Logo

Foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uylarga aholini kiritgan mas’ullar qamalishi mumkin

Бугун 18:153 дақиқа

Bunday qoidabuzarlik uchun 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uylarga aholini kiritgan mas’ullar qamalishi mumkin

O‘zbekistonda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul va mansabdor shaxslarga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik, jumladan, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 27-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 21-yalpi majlisida ma’qullangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qurilishi tugallanmagan ko‘p kvartirali uylarda noqonuniy yashashning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda ma’lum qilindi.

Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksining 229-3-moddasi yangi yettinchi qism bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ygan qurilishga mas’ul yoki mansabdor shaxslarga 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.

Amaldagi qonunchilikda bunday holat uchun dastlab ma’muriy jarima, ushbu harakat qayta sodir etilganda esa jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan edi.

Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachilar va pudratchilar zimmasiga foydalanishga qabul qilinmagan uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyati alohida norma sifatida kiritilmoqda.

Qonun yuzasidan ma’ruza qilgan Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobuljon Tursunovning ta’kidlashicha, so‘nggi 7 yil davomida 383 ta ko‘p kvartirali uy shaharsozlik hujjatlari, kommunikatsiyaga ulash va ro‘yxatdan o‘tkazish talablari bajarilmasdan noqonuniy qurilib, ulardagi 20 mingdan ortiq xonadon fuqarolarga sotilgan. Turli qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani sababli foydalanishga topshirilmagan 136 ta ko‘p kvartirali uyda esa 8 mingga yaqin aholi yashab kelmoqda.

Senatdagi muhokamalar va vazirlik javobi

Muhokamalar jarayonida senator Malika Xodirxonova qabullarda aynan shu masala bo‘yicha guruh-guruh fuqarolar murojaat qilishini qayd etib, muammoning ijtimoiy jihati va korrupsiyaviy xatarlariga e’tibor qaratdi.

U 2025 yil 1-maydan uylarni foydalanishga qabul qilish tartibi soddalashtirilganiga qaramay, odamlar hujjatlar cho‘zilib ketayotgani sababli majburlikdan tugallanmagan uylarga kirib yashayotganini aytishini ta’kidladi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligidan bu masala qanday hal etilishini so‘radi.

Vazirlik vakili korrupsion omillarning oldini olish maqsadida hozirda inson omilisiz ishlaydigan elektron platforma joriy etilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, vazirlik qoshida noqonuniy qurilishlar bo‘yicha departament tashkil etilib, har bir tumanda planshetlar bilan ta’minlangan xodimlar orqali noqonuniy qurilishlar ro‘yxati shakllantirilayotgani, ularga jarima qo‘llanilib, ishlar sudga oshirilayotgani bildirildi.

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan Senat raisi Tanzila Narbayeva qurilishi tugallanmagan yoki qoidabuzarliklar sababli foydalanishga topshirilmagan uylarga kirib yashash fuqarolarning o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishi ekanini qayd etdi. U bunday holatlar ayniqsa qurilish ko‘lami keng bo‘lgan Toshkent shahrida, shuningdek, Samarqand va Namangan viloyatlarida ko‘proq kuzatilayotganini ta’kidlab, ushbu hudud mas’ullari va mahalliy kengashlarni masalaga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirdi.

Теглар

Мавзуга оид