
Ukrainada 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi qulday ishlatildi
19.09.2025 | 20:0747795
Ular hatto hojatxonaga ham jadval asosida borgan. Jabrlanuvchilarning mehnat va yashash sharoitlari «nihoyatda tahqirlovchi» bo‘lib, ularning harakatlanishi qattiq nazorat ostida cheklangan.

Ukrainaning Kiyev oblastida 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini qul sifatida ishlatgan jinoiy guruh fosh etildi. Ukrainaning Kiyev oblasti prokuraturasi xabar berishicha, Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi boshchiligidagi jinoiy guruh ularni aldash yo‘li bilan Ukrainaga olib kirib, majburiy mehnatga jalb etgan.
Amaliyot asosida ikki nafar Xitoy fuqarosi, bir nafar O‘zbekiston va bir nafar Ukraina fuqarosi qo‘lga olingan. Ularga Ukraina Jinoyat kodeksining 149-moddasi 2-qismi («Oldindan til biriktirgan holda odam savdosi bilan shug‘ullanish») bo‘yicha ayb qo‘yilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar uy-joyi va ishi yo‘q, og‘ir moddiy ahvoldagi ijtimoiy jihatdan zaif shaxslarni aldash hamda majburlash orqali jalb qilgan.
Qurbonlar chetdan Kiyev oblastiga olib kelingan va foyda topish maqsadida qul sifatida ishlatilgan.
Jinoyatchilar qurbonlarni nazorat qilish uchun ularning erkin harakatlanishini cheklagan, doimiy majburlash va tahdidlar orqali ularni ekspluatatsiya qilgan. Hatto hojatxonaga borish ham belgilangan jadval asosida amalga oshirilgan, eng kichik qoidabuzarlik uchun esa jazolar qo‘llanilgan.
Jinoiy guruh 2 yoshdan 42 yoshgacha bo‘lgan 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini topib, ularga yuqori ish haqi va’da qilishgan. Ukrainaga kelganlaridan so‘ng, ularning pasportlari tortib olingan va Kiyev oblastidagi ikki qishloq xo‘jaligi korxonasida majburiy mehnatga jalb qilinib, noqonuniy ushlab turilgan. Xabarda ta’kidlanishicha, jabrlanuvchilarning mehnat va yashash sharoitlari «nihoyatda tahqirlovchi» bo‘lib, ularning harakatlanishi qattiq nazorat ostida cheklangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar odam savdosi moddasiga asosan jinoiy ish qo‘zg‘atishdi. Ushbu jinoyat uchun eng og‘ir jazo 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi. Tintuvlar davomida ushlangan shaxslardan qariyb 3 million grivna miqdoridagi pul mablag‘lari, beshta avtomobil, bank kartalari va O‘zbekiston fuqarolarining pasportlari musodara qilindi.
«Qo‘lga olingan to‘rt nafar shaxsga og‘ir jinoyat bo‘yicha rasman ayb e’lon qilindi. Ularga nisbatan qamoqda saqlash chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda», - deyiladi xabarda.





