Logo

AQSHning Eronga ketma-ket zarbalari: Tinchlik muzokaralari barbod bo‘ldimi?

Кеча 22:209 дақиқа

Qo‘shma Shtatlar Eronga nisbatan ochiq harbiy harakatlarga o‘tdi, natijada Tehron ham javob zarbalarini boshlab yubordi.

AQSHning Eronga ketma-ket zarbalari: Tinchlik muzokaralari barbod bo‘ldimi?aljazeera.com | © aljazeera.com

Ikki mamlakat o‘rtasidagi qaltis tinchlik muzokaralari barbod bo‘lish yoqasida turgan bir paytda, Qo‘shma Shtatlar ikki kun ichida Eronga ikkinchi — avvalgisidan ham kuchliroq — havo zarbalarini yo‘lladi. AQSH payshanba kuni ertalab Eron poytaxti Tehronning bir nechta hududiga hujum qildi. Undan bir necha soat oldin, chorshanba kuni esa mamlakat janubidagi qator shaharlarga ham zarba berilgan edi.

Ikki kunlik hujumlar oqibatida kamida 14 kishi, jumladan, Islom inqilobi muhofizlari korpusining kamida bir nafar a’zosi halok bo‘ldi. Eron ham bunga javoban Fors ko‘rfazi davlatlarida joylashgan AQSHning harbiy obyektlari va infratuzilmasiga qarata o‘t ochdi.

Navbatdagi o‘zaro zarba almashishlar shu hafta boshida Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga qilingan hujumlardan so‘ng kelib chiqdi. AQSHning bu zarbalari fevral oyida urushning ilk daqiqalarida AQSH va Isroil havo hujumlari oqibatida halok bo‘lgan Eronning marhum oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xоманаийning bir necha kunlik dafn marosimi bo‘lib o‘tayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Chorshanba kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Turkiyaning Ankara shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammitida jurnalistlarga Eron bilan tuzilgan o‘zaro anglashuv memorandumini «o‘z kuchini yo‘qotdi», deb hisoblashini aytdi. Biroq u hozircha tinchlik muzokaralari davom etishiga ruxsat berishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilib, jarayon taqdirini so‘roq ostida qoldirdi.

Garchi Tramp bu zarbalar «uzoq muddatli» harbiy harakatlarga olib kelmasligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘qnashuvlar yanada kuchayib, butun Yaqin Sharq mintaqasi yana mojaroga tortilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortib bormoqda. Shundan so‘ng Tramp Eronning «kelishuvga erishishni juda ham istayotganini» da’vo qildi, ammo kuzatuvchilar bunga shubha bilan qaramoqda.

«AQSH Eron masalasida boshi berk ko‘chaga kirib qoldi va ular o‘z yondashuvlarini o‘zgartirishi kerak. Bombardimon qilish ish bermayapti», — dedi Bradford universitetining siyosatshunoslik professori Alam Solih «Al-Jazira» telekanaliga.

AQSH nega qatorasiga ikkinchi kun hujum uyushtirdi?

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) payshanba kuni Eron bo‘ylab taxminan 90 ta harbiy nishonga zarba berilganini ma’lum qildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — «Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalari va tinch dengizchilarga hujum qilish salohiyatini yanada zaiflashtirish» bo‘lgani aytildi. Bu ikki tomon iyun oyida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolaganidan beri kuzatilgan eng yirik keskinlashuv bo‘ldi.

Chorshanba kuni CENTCOM Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan uchta tijorat kemasiga qilgan hujumlariga javoban, Eronning 80 ga yaqin harbiy nishoniga zarba berganini bildirgan edi. Shuningdek, Vashington o‘zaro anglashuv memorandumining bir qismi bo‘lgan Eron neftiga nisbatan sanksiyalardan istisno qilish tartibini ham bekor qildi.

