoti tashabbusi bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Ular partiyaning mahalliy yetakchisi O‘zgur Chelikning sud qarori bilan chetlatilishi va partiya faoliyati vaqtincha to‘xtatilishiga qarshi chiqishdi.
Sud qaroriga ko‘ra, 2023 yil oktyabridagi anjumanda delegatlar «sotib olingani»ga oid da’volar asosida Chelik vazifasidan chetlatildi. Uning o‘rniga partiya a’zosi Gursal Tekin rahbarligida vaqtincha ma’muriyat tayinlandi. Bu qaror JXP ichida siyosiy keskinlikni oshirishi mumkin.
Partiyaning Istanbuldagi markaziy binosi oldida soat 23:00 da o‘tkazilgan namoyishda ishtirokchilar sud qarorini bekor qilishni talab qilishdi. Ular partiya erkinligiga tajovuz sifatida baholashdi.
Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunchning bildirishicha, prokuratura ijtimoiy tarmoqlardagi provokativ chiqishlar yuzasidan tekshiruv boshlagan. JXP parlamentdagi 600 o‘rindan 137 tasini egallab turgan mamlakatdagi eng yirik muxolifat partiya hisoblanadi.
7 sentyabr kuni partiya yetakchisi O‘zgur O‘zal yangi partiya tuzish niyati yo‘qligini aytdi. Sud qarorini esa qonuniy asoslardan xoli ekanini ta’kidlab, bir qator savollar qo‘ydi.
Nepalda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga qarshi namoyishlar
Nepal poytaxti Katmanduda ijtimoiy tarmoqlarni bloklash qaroriga qarshi chiqqan yoshlar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvda kamida 14 kishi halok bo‘ldi. Reuters xabariga ko‘ra, yana 50 dan ziyod odam jarohat olgan.
«The Kathmandu Post» nashrining yozishicha, Instagram, Facebook, YouTube va X kabi tarmoqlar vaqtincha to‘silishi ortidan parlament binosi oldida Z avlodi vakillari yig‘ilgan. Politsiya avval boshda suv purkagich va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.
Biroq bu choralar yetarli bo‘lmagan va norozilarni to‘xtatish uchun otishma boshlangan. Qurbonlar soni rasman aniqlanmagan bo‘lsa-da, mahalliy manbalar 14 kishi vafot etganini, ulardan ayrimlari kasalxonada jon taslim qilganini ma’lum qilmoqda.
Hukumat shiddatli namoyishlar ortidan shaharda komendantlik soati joriy etdi. Mahalliy OAV Katmandudagi voqealarni Z avlodi — ya’ni zumerlar harakati sifatida baholamoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarning qayta faollashtirilishi yoki cheklovlarning uzoq davom etishi hozircha noaniq.
Quddusda avtobusga qilingan hujumda 6 kishi halok bo‘ldi
Quddusda ikki noma’lum shaxs 62-yo‘nalishdagi avtobus va uning atrofidagi odamlarga qarata otishma uyushtirdi. Hodisa Ramot yo‘lidagi bekatda ro‘y berdi. Natijada 6 kishi halok bo‘ldi, 10 dan ortiq kishi jarohat oldi.
Isroil armiyasi va qurollangan fuqaro hujumchilarga javoban o‘q uzib, ularni o‘ldirdi. Jarohatlanganlar tezkor ravishda shifoxonalarga yetkazilgan.
Politsiyaga ko‘ra, hujumchilar — Sharqiy Quddusda yashovchi falastinliklar bo‘lgan. Ular Carl Gustaf m/45 avtomatining qo‘lbola nusxasidan foydalangan. Bunday qurol turi mintaqada keng tarqalgan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu hujumga qattiq javob qaytarilishini aytdi. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir xavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirdi.
HAMAS ushbu hujumni Isroilga javob deb baholadi, ammo mas’uliyatni zimmasiga olmadi.
Rossiyadagi korxonalar inqirozga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Rossiyada iqtisodiy sekinlashuv avj olgan bir paytda, kompaniyalarning 57 foizi yil yakunigacha tanazzul kutmoqda. Bu haqda «Opora Rossii» so‘roviga tayangan holda RBK xabar berdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, kompaniyalarning 90 foizi o‘tgan yil davomida yangi sheriklar izlashga majbur bo‘lgan. Korxonalarning 51 foizi optimallashtirish maqsadida xodimlarni qisqartirgan. Shunga qaramay, 73 foiz tashkilotlarda ishchi kuchi yetishmaydi.
67 foiz ishtirokchi so‘nggi uch yilda yangi bozorlarga chiqa olmaganini aytgan. «Do‘stona» davlatlar bilan almashtirish sa’yi 62 foiz kompaniya uchun muvaffaqiyatsiz bo‘lgan. Faqat 12 foiz korxona yangi bozorlarda yaxshi natija qayd etgan.
Ishtirokchilar muammolar ichida kuchli rubl, moliyaviy resurslar yetishmasligi va davlat yordamining kamligini ta’kidlagan. Shuningdek, 64 foiz kompaniya nazorat organlari bosimi oshganini bildirgan.
«Yakov i Partnyori» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida vaziyat yomonlashganini qayd etganlar 34 foizni tashkil etgan.
Fransiya va Germaniya YeIdan «Lukoyl»ga sanksiya so‘ramoqda
Fransiya va Germaniya Yevropa Ittifoqidan Rossiyaning yirik xususiy neft shirkati «Lukoyl»ga qarshi sanksiya joriy etishni rasman taklif qildi.
Bu taklif Rossiyaga nisbatan rejalashtirilayotgan sanksiyalarning 19-paketi doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Yevropa OAVga ko‘ra, Parij va Berlin «Lukoyl»ni Rossiya urushini moliyalashtirayotgan asosiy manba deb hisoblamoqda.
Hujjatda «Lukoyl» faqat Rossiyada emas, balki Yevroittifoq hududida ham — ayniqsa, Belgiyada o‘z yonilg‘i infratuzilmasiga egaligi qayd etilgan. Fransiya va Germaniya bunday ishtirokni xavf deb baholamoqda.
Bundan tashqari, uchinchi davlatlar orqali Rossiya neft mahsulotlarining qayta sotilishi tanqid qilingan va unga qarshi aniq mexanizmlar taklif etilgan.
Hujjatda Rossiyadagi 250 tacha kichik bank urush xarajatlarini moliyalashtirishda faol ishtirok etayotgani, moliyaviy sxemalar orqali sanksiyalardan chetlanish holatlari mavjudligi qayd etilgan.





