add

«Tolibon» butun Afg‘onistonni simli internetdan uzib qo‘ydi

30.09.2025 | 11:02458411

«Tolibon» Afg‘oniston hududining katta qismlarida optik internetni o‘chirdi. Bu qaror mahalliy aholi tomonidan qattiq tanqid qilindi. Odamlar dunyodan mutlaq uzilishdan qo‘rqmoqda.

«Tolibon» butun Afg‘onistonni simli internetdan uzib qo‘ydi
Maryam (ismi o‘zgartirilgan) «Tolibon» hokimiyatga kelgach, ayollarga ko‘plab sohalarda ishlash taqiqlanganidan so‘ng, onlayn tarjimalar orqali oilasi uchun rizq topib yurardi. Biroq o‘tgan hafta hukumatni nazorat qilayotgan «Tolibon» butun mamlakat bo‘ylab optik internetni o‘chirgach, Maryamning yashash vositasi xavf ostida qoldi, deb yozmoqda RFE/RL ning afg‘on xizmati Natijada hukumat muassasalari, uylar va xususiy korxonalar internetsiz qoldi — bu ko‘plab viloyatlar va yirik shaharlarga taalluqli.
«Biz internetning o‘chirilishi ortidan juda katta muammolarga duch keldik, — deydi mamlakat shimolidagi Mazori-Sharif shahrida yashovchi Maryam. — Men oilamning boquvchisiman».
«Tolibon» 15 sentyabrdan boshlab internet o‘chirilishi axloqsizlik tarqalishining oldini olish uchun amalga oshirilganini bildirdi. Guruh avval ham internet orqali tarqalayotgan pornografiya va «shahvoniy madaniyat» haqida xavotir bildirgan edi. Tanqidchilar esa bu choralarni «Tolibon»ning so‘z erkinligi va shaxsiy huquqlarini bo‘g‘ish siyosati deb baholamoqda. Harakat 2021 yilda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, ayniqsa ayollar huquqlarini keskin chekladi, so‘z erkinligi esa qattiq nazoratga olindi. AQSH Davlat departamenti vakili Elizabet Stiknining izohida «Tolibon»ning bunday cheklovlari «katta xavotir» uyg‘otishini aytdi va bu oddiy afg‘onlar hayoti hamda iqtisodiga salbiy ta’sir qilishini ta’kidladi. 2024 yil oktyabrida «Tolibon» odamlar va hayvonlar tasvirini taqiqlashga ham o‘tgan edi. Bu cheklov kompyuter va mobil telefonlarda «tirik mavjudotlar aks etgan foto va videolarni yaratish va tomosha qilish»ni qamrab oladi. Tahlilchilarning fikricha, keng polosali internetning o‘chirilishi Afg‘onistonni yanada ko‘proq dunyodan uzib qo‘yadi. Mamlakat «Tolibon» boshqaruvida xalqaro sahnadagi yakkallangan holatida qolishi mumkin. Hozircha poytaxt Kobulda internet cheklovi joriy etilmagan. Ushbu chora butun mamlakatda amalga oshiriladimi — hozircha ma’lum emas. Mobil internet hali ham ko‘pchilik hududlarda ishlayapti, biroq uning sifati yomonlashgan, narxi esa oshib ketgan.   Ayollar uchun yagona «qutqaruv halqasi» Afg‘onistondagi ayollar uchun internet «qutqaruv halqasi»ga aylangandi — 2022 yilda «Tolibon» tomonidan ishlash va o‘qish taqiqlanganidan so‘ng ular faqat onlayn faoliyat orqali yashash imkoniga ega edi. Shunday ayollardan biri — Surayyo (ismi o‘zgartirilgan), u Kobuldagi uyidan turib xalqaro tashkilotda masofaviy ishlagan.
«Biz, afg‘on ayollari, allaqachon juda og‘ir ahvoldamiz, — deydi u. — Hozirgi sharoitda o‘zimizni va oilamizni boqishning yagona yo‘li — onlayn ish».
Surayyoning ta’kidlashicha, internetning o‘chirilishi ularning hayotini yanada qiyinlashtiradi: «Men bu so‘nggi umid va ishimdan ham mahrum bo‘lishdan qo‘rqaman». Afg‘on ayollari va o‘smir qizlar ta’lim taqiqlangandan so‘ng, masofaviy ta’limga o‘tgandi. Energiya ta’minoti va internetdagi vaqtincha uzilishlar ham bu jarayonga xalaqit berib kelayotgan edi. Endi esa internetning to‘liq o‘chirilishi ularni o‘qish imkoniyatidan mutlaqo mahrum qiladi.
«Maktabdan haydalganimdan so‘ng Wi-Fi menga o‘zimni qayta topish imkonini berdi, — deydi Nazifa. U maktabning to‘qqizinchi sinfida o‘qigan, ammo “Tolibon”ning taqiqlari tufayli o‘qishdan chetlatilgan. — Endi esa Wi-Fi ham o‘chirildi. Har qanday umidim so‘ndi».
«Men imtihon topshirdim, juda ko‘p o‘qidim», — qo‘shimcha qiladi u.   Diniy asossiz taqiq «Tolibon» o‘zining qat’iy siyosatini asoslash uchun shariat qonunlariga ishora qilsa-da, islom ulamolari internetni o‘chirish qarori hech qanday diniy asosga ega emasligini ta’kidlamoqda. Qatarda joylashgan Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqi a’zosi Fazl al-Hadiy Vazinga ko‘ra, «Tolibon» faqat pornografiya yoki zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi saytlarga cheklov qo‘yishi mumkin. Ammo internetni to‘liq o‘chirish — muammoning yechimi emas.
«Internetni cheklash yoki taqiqlash diniy jihatdan hech qanday asosga ega emas, — dedi Vazin o‘z intervyusida. — Agar biror narsa noto‘g‘ri maqsadda ishlatilishi mumkin bo‘lsa, bu uni umuman taqiqlashni anglatmaydi».
Uning fikricha, internetni o‘chirish «mamlakatni taraqqiyot va rivojlanish uchun muhim vositadan mahrum qiladi». Afg‘onistondagi iqtisodiy inqiroz — kambag‘allik, ochlik va ishsizlik fonida kengaytirilgan internet taqiqlari vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin. Mamlakat janubidagi Qandahor shahrida xususiy kompaniyaga ega bo‘lgan Muhammadning ta’kidlashicha, internetning o‘chirilishi uni mijozlar va yetkazib beruvchilar bilan aloqadan butunlay uzdi.
«Bu hozirgi kunda ishimizni to‘liq falaj qilib qo‘ydi, — dedi u. — XXI asrda butun dunyo internetga bog‘langan, uning yo‘qligi iqtisodiy muammolarimizni og‘irlashtiradi».
Jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar ham ushbu cheklovni keskin tanqid qildi.
«Keng polosali internetni taqiqlash — senzuraning mislsiz kuchayishi bo‘lib, jurnalistlarning faoliyati va jamoatchilikning axborotga bo‘lgan huquqini izdan chiqaradi, — deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Osiyo dasturi koordinatori Be Li Yi. — «Tolibon» qatag‘onlarni bas qilishi va axborot manbai bo‘lgan internetga to‘liq kirishni tiklashi lozim».

Teglar

Mavzuga oid