Eronda talabalar namoyishi: vaziyat keskinlashmoqda
AQSHning zarba berish ehtimoli fonida Eronda talabalar norozilik aksiyalarini boshladi. Bir qator universitetlarda aksilhukumat shiorlar yangradi.

Eronda ehtimoliy AQSH harbiy zarbasi haqidagi kutilmalar kuchaygan bir paytda talabalar ish tashlash va norozilik namoyishlarini boshladi. Bu haqda «The Wall Street Journal» Storyful tomonidan tekshirilgan videolarga tayanib xabar bermoqda.
21-fevral kuni, yangi o‘quv semestrining birinchi kunida bir nechta universitet talabalari yanvar oyidagi namoyishlarni bostirish chog‘ida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan shiorlar bilan ko‘chaga chiqqan. Ular kuch tuzilmalari harakatlarini qoralagan.
Tehrondagi Amirkabir texnologiya universitetida qora kiyimdagi namoyishchilar «Yashasin shoh!» deya qichqirgan. Bu so‘zlar so‘nggi monarx Rizo Pahlaviyning merosxo‘riga ishora sifatida baholangan. Sharif texnologiya universitetida esa Islom inqilobi muhofizlari korpusi — IIMK tarkibidagi «Basij» harbiylashtirilgan tuzilmasi a’zolari bilan to‘qnashuvlar kuzatilgan. Tehron tibbiyot universitetida talabalar hibsga olinganlarga qo‘llab-quvvatlash sifatida o‘tirish aksiyasi o‘tkazgan.
Kengaygan norozilik
Talabalar aksiyalaridan tashqari, boshqa norozilik shakllari ham kuzatilmoqda. Quyosh botishida balkonlardan «Xomanaiyga o‘lim» shiorlari yangragan. 40 kunlik motam marosimlari siyosiy namoyishlarga aylanib, halok bo‘lganlar qabri yonida qo‘shiq va qarsak chalishlar bilan o‘tmoqda.
Eron o‘qituvchilari kasaba uyushmalari muvofiqlashtiruv kengashi ma’lum qilishicha, bir qator shaharlarda «Bo‘sh partalar» aksiyasi o‘tkazilib, halok bo‘lgan o‘quvchilar va o‘qituvchilar xotirlanmoqda. Inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi AQSHda joylashgan « Eron huquq himoyachilari» tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, yanvar oyidagi namoyishlarda taxminan 7 ming kishi halok bo‘lgan, 50 mingdan ortiq odam hibsga olingan. Eron rasmiylari esa 3 mingga yaqin qurbon borligini tan olib, javobgarlikni «terrorchilar» zimmasiga yuklagan.
Tashqi bosim va ssenariylar
Mojarolar tashqi siyosiy fon kuchaygan sharoitda sodir bo‘lmoqda. «WSJ»ning yozishicha, AQSH mintaqada 2003 yilgi Iroqqa bostirib kirishdan beri eng yirik harbiy-havo guruhini joylashtirgan.
«Axios» va «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, Pentagon prezident Donald Trampga bir nechta ssenariy taklif etgan — yadroviy obyektlarga cheklangan zarbalardan tortib, oliy rahbar oyatulloh Ali Homanaiy va uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiyga qaratilgan keng ko‘lamli kampaniyagacha.
19-fevral kuni Tramp Eronga yadroviy kelishuv bo‘yicha 10–15 kun muhlat berganini aytib, aks holda «juda yomon oqibatlar» bo‘lishini bildirgan. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt diplomatiya ustuvor ekanini ta’kidlagan, biroq kuch ishlatish varianti istisno etilmagan.





