Logo

Har bir viloyat va poytaxtning tumanlariga Yangi Toshkentdan 100 gektardan yer ajratiladi

Shuningdek, qiymati 50 million dollardan yuqori bo‘lgan noturar joy loyihalari uchun «yashil» sertifikat xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplanadi. Investor sotib olgan har bir yer maydonining 30 foizini yashil hududga aylantirish talabi ham Yangi Toshkentdagi loyihalarga qo‘llanmaydi.

Har bir viloyat va poytaxtning tumanlariga Yangi Toshkentdan 100 gektardan yer ajratiladi © Prezident matbuot xizmati

Yangi Toshkentda har bir viloyat va poytaxtning tumanlariga 100 gektardan yer ajratiladi. Bu haqda 12-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev u yerda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvda aytdi.

Endi tuman hokimlari o‘z tadbirkorlari bilan ishlab, yangi loyihalarni shu maydonlarga olib kelishi kerak. U yerlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli viloyat yoki poytaxt tumanining ko‘rsatkichlarida hisobga olinadi. 

Biriktirilgan hududlardagi yerlar bo‘yicha birinchi auksionda faqat o‘sha viloyat yoki tuman tadbirkorlari qatnashadi. 

Prezident Yangi Toshkent butun mamlakat ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyat maydoniga aylanishi lozimligini ta’kidladi.

«Yashil shahar»

Yangi Toshkent haqiqiy «yashil shahar» bo‘lishi shartligi yana bir bor ta’kidlandi. Bu yerda quriladigan obyektlarga «yashil bino» standartlari qo‘llanmoqda. Shu bilan birga, sertifikat olish tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajat ekani inobatga olindi. 

Qiymati 50 million dollardan yuqori bo‘lgan noturar joy loyihalari uchun «yashil» sertifikat xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplanadi. Investor sotib olgan har bir yer maydonining 30 foizini yashil hududga aylantirish talabi ham Yangi Toshkentdagi loyihalarga qo‘llanmaydi. Shaharning 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish bosh reja asosida davlat tomonidan ta’minlanadi. 

Yirik sarmoyadorlar bilan ishlashda ham yangi yondashuv joriy etiladi. Qiymati 50 million dollardan yuqori har bir loyihaga mas’ul biriktiriladi. U investorga obyekt ishga tushguniga qadar hamrohlik qilib, yuzaga keladigan masalalarni hal etishga ko‘maklashadi. 

«50 million dollardan yuqori har bir loyihaga – bitta investitsiya bitimi» tamoyili amal qiladi. Bitimda investorning majburiyatlari va tavakkalchiligi hisobga olinib, unga mos imtiyozlar paketi belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Yangi Toshkentga qancha investitsiya kiritilganini ma’lum qilgandi. Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. 2 yil avval bu yerda bir gektarning o‘rtacha qiymati 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozirda 19 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Теглар

Мавзуга оид