Logo

AQSH va Rossiya milliardlab dollarlik neft bitimini muhokama qilmoqda — OAV

Ehtimoliy kelishuvni Vashington Ukraina hududidagi harbiy harakatlar yakunlanishidan oldin tuzishni taklif qilgan. Qo‘shma Shtatlar bitimda Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi orqali ishtirok etmoqda, ishtirokchilar sifatida amerikalik moliyachi, shuningdek, Qatar va BAA biznesmenlari ham tilga olingan.

AQSH va Rossiya milliardlab dollarlik neft bitimini muhokama qilmoqda — OAV © Shutterstock

Moskva va Vashingtonning Ukraina bo‘yicha muzokaralari «endi kengayib, milliardlab dollarlik neft bitimini ham o‘z ichiga olgan». Bu haqda «The New York Times» xabar berdi.

Nashr muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarga tayanib, gap butun dunyo bo‘ylab «Lukoyl»ga tegishli neft konlari, neftni qayta ishlash zavodlari va avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari haqida ketayotganini yozmoqda. Ular qatoriga AQSHdagi AYQSHlar, Sharqiy Yevropadagi neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa hududlardagi neft konlari kiradi.

Qayd etilishicha, ehtimoliy kelishuvni AQSH Ukraina hududidagi harbiy harakatlar yakunlanishidan oldin tuzishni taklif qilgan. AQSH bitimda Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi orqali ishtirok etmoqda, ishtirokchilar sifatida amerikalik moliyachi Todd Boulini, shuningdek, Qatar va BAA biznesmenlari ham tilga olinmoqda.

Nashrning yozishicha, bitim masalasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning prezident Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan sentabr oyidagi uchrashuvida ham ko‘tarilgan.

Ma’lumot uchun, «Lukoyl» — dunyodagi eng yirik vertikal integratsiyalashgan neft-gaz kompaniyalaridan biri. Uning ulushiga jahon neft qazib olishining 2 foizdan ortig‘i va tasdiqlangan uglevodorod zaxiralarining qariyb 1 foizi to‘g‘ri keladi.

Теглар

Мавзуга оид