Logo

Gulnora Karimova aktivlaridan moliyalashtirilgan ilk loyiha yakunlandi

Бугун 15:502 дақиқа

Gulnora Karimovaning xorijdan qaytarilgan aktivlari hisobidan moliyalashtirilgan «Ishonch» jamg‘armasining ilk dasturi yakunlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi dasturning yakuniy natijalari va erishilgan asosiy ko‘rsatkichlarni ma’lum qildi.

Gulnora Karimova aktivlaridan moliyalashtirilgan ilk loyiha yakunlandi

Gulnora Karimovaning xorijda musodara qilingan aktivlarini O‘zbekistonga qaytarish doirasida tashkil etilgan «Ishonch» jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan birinchi yirik loyiha yakunlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

2023 yil sentabr oyida boshlangan «Har bir ona va bola yashaydi hamda rivojlanadi: O‘zbekistondagi perinatal markazlarda onalar va bolalar o‘limini qisqartirish» dasturiga jami 43,5 million dollar ajratildi. Loyiha YUNISEF, UNFPA va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorligida amalga oshirildi.

Dastur doirasida mamlakat bo‘ylab 231 ta perinatal muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi. Shuningdek, 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimi qayta tayyorlandi, onalik va chaqaloqlarga tibbiy yordam bo‘yicha 49 ta klinik protokol ishlab chiqildi yoki yangilandi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, axborot kampaniyalari orqali qariyb 20 million fuqaro qamrab olingan. Buning natijasida 4 millionga yaqin aholining sifatli perinatal xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaygan.

Monitoring natijalariga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan onalar o‘limi ulushi 2022 yildagi 77,3 foizdan 62,8 foizga tushdi. Shuningdek, tana vazni juda past bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning omon qolish ko‘rsatkichi qariyb 13 foizga yaxshilandi.

Loyiha davomida laboratoriya xizmatlari imkoniyatlari kuchaytirildi, korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari joriy etildi hamda homilador ayollarni tibbiy kuzatuv bilan qamrab olishga qaratilgan choralar amalga oshirildi.

Jamg‘arma haqida

«Ishonch» jamg‘armasi Gulnora Karimovaning xorijda musodara qilingan aktivlarini O‘zbekiston aholisi manfaatlari uchun yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan.

2022 yilda Shveysariya bilan qariyb 131 million dollar, 2025 yil fevral oyida esa yana 182 million dollar qaytarish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Shu tariqa, restitutsiya qilingan mablag‘lar umumiy hajmi 313 million dollarga yetdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya, AQSH, Latviya va boshqa davlatlarda Gulnora Karimova hamda unga tegishli jinoiy guruh aktivlarining umumiy qiymati taxminan 1,4 milliard dollarga baholanmoqda. Barcha mablag‘lar faqat «Ishonch» jamg‘armasi boshqaruv qo‘mitasi tasdiqlagan loyihalarga yo‘naltiriladi.

Теглар

Мавзуга оид