Ichki ishlar xodimiga musht tushirgan haydovchining IIBdagi akasi ishdan olindi
Xodimga musht tushirilgan vaqtda haydovchining yonida uning akasi — Ichki ishlar tizimida mas’ul lavozimda ishlovchi podpolkovnik Sherzod Pardayev ham bo‘lgan.

Toshkent shahrida YPX xodimiga kuch ishlatgan haydovchi Bobur Pardayevga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. Uning ishiga aralashib, xizmat vakolatini suiiste’mol qilgan akasi — Sirdaryo viloyati IIB mas’ul xodimi, podpolkovnik Sherzod Pardayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Polkovnik akaning ishdan ketishi
Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati IIBda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Diyorbek Sattarov rahbarligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Sirdaryo viloyati IIB rahbar xodimi va uning yaqin qarindoshi ishtirokidagi huquqbuzarlik — mast haydovchining ichki ishlar xodimiga musht tushirgani va yonidagi podpolkovnik akasi bunga aralashgani muhokama qilingan.
Diyorbek Sattarovning ma’lum qilinishicha, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan podpolkovnik Sherzod Pardayev vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan lavozimidan ozod etilgan. Yig‘ilish yakunida mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha rahbar xodimlarga aniq ko‘rsatmalar berilgan.
O‘zi nima bo‘lgandi?
Holat 30-mart kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan. Hududda harakatlanib ketayotgan, davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan «Malibu» hamda «Leapmoto» avtomashinalari o‘zaro to‘qnashib ketgan. . Ushbu hodisadan so‘ng haydovchilar o‘rtasida kelishmovchilik va tortishuv yuzaga kelgan. Vaziyat chigallashgach, «Leapmotor» haydovchisi 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, «Malibu» haydovchisi YTH sodir etganini va unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotganini ma’lum qilgan.
Murojaat asosida voqea joyiga zudlik bilan patrul-post xizmati xodimlari yetib kelib, holatni rasmiylashtirishga kirishgan. Jarayon davomida «Malibu» haydovchisining mast holatda ekani gumon qilinib, unga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tish taklif qilingan. Biroq haydovchi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan qarshilik ko‘rsatgan va ulardan biriga tirsagi bilan kuchli zarba bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan voqea joyidan olingan videotasvirlarda xodimga musht tushirilgan vaqtda haydovchining yonida bo‘lgan akasi — Ichki ishlar tizimida mas’ul lavozimda ishlovchi podpolkovnik Sherzod Pardayev ham voqeaga aralashishga va vaziyatni bosti-bosti qilishga uringani aks etgan.
Haydovchi qamoqqa olingan
Bobur Pardayevning ichki ishlar xodimiga musht tushirishi holati yuzasidan Toshkent shahar sudlari rasmiy axborot berdi.
Unga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi sifatida jalb etilgan 1990 yilda tug‘ilgan Bobur Pardayevga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2026 yil 3-apreldagi qarori bilan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bugun ushbu sud ajrimi Toshkent shahar sudida apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining ajrimi o‘zgarishsiz, ayblanuvchi tomon keltirgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.





