
Toshkentda noqonuniy diniy ta’lim berayotganlar qo‘lga tushdi
21.07.2025 | 09:4344152
Toshkent viloyatidagi ikki tumanda diniy ta’limni noqonuniy yo‘l bilan amalga oshirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bolalarga ruhsatsiz diniy saboq berganlar va ularning ota-onalariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, ishsiz fuqarolar tomonidan tashkil etilgan noqonuniy diniy ta’lim o‘choqlari aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 21 yoshli fuqaro Zangiota tumanidagi o‘z xonadonida 31 nafar bolaga, 43 yoshli boshqa bir shaxs esa Toshkent tumanidagi xonadonlardan birida 12 nafar voyaga yetmaganga diniy dars o‘tgan. Har ikki holatda diniy ta’lim berish uchun hech qanday rasmiy ruhsat va litsenziyalar mavjud bo‘lmagan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur fuqarolarning noqonuniy faoliyati to‘xtatildi. Shunga qo‘shimcha, bolalarni nazoratsiz qoldirgan va ta’limga yo‘l qo‘ygan ota-onalarga nisbatan ham qonunbuzarlik belgilari asosida choralar ko‘rilgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha qonunlarda belgilangan tartibda jazo tayinlangani, hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etayotgani ma’lum qilindi.