AQSH va Eron ommaviy axborot vositalari seshanba kuni bo‘g‘ozda uchta kema — Marshall orollari bayrog‘i ostida suzuvchi, Qatarga qarashli «M/T Al Rekayyat», Saudiya Arabistoni bayrog‘i ostidagi «M/T Wedyan» va Liberiya bayrog‘i ostidagi «M/T Cyprus Prosperity» tankerlari hujumga uchragani haqida xabar bergan edi. Tehronlik tahlilchi Husayn Ro‘yvaran «Al-Jazira» bilan suhbatda mazkur tankerlar eronlik harbiylar minalardan tozalash ishlarini olib borayotgan hududga adashib kirib qolgani sababli hujumga uchragan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Natijada Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi deyarli butunlay to‘xtab qoldi. Mazkur muhim suv yo‘lidagi harakat hozirda asosan Eron tomonidan ruxsat berilgan shimoliy yo‘nalish bilan cheklangan. O‘mon va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan janubiy yo‘lakda esa harakat juda sust.

Xalqaro dengiz tashkiloti rahbari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida 6 mingga yaqin dengizchi qolib ketganini ma’lum qildi.

AQSH qayerlarga zarba berdi?

Payshanba kuni tongda AQSH mamlakat janubidagi Bandar-Abbos, Sirik, Ko‘histak, Chobahor, Jask port shaharlariga, Abu-Muso oroli va Konarakka zarba berdi. Eronning «Mehr» yarim rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, kunning ikkinchi yarmida Busher viloyatida ham bir nechta portlash ovozi eshitilgan.

Busherda Eronning atom elektr stansiyasi joylashgan. «ISNA» agentligi esa AQSHning Sirik shahriga bergan zarbasi haqida xabar tarqatdi. Mahalliy rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, u yerda baliqchilik qirg‘og‘i nishonga olinishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohatlangan.

Garchi CENTCOM faqat harbiy nishonlarni ko‘zlaganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, Eron ommaviy axborot vositalari payshanba kungi hujumlar fuqarolik infratuzilmasiga va, ehtimol, bitta shifoxonaga ham zarar yetkazganini yozmoqda.

Pokiston chegarasi yaqinidagi Eronshahr shahrida aeroport inshootlariga berilgan zarba oqibatida kamida bir kishi halok бўлgaн. Islom inqilobi muhofizlari korpusining ma’lum qilishicha, marhum Xоманаий dafn etiladigan Mashhad shahriga olib boruvchi yo‘ldagi ikkita ko‘prik vayron qilingan. Shu sababli, Eron temir yo‘llari rahbariyati Tehron-Mashhad yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdlari qatnovi ta’mirlash ishlari tufayli vaqtincha to‘xtatilganini e’lon qildi.

«FARS» axborot agentligining xabariga ko‘ra, shimoliy Guliston viloyatida joylashgan hamda Tehronni Turkmaniston va Qozog‘iston orqali Xitoy bilan bog‘lovchi muhim savdo yo‘li — Oq taqa xon temir yo‘l ko‘prigi ham zarbaga uchragan. AQSH Eron portlarini qamal qilgan davrda bu yo‘nalishdan Rossiyaga yuk tashish uchun ham foydalanilgan. Shifoxonaga berilgan zarba haqidagi xabarlar esa hozircha o‘z tasdig‘ini topmadi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSHning o‘nlab hujumlarini, jumladan, ikkita temir yo‘l ko‘prigi bombardimon qilinishini keskin qoraladi. Vazirlik Vashingtonning bu harakatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalarga qilingan hujumlarga javob ekani haqidagi da’vosini «soxta bahona» deb atadi.

Chorshanba kungi AQSH hujumlari Sirik, Qeshm oroli, Busher viloyati va Bandar-Abbos shahri atrofiga berilgan edi. Ikki kunlik hujumlar oqibatida Eronning beshta viloyatida kamida 14 kishi halok bo‘lgani va 78 kishi yaralangani xabar qilindi. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Husayn Kirmonpurning ma’lum qilishicha, 47 nafar yarador hamon shifoxonalarda davolanmoqda.

Eron qayerga javob zarbasi berdi?

Islom inqilobi muhofizlari korpusi bunga javoban AQSH harbiy inshootlari joylashgan Bahrayn, Quvayt va Qatarga hujum qildi. Payshanba kuni bu uchchala davlatda ham havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar chalindi.

