Zargarlarga QQSning 80 foizi qayratiladi
Zargarlik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga QQSning bir qismini qaytarish tartibi belgilandi.

O‘zbekistonda zargarlik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etildi. Hukumatning 2024 yil 7-noyabrdagi 745-son qaroriga kiritilgan qo‘shimchalar asosida QQSning bir qismini qaytarish tartibi belgilandi.
Yangi tartibga ko‘ra, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ularni chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 2026 yil 1-yanvardan boshlab budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 80 foizi qaytariladi.
Qayd etilishicha, mazkur tartib vaqtinchalik hisoblanadi va 2028 yil 1-yanvarga qadar amal qiladi. Bu orqali sohadagi tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish va soyani qisqartirish maqsad qilingan.
Tadbirkorlar soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, ammo 3 oydan kechiktirmasdan, to‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilish huquqiga ega. Murojaatlar avtomatlashtirilgan dastur orqali ko‘rib chiqiladi.
Qanday qaytariladi?
Soliq mablag‘larini qaytarish bir qator shartlar bajarilganda amalga oshiriladi. Jumladan, hisoblangan soliq belgilangan muddatda to‘liq to‘langan bo‘lishi, tushumning kamida 80 foizi zargarlik mahsulotlari savdosidan shakllangan bo‘lishi va barcha operatsiyalar to‘g‘ri identifikatsiya kodlari bilan rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart.
Shuningdek, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar uchun soliq bazasi mahsulotni sotish narxi bilan uning tarkibidagi qimmatbaho metall va toshlar qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq asosida hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshgnligi haqida xabar berilgan edi.





