add

Sherzodxon Qudratxo‘ja: «Qachongacha o‘zimizga o‘zimiz past nazar bilan qaraymiz?»

Bugun 12:0524545

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda AQSH prezidenti Donald Trampning «ko‘p milliardlik sarmoyalar uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik» bildirgan tviti bilan bog‘liq voqea qanday avj olayotganini kuzatish mumkin.

Sherzodxon Qudratxo‘ja: «Qachongacha o‘zimizga o‘zimiz past nazar bilan qaraymiz?»

Aslida, kommunikatsiyalar bo‘yicha OTM rektori va siyosatshunos sifatida men uchun bu — siyosiy PR, buzg‘unchi kuchlar va jaholat qanday qilib soxta kun tartibini yaratishining yaqqol namunasi.

Bularning barchasi yo o‘ta iqtisodiy savodsizlik, yoki mamlakatimiz uchun g‘oyat muhim bo‘lgan kelishuvlarni obro‘sizlantirishga qaratilgan beadab fitnadir. Ikkalasi ham xavfli.

AQSH prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi postida bo‘lajak investitsiyalar uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi. Shu zahotiyoq dod-voy ko‘tarildi: «Qaranglar, o‘rtahol O‘zbekiston iqtisodan qudratli Amerikaga o‘nlab milliardlarni kiritmoqchi! Bu bema’nilik-ku?!».

Aslida bema’nilik — bu xalqaro iqtisodiy munosabatlarning asoslarini tushunmaslikdir.

Keling, tushunmaganlar (yoki o‘zini tushunmaganlikka solayotganlar) uchun buni tahlil qilib ko‘ramiz.

Tramp, har doimgidek, o‘zining ichki amerikalik auditoriyasi uchun ishlayapti. Uning saylovchilarga asosiy messeji: «Qaranglar, men — kelishuvlar ustasiman (dilmeyker), men butun dunyo AQSHga pul olib kelishini ta’minlayman!». Bu uning o‘ziga xos uslubi, siyosiy brendi. U murakkab, ko‘p qirrali jarayonni olib, o‘z saylovchilari uchun sodda va jozibali shiorga aylantirib berib kelayapti.

Ammo voqelik — bir tomonlama harakatlanadigan ko‘cha emas.

Gap kompaniyalar va davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuvlar haqida ketmoqda. Bu Toshkentdan Vashingtonga pul o‘tkazmasi emas. Milliard-miliard dollarlik tranzaksiyalar emas. Bu Fort-Noksga yo‘l olgan, muhrlangan, oltin ortilgan vagonlar esheloni ham emas. Bu HAMMA yutadigan jarayondir.

Amalda bu nimani anglatadi? Nimagadir hamma inkor etayotgan misolni olaylik.

Mikrochiplar, gadjetlar va harbiy-sanoat majmuasi uchun strategik jihatdan eng muhim xomashyo bo‘lgan noyob metallarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha kelishuvlar.

Nahotki kimdir O‘zbekistonning ishlov berilmagan rudasi ya’ni xarsang toshlar ortilgan yuk mashinalari Pensilvaniya yoki Ohayoda ish o‘rinlari yaratish uchun okean ortiga yo‘l oladi, deb o‘ylasa? Albatta yo‘q!

Mantiq butunlay teskari:

Bu Amerika va xalqaro kompaniyalar O‘zbekistonga sarmoya kiritishi demakdir. Ular o‘zlarining texnologiyalari, nou-xaulari va kapitallari bilan kelishadi. O‘zbekistonda zamonaviy kon-boyitish kombinatlari va qayta ishlash zavodlari quriladi. Ruda xomashyo sifatida chiqib ketmaydi — u yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yarim tayyor va tayyor mahsulotga aylanadi.

Aytishlaricha, amerikaliklar hatto bizda mikrochiplar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda (shu o‘rinda yaqinda internetda mashhur bo‘lgan, qayta ishlash chuqurlashgani sari noyob metallardan olingan mahsulotlar narxining geometrik progressiya bo‘yicha o‘sishi haqidagi rolik yodga tushadi, o‘n dollar turadigan bir kilo temirdan mukammal jarayon natijasida bir million dollar foyda olish mumkindir).

Yuz minglab yangi, yuqori texnologiyali ish o‘rinlari AQSHda emas, aynan shu yerda — O‘zbekistonda, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Qoraqalpog‘istonda yaratiladi. Bu esa O‘zbekistonning butun sanoat zanjirini tubdan modernizatsiya qilishga yordam beradi.

Mamlakatimiz hamkorlar orqali global savdo bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi, AQSH esa (geosiyosiy vaziyat tufayli) beqaror yetkazib beruvchilar zanjirini chetlab o‘tib, o‘ta muhim materiallarning kafolatlangan ta’minotiga ega bo‘ladi.

Ushbu kelishuvlar bo‘yicha investitsiyalar shunchaki chuqur qazib, rudani olib chiqib ketishga yo‘naltirilmaydi. Gap geologiya-qidiruv ishlariga keng ko‘lamli, yuqori texnologiyali sarmoyalar kiritish, O‘zbekiston yer osti boyliklarining zamonaviy xaritasini yaratish haqida ketmoqda. Sun’iy yo‘ldosh tahlili, seysmik zondlash va Big Data texnologiyalaridan foydalangan holda xalqaro kompaniyalar noyob metall konlarining ANIQ hajmi va joylashuvini aniqlashga yordam beradi.

