AQSHda 1 mln dollar yutgan migrant ko‘p o‘tmay qo‘lga olindi
Erkak 10 dollarlik lotereya chiptasi orqali million dollar yutib olgan. Biroq uning AQSHda qonuniy yashash huquqi bo‘lmagani sababli yutuqni qo‘lga kiritganidan olti kun o‘tib hibsga olingan.
© Fox newsAQSHning Massachusets shtatida 1 mln dollarlik lotereya yutug‘ini qo‘lga kiritgan salvadorlik migrant Ariel Antonio Velaskes-Morales Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) xodimlari tomonidan hibsga olindi. Bu haqda «Fox News» xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkak 18-noyabr kuni 10 dollarga sotib olgan «$2,000,000 50X Cashword» nomli lotereya chiptasi orqali 1 mln dollar yutgan. 21-noyabr kuni shtat lotereyasi tashkiloti uning katta ramziy chek bilan tushgan suratini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan.
Biroq 24-noyabr kuni ICE xodimlari uni Boston shahrining Ist-Boston hududida qo‘lga olgan. Nashr manbalariga ko‘ra, erkak hibsga olinish vaqtida qochishga uringan, ammo ko‘p o‘tmay ushlangan.
Nashrga ko‘ra, Velaskes-Morales 2013-yilda Texas shtatidagi Roma shahri yaqinida AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan. 2014-yil aprel oyida unga nisbatan mamlakatdan deportatsiya qilish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarilgan. Shundan buyon u immigratsiya xizmati tomonidan qidiruvda bo‘lgan.
Massachusets shtatida 18 yoshga to‘lgan shaxslar AQSH fuqarosi bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar, lotereya chiptalarini sotib olishi mumkin. Shu bois nashr Massachusets gubernatori Maura Hili ma’muriyati va shtat lotereyasi tashkilotidan voqeaga izoh so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda lotareyada yutilgan mablag‘dan qancha foizi soliqlarga ketishi malum qilingandi.





