Logo

«Bronejilet» emas — «zirhnimcha», «gauptvaxta» emas — «bandixona»: 30 ta harbiy atama o‘zbekchalashtirildi

Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti 30 ta harbiy atamaning o‘zbekcha muqobillarini tasdiqladi. Endi «trevoga» — «bong», «ataka» — «hamla», «tribunal» esa «harbiy mahkama» deb yuritiladi.

«Bronejilet» emas — «zirhnimcha», «gauptvaxta» emas — «bandixona»: 30 ta harbiy atama o‘zbekchalashtirildi © SI asosida yaratilgan

O‘zbekistonda harbiy sohada qo‘llaniladigan 30 ta chet tiliga oid atamaning o‘zbek tili qoida va me’yorlariga moslashtirilgan muqobillari rasmiy muomalaga kiritiladi. Bu haqda Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti ma’lum qildi.

Tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, endilikda «trevoga» so‘zi o‘rniga «bong», «ataka» o‘rniga «hamla», «blindaj» o‘rniga «panajoy», «tribunal» o‘rniga esa «harbiy mahkama» atamalaridan foydalaniladi.

Mazkur atamalar avvalroq harbiy hamda boshqa sohalardagi normativ-huquqiy va ichki idoraviy hujjatlarda chet tillaridan o‘zlashgan shaklda qo‘llanib kelingan.

Rasmiy muomalaga kiritiladigan 30 ta harbiy atama ro‘yxati

Institut tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatda quyidagi chet tillariga oid so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobillari keltirilgan:

  • Akselbant — Zarband: faxriy qorovul shaxsiy tarkibi va harbiy paradlar ishtirokchilarining tantanali marosimlarda o‘ng yelkaga taqiladigan kiyim elementi.

  • Ambrazura — Shinak: harbiy inshootlar va minoralarda turli qurollardan o‘t ochish uchun mo‘ljallangan ochiq yoki to‘siladigan tuynuk.

  • Ataka — Hamla: dushmanni yakson qilish maqsadida kuchli o‘t ochish bilan birgalikda qismlar, bo‘linmalar, qo‘shilmalar, tank va havo hujumi guruhlarining jangovar tartibdagi shiddatli harakati.

  • Baraban — Dovul: harbiy sohada saf tayyorgarligi mashg‘ulotlari va safda turib bajariladigan harakatlar mobaynida qo‘llanadigan zarbli musiqa cholg‘u asbobi.

  • Barabanchi — Dovulchi: mazkur musiqa asbobini chaladigan harbiy xizmatchi.

  • Blindaj — Panajoy: shaxsiy tarkibni havo, artilleriya, turli otishmalar va ommaviy qirg‘in qurollaridan himoya qilishga mo‘ljallangan yopiq istehkom.

  • Blokada — Qamal: qamal qilinuvchi obyektning tashqi aloqalarga kirishishining oldini olish maqsadida ajratib qo‘yilishi (quruqlik, dengiz va havo qamaliga ajratiladi).

  • Bronejilet — Zirhnimcha: tanani o‘q va snaryad parchalaridan himoya qiluvchi vosita-nimcha.

  • Blokpost — To‘siqpost: qurollangan qo‘riqchilar yoki maxsus texnikalar bilan mustahkamlangan to‘suvchi va nazorat-o‘tkazuvchi joy.

  • Vemeshok — Yukxalta: harbiy sohada zarur yuklarni o‘zi bilan birga olib yurish uchun mo‘ljallangan xalta.

  • Gauptvaxta — Bandixona: hibsga olingan harbiy xizmatchilarni tutib turish uchun mo‘ljallangan maxsus bino.

  • Gorn — Burg‘u: harbiy orkestrlarda hamda maxsus chorlov va chaqiruv uchun foydalaniladigan misdan yasalgan puflab chalinadigan musiqa asbobi.

  • Gornchi — Burg‘uchi: burg‘u chaluvchi harbiy xizmatchi.

  • Diversiya — Qo‘poruvchilik: dushman e’tiborini asosiy operatsiyadan chalg‘itib, uni zaiflashtirishga qaratilgan (portlatish, o‘t qo‘yish, zaharlash va boshqa) harakat.

  • Diversant — Qo‘poruvchi: qo‘poruvchilikni amalga oshiruvchi shaxs.

  • Dubinka — Darra: harbiy sohada ruxsat etilgan xizmatchilar yonida olib yuradigan maxsus rezinadan yasalgan tayoq.