Provokatorlar ayyorlik bilan tilga olinmagan asosiy bonus shundaki, noyob metallarga boyigan rudalar yotgan jo‘g‘rofiyani geologiya qilish jarayonida yo‘l-yo‘lakay barcha foydali qazilmalarning to‘liq raqamli inventarizatsiyasi o‘tkaziladi. Bu shuni anglatadiki, biz bir vaqtning o‘zida bugungi kunda faqat taxmin qilishimiz mumkin bo‘lgan mis, kumush, oltin, platina, litiy, uran va boshqa qimmatbaho resurslar zaxiralari bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘lamiz.

Bundan tashqari, qazib olish bo‘yicha kelishuvlar, xuddi boshqa yirik investitsiya loyihalari kabi, infratuzilmaviy keskin o‘sishni amalga oshirishga yordam beradi, bundan esa transport sohasi va logistika manfaatdor bo‘ladi. Bilamizki, dengiz portiga chiqish uchun ikkita davlatni kesib o‘tishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston kabi mamlakat uchun bu hayotiy muhim ahamiyatga ega. Ammo, bizning beadab tarmoq chayqovchilari albatta bu haqida ham sukut saqlashadi. Mahsulotni eksport qilish uchun zamonaviy avtomobil va temir yo‘llari, yangi logistika markazlari va terminallar kerak bo‘ladi. Bu multimodal tashuvlarning rivojlanishiga va pirovardida O‘zbekistonning global qo‘shimcha qiymat zanjirlariga xomashyo donori sifatida emas, balki jiddiy sanoat ishtirokchisi maqomida yanada chuqurroq integratsiyalashuviga olib keladi.

Shunday qilib, ushbu qazib olish bo‘yicha kelishuvlar O‘zbekistonning Amerika iqtisodiyotiga bir tomonlama sarmoyasi emas, balki mamlakatimizning kelajakdagi suvereniteti va iqtisodiy xavfsizligiga qo‘shilgan strategik hissadir.

Men bu yerda imzolangan kelishuvlarning faqat bir yo‘nalishi — foydali qazilmalarni qazib olishni tahlil qildim. Ammo hujjatlar imzolangan barcha sohalarda ham o‘zaro manfaatli hamkorlikning bunday misollari mavjud. Aks holda, ular shunchaki imzolanmagan bo‘lar edi.

Qolaversa, FLSmidth, McKinsey, GM, META, Google, Amazon, Boeing, Air Products, Axiom Space, Cove Capital, Freeport-McMoRan, Orion CMC, Cargill Cotton, John Deere, Honeywell, Valmont Industries, Flowserve Corporation va boshqa ko‘plab o‘z sohalarida jahon yetakchilari bo‘lgan kompaniyalar bilan hamkorlik qilish eng yangi texnologiyalar hamda korporativ boshqaruv va samaradorlikning ilg‘or tajribalaridan foydalanish imkonini beradi.

Ammo kimlargadir bu shartnomalarni O‘zbekiston tomonidan jahon gegemoniga to‘lanayotgan kamsituvchi «o‘lpon» sifatida ko‘rsatish foydali, shekilli. O‘zbekistonning jahon sahnasida kuchli, mustaqil va zamonaviy ishtirokchiga aylanishidan qo‘rqadiganlarga. «Bizni sotib yuborishmoqda!» deb baqiradigan har xil tarmoq populistlariga. Shuningdek, strategik muhim mintaqada AQSHning yangi qudratli hamkori paydo bo‘lishi manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydiganlarga.

Shu sababli, fursatdan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarimiz auditoriyasidan arzon provokatsiyalarga aldanmaslikni so‘ramoqchiman. Bu O‘zbekistonning Amerikaga sarmoya kiritishi emas. Bu dunyoning O‘zbekistonga sarmoya kiritishidir, O‘zbekiston esa, nihoyat, o‘zining strategik salohiyatidan oqilona va puxta foydalanmoqda. Va bu holat uni jahon iqtisodiyotining chekkasida ko‘rishga o‘rganib qolganlarning g‘ashini keltiradi. Ularning o‘yiniga aldanmang.

Yana bir narsa meni bo‘g‘zimni siqadi: qachongacha biz o‘zimizga, davlatimizga, imkoniyatlarimizga past nazar bilan qaraymiz? Sho‘rolar davridan qolgan bu sarqit qachon qonimizdan chiqib ketarkan? Odat qilaylik yuksaklikni, yaxshilikni o‘zimizga ravo ko‘rishni, eski komplekslardan qutulish davri keldi endi…

Sherzodxon QUDRATXO‘JA,

siyosiy fanlar doktori, professor.

 

Teglar

Mavzuga oid

Sherzodxon Qudratxo‘ja: «Qachongacha o‘zimizga o‘zimiz past nazar bilan qaraymiz?» | Vaqt.uz