Logo

«Biz Putinga aniq signal yo‘llayapmiz». NATO yangi raketa tizimi uchun qariyb 50 milliard dollar ajratadi

Кеча 22:504 дақиқа

Buyuk Britaniya va NATOga a’zo yana 11 davlat Yevropa mudofaasini mustahkamlash maqsadida yangi uzoq masofali raketa tizimini yaratish uchun kelgusi 10 yil ichida deyarli 50 milliard dollar mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda.

«Biz Putinga aniq signal yo‘llayapmiz». NATO yangi raketa tizimi uchun qariyb 50 milliard dollar ajratadi

«BBC» nashrining xabar berishicha, Britaniya bosh vaziri idorasi 8-iyul kuni «Deep Precision Strike» (Uzoq masofali yuqori aniqlikdagi zarba) loyihasi ishga tushirilganini elon qilgan. Bu tashabbus shu kuni Turkiyaning Ankara shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammitida asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘lishi aytilgan.

NATOning eng zamonaviy qurollaridan biri bo‘lishi kutilayotgan «Deep Strike» («Chuqur zarba») rusumli yangi raketa tizimi 300 kilometrgacha masofadagi nishonlarga yuqori aniqlikda zarba berishga mo‘ljallangan. Kelajakda bu masofani 2 ming kilometrgacha oshirish rejalashtirilmoqda.

1

Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning ta’kidlashicha, London yetakchiligidagi bu tashabbus «yevropalik ittifoqchilarni birlashtirishga yordam beradi va NATO xavfsizligini uzoq yillar davomida ta’minlaydi».

Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper mazkur loyiha ustidagi ishlarni «dunyoning ancha xavfli bo‘lib qolganini anglab yetishning bir qismi», deb atagan.

«Gap Yevropani yanada kuchli NATO doirasida qanday qilib kuchliroq qilish haqida bormoqda», — dedi u Ankarada «BBC Breakfast» dasturiga bergan intervyusida.

Biroq, boshqa ko‘plab istiqbolli harbiy dasturlar kabi, «Deep Strike» ham yaqin orada foydalanishga topshirilishi dargumon.

Iyun oyida AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Amerikaning Yevropadagi harbiy ishtiroki olti oy davomida qayta ko‘rib chiqilishini e’lon qilgan edi.

AQSH prezidenti Donald Tramp yevropalik ittifoqchilar mudofaa xarajatlarining katta qismini o‘z zimmasiga olishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. O‘tgan yilgi NATO sammitida alyans davlatlari 2035 yilgacha mudofaa va xavfsizlik xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirishga kelishib olgandi.

Bunga javoban Starmer Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari xavfsizligini ta’minlashga «qat’iy qaror qilganini» aytdi.

«Biz yanada kuchliroq va yevropalashgan NATOni yaratish uchun oldinga qadam tashlashimiz kerak», — dedi u.

Ma’lumot o‘rnida, Britaniya hukumati 2030 yilgacha 300 milliard funt sterling ajratishni ko‘zda tutuvchi Mudofaa sarmoyalari rejasini allaqachon tasdiqlagan.

«Putin, NATO yanada kuchaydi»

Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, NATO samolyotlari alyans davlatlarining havo hududiga yaqinlashgan Rossiya havo kemalarini to‘sib qolish uchun 700 dan ko‘proq marta havoga ko‘tarilgan.

Britaniya suvlari yaqinida esa Rossiya harbiy kemalarining faolligi 30 foizga ortgan. Starmerning bayonot berishicha, garchi NATO Rossiya bilan qarama-qarshilikka intilmasa-da, alyans har bir ittifoqchisini himoya qilishga doim shay turishi lozim.

«Uzoq masofali yuqori aniqlikdagi zarba tizimlari yordamida Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari dushman armiyasini ta’minlovchi muhim harbiy obyektlar hamda logistika infratuzilmasini bemalol nishonga ololadi. Bu esa har qanday tajovuzkorni tiyib turishga va umumiy xavfsizligimizni mustahkamlashga xizmat qiladi», — dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper.

«Ankaradan turib biz Rossiya prezidenti Vladimir Putinga aniq signal yo‘llamoqdamiz: NATO yanada kuchaydi, ko‘proq yevropalashdi va o‘z fuqarolarini bevosita undan hamda Rossiya davlatidan kelayotgan uzoq muddatli tahdidlardan himoya qilishga tayyor», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Ukraina taktikasi ish bermoqda

7-iyul kuni sammitda so‘zga chiqqan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kuchayib borayotgan Rossiya hujumlaridan himoyalanish maqsadida ittifoqchilarni imkon qadar tezroq qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga yana bir bor chaqirdi.

Shu bilan birga, Ukraina Rossiya hududidagi нефтни qayta ishlash zavodlari va harbiy obyektlarga dronlar hamda raketalar orqali berilayotgan uzoq masofali zarbalar ko‘lamini kengaytirishda davom etmoqda. Britaniya tomonining qayd etishicha, bu hujumlar yoqilg‘i va elektr energiyasi ta’minotida jiddiy uzilishlarga olib kelgan.

Britaniya bosh vaziri idorasining bayonot berishicha: «Ukraina Qurolli kuchlari uzoq masofali tizimlardan samarali foydalanish jang maydonidagi vaziyatni tubdan o‘zgartirishga qodirligini isbotladi».

Shuningdek, asosiy logistika tugunlariga berilgan zarbalar Rossiyaning hujumkor operatsiyalarni davom ettirish qobiliyatini sezilarli darajada pasaytirgani ham qayd etildi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 7-iyul kuni Moskva Ankaradagi sammitning borishini diqqat bilan kuzatayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO tomonidan Ukrainaga yetkazib beriladigan har qanday yangi qurol-yarog‘ Rossiyaga o‘z maqsadlariga erishguniga qadar harbiy operatsiyani davom ettirishiga to‘sqinlik qila olmaydi.

«Ushbu sammitga tayyorgarlik jarayonida mamlakatimiz sha’niga ko‘plab bayonotlarni eshitdik. Afsuski, bu konstruktiv hamkorlik va muloqot haqidagi bayonotlar emas, balki ziddiyatni kuchaytiruvchi fikrlar bo‘ldi», — dedi Peskov. Shu bilan birga, u Rossiya uchun «ushbu mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish eng maqbul variant bo‘lib qolishini» ta’kidladi.

Теглар

Мавзуга оид

«Biz Putinga aniq signal yo‘llayapmiz». NATO yangi raketa tizimi uchun qariyb 50 milliard dollar ajratadi | Vaqt.uz