«Al-Jazira»ning xabar berishicha, Eronning zarbalari Quvaytdagi va Bahrayndagi AQSH harbiy bazalariga kelib tushgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, IIMK tomonidan uyushtirilgan hujumlar Quvaytdagi «Patriot» raketa tizimini, Qatardagi sun’iy yo‘ldosh antennasini va Bahrayndagi AQSH harbiylariga qarashli yoqilg‘i omborlarini nishonga olgan.

Quvayt Mudofaa vazirligi bir kishi jarohatlanganini tasdiqladi. Jabrlanuvchi raketa parchalari tushishi oqibatida tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan. General-mayor Saud Abdulaziz al-Utaybiyning ma’lum qilishicha, Quvayt havo hujumidan mudofaa tizimi uchta ballistik raketa, bitta qanotli raketa va 10 ta kamikadze dronini urib tushirgan. Payshanba kuni Iordaniya qurolli kuchlari butun mamlakat bo‘ylab sirenalar yangraganidan so‘ng o‘z havo hududida sakkizta Eron raketasini urib tushirganini ma’lum qildi.

AQSH prezidenti Tramp tinchlik muzokaralari haqida nima dedi?

Turkiyadagi NATO sammitida so‘zga chiqqan Tramp Vashington va Eron o‘rtasida 17-iyun kuni imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblashini, ammo hozircha AQSH muzokarachilariga eronliklar bilan muloqotni davom ettirishga ruxsat berishini aytdi.

«Nazarimda, bu tugadi», — degan Tramp urush qayta boshlanishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni uyg‘otdi hamda Eron rahbarlarini «xavfli» va «kasal» deb atadi.

Tramp AQSH muzokarachilari haqida gapirar ekan: «Ular muzokara o‘tkazishi mumkin, lekin, menimcha, vaqtlarini bekorga ketkazmoqda», — dedi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Trampning g‘azabga to‘la fikrlariga javoban X tarmog‘idagi sahifasida Eron «qo‘pollikka qo‘pollik bilan javob qaytarmasligini» yozdi.

Payshanba kuni «Air Force One» prezident samolyotida so‘zga chiqqan davlat rahbari o‘z pozitsiyasidan biroz chekingandek ko‘rindi. U jurnalistlarga Eron bilan keng ko‘lamli urushga qaytish ehtimoli kun tartibida qolayotganini, biroq Tehron «kelishuvga erishishni istayotganini» ta’kidladi.

Tramp AQSH Eron armiyasini zaiflashtirganini aytdi va fuqarolik infratuzilmasiga, xususan, elektr va suvni chuchuklashtirish stansiyalariga zarba berish tahdidini yana bir bor takrorladi. Shuningdek, u neft qazib olish markazi bo‘lgan Xark orolini bosib olish bilan tahdid qildi. Biroq Tramp so‘nggi o‘zaro hujumlar «uzoq muddatli» harbiy harakatlarga olib kelmasligini va «nimaiki sodir bo‘lsa, juda tez yuz berishini» qo‘shimcha qildi.

Sammitni tark etgach, Tramp o‘zining «Truth Social» tarmog‘ida Erondagi portlashlar aks etgani aytilgan bir nechta videoni e’lon qildi. «Bu Eronning kecha kemalarga qilgan hujumiga javoban qilingan qasosdir. Agar bu yana takrorlansa, oqibati bundan ham yomonroq bo‘ladi!» — deb yozdi Tramp.

Eron nima demoqda?

Eronning siyosiy rahbariyati vakillari yangi zarbalar to‘lqinini qoralab, keskin bayonotlar bilan chiqish qildi. Ular AQSH zarbalarini «harbiy jinoyat» deb atadi va Vashingtonni urushni tugatishga qaratilgan vaqtinchalik kelishuvni buzganlikda aybladi. Shuningdek, Tehron Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi va BMT bosh kotibiga AQSH ustidan rasmiy shikoyat yo‘lladi.

Davom etayotgan muzokaralardagi asosiy vakil, parlament spikeri Muhammad G‘olibof payshanba kuni X tarmog‘ida e’lon qilgan postida Vashingtonni «zo‘ravonlik» taktikasida aybladi.

