Logo

Har yili 50 ta yirik korxona akseleratsiya dasturi orqali IPO'ga tayyorlanadi

Бугун 14:382 дақиқа

Daromadi 1 trillion so‘mdan oshadigan 50 ta korxona har yili IPO'ga tayyorlanadi. Davlat ularni IPO'ga tayyorlash, hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatining yarmini qoplaydi.

Har yili 50 ta yirik korxona akseleratsiya dasturi orqali IPO'ga tayyorlanadi © stock

Endi mahalliy korxonalarni kapital bozoriga tayyorlash uchun nufuzli investitsiya banklari ishtirokida maxsus akseleratsiya dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Uning doirasida har yili daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Xorazmda o‘tkazilayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

Tanlab olingan korxonalar IPO'ga chiqishga tayyorlanadi, ularning moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish va boshqa zarur jarayonlar bo‘yicha xarajatlarining yarmi qoplab beriladi.

Maqsad xususiy sektorning tashqi kapital bozorlariga chiqishini tezlashtirish va mahalliy biznes uchun yangi moliyalashtirish manbalarini ochishdan iborat.

Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu mexanizm orqali xususiy korxonalar chetdan yiliga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilishi mumkin.

Shu bilan birga, yuqori texnologik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kadrlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Prezident har yili mamlakatda 50 milliard dollarlik shunday loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Shuningdek, yig‘ilishda 2026-yil O‘zbekiston kapital bozori uchun muhim voqea bilan boshlangani alohida ta’kidlandi. Joriy yilda ilk bor 13 ta strategik kompaniya aktivlarini birlashtirgan Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz ulushi Toshkent va London fond birjalariga joylashtirildi.

Qayd etilishicha, mazkur tajriba davlat aktivlarini xalqaro kapital bozoriga olib chiqish bilan cheklanmaydi. U xususiy sektor korxonalarining ham tashqi moliyalashtirish manbalariga chiqishi uchun yangi mexanizmlarni shakllantirishga turtki bo‘ldi.

Kadrlar uchun yangi tizim

Davlat rahbari har bir investitsiya loyihasining samarasi faqat texnologiyaga emas, balki uni boshqara va ishlata oladigan malakali kadrlarga ham bog‘liqligini ta’kidladi.

Shu maqsadda Urganch shahrida Germaniya va Xitoy tajribasi asosida o‘quvchilarni «yashil» energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik va elektrotexnika kabi 10 turdagi kasbga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu tajriba endilikda mamlakatning barcha hududlariga tatbiq etiladi. Texnikum tashkil qiladigan yoki davlat texnikumini boshqaruvga olib, xalqaro standartlar asosida kadr tayyorlaydigan tadbirkorlarning xarajatlari soliqdan chegirib beriladi.

Shu tizim orqali 1 million nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatish va ularni yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirish maqsad qilingan.

Теглар

Мавзуга оид

Har yili 50 ta yirik korxona akseleratsiya dasturi orqali IPO'ga tayyorlanadi | Vaqt.uz