AQSH Isroil bilan birga neft va gaz narxlarini «portlatdi»
Eronga qarshi zarbalar ortidan jahon bozorida energiya resurslari keskin qimmatlashdi.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti global neft va gaz bozorida shiddatli sakrashni keltirib chiqardi. Hujumdan keyingi ilk savdo kunida «Brent» markali neft fyucherslari 13 foizga oshib, bir barrel uchun 81,5 dollarga yetdi va o‘tgan yil yanvaridan beri eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Yevropada esa tabiiy gaz narxi qariyb 40 foizga qimmatladi.
Bozorda «xavf ustamasi»
2-mart oqshomiga kelib neft 78,6 dollargacha pasaygan bo‘lsa-da, ertasi kuni yana 83 dollardan oshib, hatto qisqa muddatga 85 dollarlik marrani ham ortda qoldirdi. Ekspertlar geosiyosiy xavf-xatarlar saqlanib qolsa, bir barrel neft narxi 110 dollargacha yetishi mumkinligini istisno qilmayapti.
«TRT» nashriga izoh bergan «Finansologiya» universiteti asoschisi Yuliya Kuznetsovaga ko‘ra, bozor zudlik bilan kotirovkalarga «xavf ustamasi»ni qo‘shgan.
Asosiy xavotirlar — energiya tashuvchilar ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq. Birinchi navbatda, jahon eksportining sezilarli qismini ta’minlaydigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berish xavf ostida.
Tankerlar harakati to‘xtagan
«Kpler» tahliliy kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda bu bo‘g‘oz orqali kuniga 13 million barrel neft o‘tgan, bu jahon dengiz orqali tashiladigan neftining 31 foiziga teng.
Shu bilan birga, Reuters agentligining xabar berishicha, yirik neft kompaniyalarining aksariyati va tanker egalari neft mahsulotlari va suyultirilgan tabiiy gaz ortishni to‘xtatgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, xomashyo ortilgan kamida 150 ta tanker Basra ko‘rfazida langar tashlagan. Yana o‘nlab tankerlar Ummon ko‘rfazida turibdi.
Eron TIV rahbari Abbos Aroqchiy «Al-Jazira»ga bo‘g‘ozni yopish rejasi yo‘qligini aytgan. Biroq amalda tankerlar harakati beqarorlashgan.
Xitoy faktori
Qayd etilishicha, Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qamal qilishdan asosiy xomashyo xaridorlari bo‘lgan Xitoy va Hindiston to‘xtatib turibdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Eron rasmiylariga energiya resurslari eksportini izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilish borasida bosim o‘tkazmoqda, deb yozadi Reuters.
Xitoy importining qariyb 65 foizi Yaqin Sharq hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois, mojaro cho‘zilsa, nafaqat energiya bozori, balki global inflatsiya va iqtisodiy o‘sish sur’atlari ham bosim ostida qolishi mumkin.





