Logo

«Dok-1 Maks» jabrlanuvchilariga kompensatsiyaning qolgan qismi davlat budjetidan to‘lab berildi — SSV

Бугун 14:133 дақиқа

Vazirlik bank kartalari bilan bog‘liq texnik masalalar hal etilgandan so‘ng 2 bolaning oila a’zolariga ham qolgan 2 milliard so‘m to‘liq to‘lab berilishini ma’lum qildi.

«Dok-1 Maks» jabrlanuvchilariga kompensatsiyaning qolgan qismi davlat budjetidan to‘lab berildi — SSV © Ijtimoiy tarmoqlar

«Dok-1 Maks» ishi bo‘yicha jabrlangan bolalarning oila a’zolariga bir necha yildan buyon to‘lanmay kelgan kompensatsiyaning qolgan qismi to‘lab berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining ijro hujjatlariga ko‘ra, «Dok-1 Maks» va «Ambronol» dori vositalari iste’moli oqibatida jabrlangan oilalarga Majburiy ijro byurosi tomonidan 90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovi undirilishi belgilangan edi. Biroq vazirlikning aytishicha, aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotish jarayoni belgilangan muddatdan cho‘zilgani sababli bugungi kunga qadar ushbu mablag‘ning 20 foizi, ya’ni 16,8 milliard so‘m to‘langan, xolos. Kompensatsiyaning qolgan qismi esa bir necha yildan buyon to‘lanmay kelgan.

Qayd etilishicha, prezident tomonidan jabrlangan oilalarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplab berish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi. Shunga asosan davlat budjetidan 65,2 milliard so‘m ajratilgan.

Shu tariqa bugunga qadar 88 jabrlanuvchiga jami 80 milliard so‘m, shu jumladan, vafot etgan 72 bolaning oilalariga 72,2 milliard so‘m, davolangan va davolanayotgan 16 bolaning oilalariga esa 7,8 milliard so‘m to‘langan.

SSV bank kartalari bilan bog‘liq texnik masalalar hal etilgandan so‘ng 2 nafar bolaning oila a’zolariga ham qolgan 2 milliard so‘m to‘liq to‘lab berilishini ma’lum qildi.

Budjetdan ajratilgan 65,2 milliard so‘m mablag‘ aybdor shaxslarning mol-mulkini sotishdan tushgan va ulardan undirilgan mablag‘ hisobidan respublika budjetiga qaytariladi.

«Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi, tegishli davlat tashkilotlari va idoralari mas’ullari respublika tibbiyot markazlari shifokorlari bilan birgalikda jabrlangan oilalarning holidan xabar olib, bolalarga qo‘shimcha zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rmoqda», — deyiladi bayonot matnida.

«Dok-1 Maks» fojiasi va sud jarayonlari

Hindistonning «Marion Biotech» kompaniyasi ishlab chiqargan va «Quramax Medical» MCHJ orqali O‘zbekistonga keltirilgan «Dok-1 Maks» hamda «Ambronol» yo‘tal siroplari 2022-yilning kuz-qish oylarida ommaviy zaharlanishlarga sabab bo‘lgan edi. Tarkibida zaharli etilenglikol va dietilenglikol moddalari aniqlangan mazkur dorilar oqibatida 68 bola vafot etgani va 18 nafari og‘ir darajadagi nogironlik orttirgani sud hukmi bilan tasdiqlangan, keyinroq 2024-yil 18-noyabrda Uchtepa tuman sudi qarori bilan yana 5 bola (jumladan, Mansurbek Kemamov) rasman jabrlanuvchilar ro‘yxatiga qo‘shilgan.

Keng ko‘lamli tergov va sud ishlari yakunida jami 23 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Jumladan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq direktori Sardor Kariyev 18 yilga, «Quramax Medical» korxonasining sobiq rahbari Singh Raghvendra Pratar esa 20 yilga ozodlikdan mahrum etilib, ushbu sudlanganlarning mol-mulklari xatlandi hamda jabrlanuvchilarga tovon pullarini to‘lash maqsadida sotuvga qo‘yildi.

Sud hukmiga ko‘ra, aybdorlardan vafot etgan bolalarning oilalariga 1 milliard so‘mdan, nogironlik orttirganlarga esa sog‘lig‘ini tiklash uchun 200 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha kompensatsiya undirilishi belgilangan edi. Biroq, to‘lovlar faqat xatlangan mol-mulklarni sotish hisobidan amalga oshirilgani sababli, jarayon 3 yilga cho‘zildi va og‘ir ahvoldagi farzandlarining muolajalari uchun mablag‘ topolmagan ota-onalar turli instansiyalarga, xususan, 2025-yilning oktabr oyida davlat rahbariga ham murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Теглар

Мавзуга оид

«Dok-1 Maks» jabrlanuvchilariga kompensatsiyaning qolgan qismi davlat budjetidan to‘lab berildi — SSV | Vaqt.uz