Logo

Bank kartasining muddati tugasa, nima qilish kerak?

Бугун 13:292 дақиқа

Kartaning amal qilish muddati tugagan, hisobda esa pul bor. Bu pul saqlanib qoladimi? Vaqt.uz banklarning shartlari va tariflarini o‘rganib, kartani qanday yangilash va pulni boshqa kartaga qanday o‘tkazish mumkinligini tushuntiradi.

Bank kartasining muddati tugasa, nima qilish kerak?

Ko‘p banklarda karta 5 yilga beriladi va ko‘pchilik bu muddat qanday o‘tganini sezmay ham qoladi. Bir kuni to‘lov o‘tmay qolsa, savol tug‘iladi: hisobdagi pul nima bo‘ladi va o‘shanda qanday yo‘l tutmoq kerak? Quyida Vaqt.uz ana shu savollarga javob izladi.

Bank kartasini qayta rasmiylashtirish qancha turadi? 

Bank kartasi hisobvaraqdagi pulni boshqarish vositasi, shuning uchun uning amal qilish muddati tugashi hisobvaraq yopilganini anglatmaydi. Shunday ekan pullar o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi. Biroq shuni ham aytish kerakki, muddati tugagan karta bilan to‘lov qilib yoki bankomatdan naqd pul yechib bo‘lmaydi. Markaziy bankning izoh berishicha, kartaning amal qilish muddatini texnik jihatdan uzaytirish imkonsiz.

Foydalanishni davom ettirish uchun yangi kartaga ariza berish kerak. Buni bankning rasmiy saytida, mobil ilovasida yoki filialida amalga oshirish mumkin. Yangi karta chiqarish tartibi, narxi bankka va karta turiga qarab farq qiladi, shuning uchun qayta rasmiylashtirish shartlarini kartani chiqargan bankdan aniqlab olish kerak.

Masalan, «O‘zsanoatqurilishbank» (SQB) va «Infinbank»larda Uzcard va HUMO kartalarining amal qilish muddati tugaganda ularni qayta rasmiylashtirish
bepul. Biznesni rivojlantirish bankida (BRB) esa muddati tugagan mazkur turdagi kartalarni qayta chiqarish jismoniy shaxslar uchun 30 ming so‘m turadi.

Kartadagi pulni boshqa kartaga qanday o‘tkazish mumkin?

Karta muddati tugagan bo‘lsa-yu, pulni ishlatmoqchi bo‘lsangiz, uni boshqa kartaga o‘tkazish uchun bankingizga murojaat qiling.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, Uzcard va HUMO kartalari o‘rtasida pulni bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi, sayti, ayrim hollarda USSD-so‘rov yoki Telegram-bot orqali o‘tkazish mumkin. Biroq bu imkoniyat barcha banklarda mavjud emas.

Eslatma: karta muddati tugaganda unga bog‘langan avtomatik to‘lovlar, obunalar va internet-do‘konlarda saqlangan karta ma’lumotlari o‘chib ketishi mumkin. Yangi karta chiqarilgach, ayrim xizmatlarda uning ma’lumotlarini qayta kiritish talab etiladi.



Теглар