«Amerika zo‘ravonlik va va’dani buzish endi jazosiz qolmasligini hali ham tushunib yetmadi. Ochiqroq qilib aytaman: agar zarba bersangiz, albatta, o‘zingiz ham zarba yeysiz», — deb yozdi G‘olibof.

U so‘zida davom etib: «Behudaga tipirchilamang, aks holda yanada chuqurroqqa botasiz. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Amerika tahdidlari bilan emas, faqatgina Eron shartlari asosida ochiladi», — deya qo‘shimcha qildi.

Bu tinchlik muzokaralari uchun nimani anglatadi?

16-iyun kuni Pokiston vositachiligida Eron va AQSH o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Mazkur hujjat harbiy harakatlarni to‘xtatishni hamda 60 kunlik tinchlik muzokaralarini boshlashni ko‘zda tutardi (bu muddat 21-avgustda tugaydi). Trampning chorshanba kuni NATO sammitida bergan bayonotlariga qaramay, tomonlarning hech biri memorandumni rasman bekor qilgani yo‘q.

Ushbu kelishuvga ko‘ra, tomonlar barcha frontlarda, jumladan, Livanda ham harbiy harakatlarni to‘xtatishi, kamida 60 kun davomida kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali erkin o‘tishini ta’minlashi, AQSH Eron portlaridagi dengiz qamalini bekor qilishi, Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatib turishi va Eronning muzlatilgan aktivlarini blokdan chiqarishi kerak edi. Biroq kuzatuvchilarning fikricha, memorandum matni ancha mavhum va turlicha talqin qilishga moyil shaklda tuzilgan.

Yakuniy kelishuvga erishish bo‘yicha muzokaralar marhum Xomanaiyning dafn marosimidan so‘ng qayta boshlanishi kerak edi. Aslida, aza kunlari keskinlik pasayadigan davr bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Muzokaralarning navbatdagi bosqichi eng murakkab masalalarga, ya’ni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish va Tehronning yadroviy dasturini tugatishga qaratilishi lozim edi.

Memorandum shartlarini qaysi tomon buzdi?

Har ikki tomon ham bir-birini memorandum shartlarini buzganlikda ayblamoqda. Eron AQSHni hujumlarni qayta boshlashda hamda Isroilning Livan janubiga qilayotgan hujumlari va u yerdagi bosqinini to‘xtatmaslik orqali o‘z majburiyatlarini bajarmaganlikda ayblamoqda. Vashington esa, o‘z navbatida, Tehronni kemalarning bo‘g‘oz orqali xavfsiz o‘tishini ta’minlamaganlikda ayblaydi.

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari va muzokaralardagi asosiy vakil Kazem G‘aribobodiy X tarmog‘ida Trampning so‘zlari «qudrat belgisi emas, balki AQSHning muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olishi» ekanini yozdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSH harbiylarining janubiy qirg‘oqbo‘yi viloyatlaridagi obyektlarga va ikkita temir yo‘l ko‘prigiga bergan zarbalarini «og‘ir harbiy jinoyat» deb atadi. Vazirlik AQSHni urushni tugatish to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumining 1 va 5-moddalarini buzganlikda aybladi.

Tahlilchilarning fikricha, memorandumning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi nazoratiga taalluqli 5-moddasi talqini eng katta bahsli nuqta bo‘lib turibdi. Mazkur modda Erondan bo‘g‘ozni qayta ochishni va 60 kun davomida tijoriy qatnovlarning zudlik bilan tiklanishiga ruxsat berishni — fevral oyidan beri qolib ketgan yuzlab kemalarning erkin o‘tishini talab qiladi.

28-fevralda AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishidan oldin jahon neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi aynan shu tor suv yo‘li orqali tashilar edi. Biroq urush boshlanganidan beri Tehron bo‘g‘oz ustidan nazorat o‘rnatishga va undan muzokaralar stolida strategik ustunlik sifatida foydalanishga harakat qilmoqda. Eronning bo‘g‘ozni qamal qilishi global energetika inqirozini keltirib chiqardi.

Теглар

Мавзуга оид