  • Dozor — Erovul: ilg‘or xabarchilar guruhi, dushman va hudud haqida ma’lumotlar izlab topish uchun mo‘ljallangan jangovar bo‘linma.

  • Kokarda — Jig‘a: harbiy bosh kiyimga qadaladigan maxsus nishon.

  • Kotelok — Qozoncha: urush sharoiti va harbiy yig‘inlar vaqtida xizmatchilar ovqat solib yeydigan, zarur hollarda pishirish uchun mo‘ljallangan idish.

  • Mishen — Nishon: qurol moslamasida hamda harbiy yig‘inlar vaqtida mo‘ljalga olinadigan moslama.

  • Okop — Xandaq: shaxsiy tarkib va jangovar texnika uchun o‘t ochish hamda himoyalanish marrasi bo‘lib xizmat qiluvchi ochiq turdagi istehkom.

  • Protivogaz — Gazniqob: zaharlovchi va radioaktiv moddalardan nafas olish organlari, ko‘zlar va yuzni himoya qilish uchun mo‘ljallangan shaxsiy himoya vositasi.

  • Rejim — Tartibot: qo‘riqlanayotgan harbiy qism va muassasalar hududiga kirish-chiqishni tartibga soluvchi qonun-qoidalar tizimi.

  • Transheya — Xandaq yo‘lagi: o‘t ochish va dushman nazaridan yashirin yurish uchun mo‘ljallangan xandaq yo‘lagi.

  • Trevoga — Bong: qismni yoki kemani jangovar vazifani bajarishga tayyorlash maqsadida zudlik bilan jangovar shaylikka keltirish.

  • Trenchik (harbiy bosh kiyim zanjir bog‘i) — Zanjirbog‘: harbiy bosh kiyimning old qismidagi zanjir.

  • Tribunal — Harbiy mahkama: asosan harbiy jinoiy ishlar ko‘riladigan sud hay’ati, favqulodda yoki ixtisoslashgan sud.

  • Furajka — Bo‘rk: harbiy bosh kiyim.

  • Fortifikatsiya — Istehkom: fortifikatsiyali inshootlarni qurish va ulardan foydalanish sohasi hamda qo‘shinlar, aholi va obyektlarni dushman zarbasidan himoya qilish uchun qurilgan inshootlar.

  • Shevron — Uqa: harbiy kiyimning turli qismlari, asosan, yenglaridagi yopishtirma uqa.

Atamalarning tarixiy va lug‘aviy asoslari

Tasdiqlangan hujjatda har bir atamaning kelib chiqishi va o‘zbek tilida qo‘llanilish asoslari keltirilgan.

Xususan, «zarband», «panajoy», «zirhnimcha», «to‘siqpost», «yukxalta», «gazniqob» va «zanjirbog‘» kabi atamalar o‘zbek tilining so‘z yasash qoidalariga muvofiq ikki so‘zning qo‘shilishidan yangi yasalgan.

Shu bilan birga, bir qator atamalar o‘zbek tilida tarixan qo‘llanib kelingan muqobil so‘zlar sifatida tanlangan.

Hujjatda ularning mumtoz asarlarda va lug‘atlarda uchrashiga misollar keltirilgan:

  • «Shinak» atamasi Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarida qo‘llangan: «Xoja Qozi va beklar mening qoshimga kelib, so‘z va kengashni bir yerga qo‘yib, qo‘rg‘onning burj va shinaklarini tuzatishga, tartibga solishga kirishdilar».

  • «Hamla» so‘zi Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarida «Lashkar boshlig‘i yovga hamla qiladigan bo‘lsa, uyqusini haydab, tun-kun hushyor turishi kerak» tarzida uchraydi.

  • «Bong» atamasi qadimgi turkiy yozma manbalarda «bong urildi» shaklida, Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» va «Boburnoma» asarlarida esa «chaqiriq», «sergaklik», «uyg‘otish» ma’nolarida ifodalangan.

  • «Bo‘rk» so‘zi Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida «tatsiz turk bo‘lmas, bashsiz bo‘rk bo‘lmas» maqolida, «Boburnoma»da esa «Dubulg‘a bo‘rkidan biror tori kesilmaganiga qaramasdan, boshim xiyla yaralandi» matnida bosh kiyim ma’nosida istifoda etilgan.

  • «Jig‘a» atamasi «Alpomish» dostonida «Alplarning zo‘ri Ko‘kaldosh ekanini bildi: zo‘rlik nomiga boshida tilla jig‘asi bor edi» tarzida, shuningdek, Alisher Navoiyning «Layli va Majnun» dostonida qo‘llanilgan.

Теглар

Мавзуга оид