1,7 million ziyoratchi va aqlli boshqaruv — Haj-2026 mavsumi qanday o‘tdi?

Бугун 09:283 дақиқа

Saudiya Arabistoni 2026 yilgi Haj mavsumini 1,7 milliondan ortiq ziyoratchi ishtirokida yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt va kuchaytirilgan xavfsizlik choralari yordamida tashkil qildi.

1,7 million ziyoratchi va aqlli boshqaruv — Haj-2026 mavsumi qanday o‘tdi? © Reuters

2026 yil 27-may kuni Qurbon Hayiti nishonlanishi bilan joriy yilgi Haj mavsumi ham yakunlandi. Saudiya Arabistoni rasmiylari ushbu mavsumni ziyoratchilarni boshqarish, texnologik integratsiya va jamoat salomatligini ta’minlash sohalarida namunaviy tarzda tashkil etilganini ma’lum qildi.

Ziyoratchilar soni

Saudiya Arabistoni Statistika bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil 165 davlatdan jami 1 million 707 ming 301 nafar ziyoratchi Haj amallarini bajardi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,04 foizga yuqori. Ularning 1 million 546 mingdan ortig‘i xorijdan kelgan bo‘lsa, 160 ming 646 nafarini Saudiya fuqarolari va mamlakatda yashovchi rezidentlar tashkil qildi.

Ziyoratchilarning asosiy qismi havo transporti orqali keldi. Aeroportlar orqali 1 million 485 ming 729 nafar, quruqlik chegaralari orqali 54 ming 429 nafar, dengiz portlari orqali esa 6 ming 497 nafar ziyoratchi mamlakatga kirib keldi. Jami ziyoratchilarning 893 ming nafari erkaklar, qariyb 814 ming nafari esa ayollardan iborat bo‘ldi.

Bepul haj imkoniyati

Saudiya qiroli Salmon bin Abdulaziz tashabbusi bilan «Haj, Umra va ziyorat dasturi» doirasida 2500 nafar xorijlik ziyoratchi bepul haj qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, davlat dasturi asosida Yamandan kelgan 44 mingdan ortiq ko‘chirilgan shaxslar va qochqinlar ham Haj amallarini bajardi. Vataniga qaytayotgan ziyoratchilarga 80 tilga tarjima qilingan 1,9 million nusxadagi Qur’oni Karim tarqatildi.

Aqlli texnologiyalar xizmati


Haj davomida sog‘liqni saqlash tizimi ziyoratchilarga 2,5 milliondan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatdi. Tibbiy robotlar, dronlar va aqlli soatlar kabi zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanildi. Xususan, robotlar yordamida 410 ta murakkab operatsiya o‘tkazildi, shundan 33 tasi ochiq yurak jarrohligi bo‘ldi.

1


Sun’iy intellekt asosida ishlovchi «SAWAHER» platformasi 16 ta algoritm va 5000 ta kuzatuv kamerasi orqali 1,7 millionlik ziyoratchi harakatini nazorat qildi. Bu tizim xavfsizlikni ta’minlash va tirbandliklarning oldini olishda muhim rol o‘ynadi.

Mavsum davomida mamlakat bo‘ylab 712 milliondan ortiq oziq-ovqat va ichimlik mahsulotlari yetkazib berildi. Haj yakunlangach, 22 ming nafar kommunal xizmat xodimi Makka va muqaddas qadamjolardan 266 ming tonnadan ziyod chiqindini olib chiqdi.

Hajdan keyingi vazifalar

Haj tugaganidan so‘ng Saudiya rasmiylari muqaddas hududlarni kelasi mavsumga tayyorlash ishlarini boshladi. Minodagi vaqtinchalik inshootlar tekshirilmoqda, ta’mirlanmoqda yoki qayta foydalanish uchun saqlanmoqda. Shu bilan birga, yo‘llar, tunnellar, suv va elektr tarmoqlari ham texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

2


Mutaxassislar fikricha, Hajdan keyingi eng katta masalalardan biri chiqindilarni boshqarish hisoblanadi. Qisqa vaqt ichida katta hajmdagi maishiy, tibbiy va qurbonlik chiqindilarining yig‘ilishi tizimga katta bosim yuklamoqda. Shu sababli qirollik xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va barqaror yechimlarni joriy etishga e’tibor qaratmoqda.

Noqonuniy ziyoratchilarga qarshi choralar


Haj mavsumi davomida xavfsizlik tadbirlari ham kuchaytirildi. 21–27-may kunlari o‘tkazilgan reydlar natijasida 8 ming 90 nafar noqonuniy rezident qo‘lga olindi. Ularning 4,2 ming nafari iqomat qoidalarini, 2,6 ming nafari chegara qonunchiligini, 1,1 ming nafari esa mehnat qonunchiligini buzgan.

Shuningdek, 7 ming 466 nafar shaxs mamlakatdan deportatsiya qilindi. Noqonuniy ravishda chegarani kesib o‘tishga uringan 1,1 ming kishi ushlangan bo‘lib, ularning asosiy qismini Yaman va Efiopiya fuqarolari tashkil qildi. Noqonuniy ziyoratchilarga yordam bergan 13 nafar shaxs ham javobgarlikka tortildi. Saudiya Ichki ishlar vazirligi bunday harakatlar uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 1 million riyolgacha jarima qo‘llanilishini eslatdi.

Umra mavsumi

Haj yakunlanishi bilan Saudiya Arabistoni yangi Umra mavsumini ham boshladi. 31-maydan Umra vizalari berish jarayoni yo‘lga qo‘yildi. Yangi taqvimga muvofiq, ziyoratchilar 1-iyundan Makkaga kirishi va «Nusuk» platformasi orqali ruxsatnoma olishi mumkin. Umra vizalarini berish 2027 yil 9-martgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning haj mavsumi doirasida O‘zbekistonning 9 ta shahridan jami 15 130 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga bordi.

Теглар

Мавзуга оид