Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tender e’lon qilindi

Бугун 10:552 дақиқа

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilib, yangi aeroport Buxoroning yirik transport markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tender e’lon qilindi

Buxoroda yangi xalqaro aeroportni qurish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida tender e’lon qilindi. Bu haqda «Uzbekistan Airports» axborot xizmati ma’lum qildi. Loyiha O‘zbekiston hukumati, «Uzbekistan Airports», Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida Buxoro tumanidagi «Qumsulton» massivi hududida yangi aeroport majmuasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Yangi aeroport ichki va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatishi, shuningdek, mintaqa uchun muhim transport uzeliga aylanishi kutilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakuniga kelib Buxoro xalqaro aeroporti 574 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Yo‘lovchilar oqimining asosiy qismi xalqaro qatnovlarga to‘g‘ri kelgani qayd etilgan.

Yangi loyiha

Yangi loyiha doirasida maydoni 48,5 ming metr kvadrat bo‘lgan zamonaviy yo‘lovchi terminali quriladi. Uning o‘tkazish quvvati xalqaro reyslar uchun soatiga 1200 nafar, ichki reyslar uchun esa 400 nafar yo‘lovchini qabul qilish imkonini beradi. Shuningdek, keytering binosi, avtoturargohlar va yuklarga xizmat ko‘rsatish maydonlari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, sig‘imi 8 ming kub metr bo‘lgan yoqilg‘i quyish majmuasi qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Aerodrom infratuzilmasi davlat boshqaruvida qoladi, xususiy sherik esa yo‘lovchi terminali hamda unga tegishli infratuzilmani qurish va ulardan foydalanish uchun mas’ul bo‘ladi.

Tenderda aeroport va transport infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish tajribasiga ega barcha kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.

2024 yil 9-oktabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur aeroport qurilishi bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi. Davlat rahbari yangi aeroportda o‘tkazuvchanlik quvvatini ikki barobar oshirish va soatiga 8 ta samolyotning kelib-ketishiga sharoit yaratish muhimligini ta’kidlagan.

Теглар

Мавзуга оид