
Turkiyada Rossiya-Ukraina muzokaralarining uchinchi bosqichi boshlandi
23.07.2025 | 23:3029774
Bugun, 23 iyul kuni Istanbulda rossiyalik va ukrainalik muzokarachilarning uchrashuvi boshlandi.

TASS va Interfax nashrlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari rahbarlari Vladimir Medinskiy va Rustem Umerov hozirda yakkama-yakka muzokaralar olib bormoqda. RBK-Ukraina esa, yakkama-yakka muzokaralar bo‘lmaganini va hozircha Medinskiy, Umerov va Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan o‘rtasida dastlabki uchrashuv bo‘lib o‘tganini da’vo qilyapti.
Ertalab Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralarning asosiy mavzusi 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvda almashilgan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi memorandumlarni muhokama qilish bo‘lishini aytdi. U muzokaralardan jiddiy yutuq kutmaslikka chaqirib, tomonlar pozitsiyalari «diametrik tarzda qarama-qarshi» ekanini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, o‘z navbatida, muzokaralar oldidan ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina delegatsiyasi «zudlik bilan va to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish» zarurligini ta’kidlab o‘tishini aytdi.
Shu bilan birga, «Ukrainskaya pravda» manbalari Kiyev vakillarining asosiy vazifasi, gumanitar masalalardan tashqari, Zelenskiy va Vladimir Putin o‘rtasida bevosita uchrashuv tashkil etish bo‘lishini xabar qildi.
Muzokaralar boshlanishidan avval Ukraina delegatsiyasi Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘on bilan uchrashdi va u bilan Rossiya, Ukraina, AQSH va Turkiya rahbarlarining to‘rt tomonlama uchrashuvini muhokama qildi.
Ukraina va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi joriy yilning 16 may kuni, ikkinchisi 2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tdi.Ushbu muzokaralar davomida tomonlar asirlar va yaradorlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ular hatto vaqtinchalik sulh bo‘yicha ham kelishuvga erisha olmadilar.





