Logo

Boshqa qurilmadan bank ilovasiga kirilganda kartalar vaqtincha o‘chiriladi

16-noyabrdan bank ilovasiga boshqa qurilmadan kirilganda yoki akkaunt paroli tiklanganda unga bog‘langan barcha kartalar avtomatik ravishda vaqtincha nofaol holatga o‘tkaziladi. Ularni qayta faollashtirish uchun OTP-kod bilan tasdiqlash talab etiladi. Yangi tartibda banklarning tasdiqlashsiz pul o‘tkazmalari uchun limit belgilashi va bunday operatsiyalardagi firibgarlik uchun javobgarligi ham nazarda tutilgan.

Boshqa qurilmadan bank ilovasiga kirilganda kartalar vaqtincha o‘chiriladi

O‘zbekistonda bank va to‘lov ilovalari orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tartibi o‘zgaradi. Markaziy bank boshqaruvining 3-avgustdagi qarori 14-avgust kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Hujjat 2026 yil 16-noyabrdan kuchga kiradi. U aprel oyidan amal qilayotgan masofaviy moliyaviy xizmatlarda kiberxavfsizlik va frodning oldini olish bo‘yicha minimal talablarga o‘zgartirish kiritadi.

Tasdiqlashsiz o‘tkazmalar limitini bankning o‘zi belgilaydi

Amaldagi nizomga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi barcha P2P o‘tkazmalari OTP-kod bilan tasdiqlanishi kerak. Yangi tartib bu talabni qisman yumshatadi.

Bank va to‘lov tashkilotlari o‘zining tavakkalchiliklarni boshqarish siyosatidan kelib chiqib, OTP-kod yoki boshqa autentifikatsiya usuli talab qilinmaydigan P2P o‘tkazmalarning maksimal miqdorini mustaqil belgilaydi. Limitdan yuqori barcha o‘tkazmalar esa mijoz tomonidan tasdiqlanishi shart.

Hujjat yagona limitni belgilamagan. Shu sababli tasdiqlashsiz o‘tkazish mumkin bo‘lgan summa banklar va to‘lov ilovalari kesimida farq qilishi mumkin.

Buning evaziga tasdiqlash talab etilmaydigan o‘tkazmalar bilan bog‘liq frod holatlari uchun javobgarlik kredit va to‘lov tashkilotlari zimmasiga yuklanadi. Ya’ni tashkilot limitni o‘zi belgilaydi va shu limit doirasidagi xavfni ham o‘z zimmasiga oladi.

Amaldagi nizomda boshqa shaxs nomiga firibgarlik orqali olingan onlayn kreditlar bo‘yicha moddiy zararni qoplashga alohida bob ajratilgan. P2P o‘tkazmalari uchun esa shunga o‘xshash batafsil mexanizm kiritilmagan.

Veb-saytlar orqali P2P o‘tkazmalarni amalga oshirish taqiqlanadi. Ammo bu yangi talab emas: mazkur cheklov aprel oyidan amalda bo‘lgan nizomda ham mavjud edi. Yangi tahrir uni saqlab qolmoqda.

Qarindosh nomidagi raqam bilan ro‘yxatdan o‘tish mumkin

Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqami egasining JSHSHIRi foydalanuvchining JSHSHIRiga mosligi tekshiriladi. Moslik aniqlanmasa, foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki bank kartasini ilovaga biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda unga SMS-xabar yuboriladi.

Yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirilgan korporativ raqamlar talabdan mustasno.

Yangi tartibga ko‘ra, telefon raqami foydalanuvchining yaqin qarindoshiga tegishli bo‘lsa, qarindoshlik tasdiqlanganidan keyin ilovada ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beriladi.

Yaqin qarindoshlar qatoriga ota-ona, aka-uka, opa-singil, o‘g‘il-qiz va er-xotin, shuningdek er yoki xotinning ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari hamda farzandlari kiritilgan.

Bunda istisno doirasi shunchaki kengaytirilmagan, balki qayta ko‘rib chiqilgan. Masalan, amaldagi ta’rifda yaqin qarindosh sifatida bobo, buvi va nevaralar ham alohida ko‘rsatilgan. Yangi ro‘yxatda esa ular tilga olinmagan.

Boshqa qurilmadan kirilsa, kartalar nofaol qilinadi

Akkaunt parolini tiklash yoki unga boshqa qurilmadan kirish faqat biometrik identifikatsiyadan o‘tgandan keyin amalga oshiriladi.

Bunday holatda akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari avtomatik ravishda nofaol holatga o‘tkaziladi. Ularni qayta faollashtirish uchun OTP-kod bilan tasdiqlash talab qilinadi.

Bu telefonini almashtirgan oddiy foydalanuvchi uchun qo‘shimcha bosqich yaratadi. Biroq talab firibgarlarning boshqa qurilma orqali akkauntni egallab olishi va ulangan kartalardan foydalanishi xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Ro‘yxatdan o‘tishda masofaviy biometrik identifikatsiya majburiy bo‘ladi. Shu bilan birga, kartani ilovaga biriktirishdagi alohida biometrik tekshiruv bekor qilinmoqda: buning uchun OTP-kodni kiritishning o‘zi yetarli bo‘ladi.

Foydalanuvchi ikki xil usulda ogohlantiriladi

Mobil qurilmada zararli dastur borligi yoki telefon masofadan boshqarilayotgani aniqlansa, tashkilot foydalanuvchini zudlik bilan PUSH-xabar va SMS orqali ogohlantirishi kerak.

Har bir moliyaviy amaliyot tasdiqlanishidan oldin ilovada operatsiya mijozning o‘zi tomonidan va firibgarlar aralashuvisiz amalga oshirilayotganini tekshirishga qaratilgan ogohlantirish ham ko‘rsatiladi.

Pul o‘tkazmasida karta egasi hamda mablag‘ni qabul qiluvchining ism-familiyasi qisman berkitilgan holda aks ettiriladi.

Yangi talablar kiberjinoyatlar keskin ko‘paygan bir paytda joriy etilmoqda. 2025 yil noyabridagi yig‘ilishda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni besh yil ichida 68 baravar oshgani, o‘sha yilning o‘zida 46 mingdan ortiq holat aniqlanib, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar 1,2 trln so‘mdan oshgani ma’lum qilingan edi.

Bu raqamlarning barchasi bank ilovalari bilan bog‘liq emas. Biroq rasmiy axborotda bank kartalari orqali amalga oshiriladigan kiberfiribgarlik eng ko‘p tarqalgan usullardan biri sifatida qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид