Yirik miqdorda zararda bo‘lgan «Kvars» foydaga qaytdi

05.03.2026 | 20:352 daqiqa

Uch yil oldin xususiylashtirib, yana davlatga qaytarilgan O‘zbekistondagi eng yirik shisha ishlab chiqaruvchi korxona 2024 yilda 141,6 mlrd so‘m zarar ko‘rgan edi.

Yirik miqdorda zararda bo‘lgan «Kvars» foydaga qaytdi

2025 yilda «Kvars» AJning sof foydasi 1,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. 2024 yilda kompaniya 141,6 mlrd so‘m zarar ko‘rgan edi. Bu haqda kompaniyaning moliyaviy hisobotlarida keltirilgan.

Hisobotlarda qayd etilishicha, 2025 yilning yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning yillik sof tushumi 593,4 mlrd so‘m bo‘lgan bo‘lsa, ishlab chiqarish xarajatlariga 454 mlrd so‘m sarflagan. Yalpi foyda esa 147,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.

2024 yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, sof tushum 2025 yilda 521,9 mlrd so‘mdan 593,3 mlrd so‘mga o‘sgan, ishlab chiqarish xarajatlari esa 503 mlrd so‘mdan 454,4 mlrd so‘mga kamaygan. Yalpi foyda ham 19,1 mlrd so‘mdan 147,9 mlrd so‘mga ko‘paydi.

2025 yil yakuniga kelib kompaniyaning uzoq muddatli kreditlar hajmi 195,3 mlrd so‘mdan 87,6 mlrd so‘mga, qisqa muddatli kreditlar va qarzlar esa 126,6 mlrd so‘mdan 95,7 mlrd so‘mga kamayganini kuzatish mumkin.

Kompaniya haqida 

«Kvars» kompaniyasi Markaziy Osiyodagi shisha idishlar, avtomobil sanoati uchun shishalar, shuningdek, o‘tga chidamli g‘isht, butilkalar, varaqli sayqallangan, rangli va toblangan shisha ishlab chiqaruvchi eng yirik korxona bo‘lib, 1975 yilda ishga tushirilgan. 

Korxona mahalliy qurilish shishasi bozorida shisha qadoqlari va listlari ishlab chiqarishning qariyb 50 foizi hamda shisha bankalar ishlab chiqarishning 95 foizi ulushiga ega bo‘lgan monopolist hisoblanadi. 

«Kvars»ni xususiylashtirish

2023 yilda korxonaning Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi UzAssets investitsiya kompaniyasiga tegishli 89,78 foiz aksiyalar paketi sotilgandi. Uni UCG xoldingi tarkibidagi «Quvasoysement» AJ 265 mlrd so‘mga sotib olgandi. Bitim doirasida xaridor zavodning 47,2 million yevro miqdoridagi kredit majburiyatlarini to‘liq qoplashni o‘z zimmasiga olishi kerak edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Quvasoysement» AJ 265 mlrd so‘m sotib olish to‘lovlarini uch yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lashi shart bo‘lgan.

Ammo oradan ikki yil o‘tib, 2025 yilda «Kvars» AJ ustav kapitalidagi 89,78 foiz aksiyalar paketini sotib olish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdagi qiyinchiliklari tufayli, shartnoma tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra bekor qilinib, kompaniyaning nazorat paketi yana davlat tasarrufiga o‘tdi.

«265 mlrd so‘m to‘lashga «Quvasoysement»ning moliyaviy imkoniyati o‘sha paytdayoq ma’lum ediku. Harqalay, ikki yil avvalgi «Quvasoysement» hisobotida mavjud likvidlikka qo‘shib, debitorlarini ham to‘liq undirganidayam bitimga yetarli pul chiqmasdi. Nahotki, shunchaki oddiy moliyaviy hisobotlarni o‘qiy olishmagan? Nahotki, xususiylashtirish bitimlarida to‘lovga layoqatlilik asosiy mezon emas? Agar bunday bo‘lmasa, to‘lovga layoqatlilik emas, g‘olibni aniqlashda va’dalar asosiy mezon bo‘lsa, bu Antikorrupsiya o‘rganishi kerak bo‘lgan g‘irt korrupsion keysku!», — deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.

E’tiborli jihati shundaki, «Kvars» AJ xususiylashgan yillarda doim zararda bo‘lgan. 2021 yilda 54,7 mlrd so‘m, 2022 yilda 64,3 mlrd so‘m sof foyda olgan kompaniya 2023 yilda 21,7 mlrd so‘m, 2024 yilda 142 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. 2025 yilda yana davlat nazoratiga o‘tgandan so‘ng foyda qilishni boshlagan.

Teglar

Ruxsora Jovliyeva

Ruxsora JovliyevaMaqolalar soni: 951

Barchasi

Mavzuga oid