Ilon Mask Tramp ma’muriyatiga qaytdi: u Pentagonning yangi loyihasini boshqaradi
U 2025-yilda DOGE tuzilmasini boshqargan, keyin esa Tramp bilan ochiq kelishmovchilikdan so‘ng ma’muriyatdan ketgan edi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari mudofaa vaziri Pit Hegset Ilon Mask prezident Donald Tramp ma’muriyati bilan yana hamkorlik qilishini ma’lum qildi. Mask Pentagonning «Project Meridian» deb nomlangan yangi tashabbusini boshqaradi.
Loyiha AQSH armiyasi kelajakda qaysi harbiy sohalarda ustunlikka ega bo‘lishi kerakligi va buning uchun qanday texnologiyalarni o‘zlashtirish zarurligini o‘rganishga qaratilgan. Hegset tashabbus doirasida kelajak urushlari uchun zarur bo‘ladigan qurollar va imkoniyatlar tahlil qilinishini aytgan.
Mask loyihani yolg‘iz boshqarmaydi. U bilan birga mudofaa texnologiyalari sohasida ishlaydigan Anduril kompaniyasi asoschisi Palmer Laki va AQSH Kongressi Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich ham ishtirok etadi. Loyiha bo‘yicha yakuniy xulosalarni 120 kun ichida tayyorlash rejalashtirilgan.
Bu Maskning Tramp ma’muriyatidagi avvalgi rasmiy faoliyatidan keyingi qaytishi bo‘ladi. U 2025 yilda hukumat samaradorligini oshirishga qaratilgan DOGE tuzilmasini boshqargan, keyin esa Tramp bilan ochiq kelishmovchilikdan so‘ng ma’muriyatdan ketgan edi. Keyinchalik ularning munosabatlari tiklangani haqida xabarlar tarqalgan.
«Project Meridian» Pentagonning harbiy texnologiyalarni yangilash bo‘yicha boshqa tashabbuslari bilan bir vaqtda e’lon qilindi. Hegset, shuningdek, dronlar va avtonom tizimlar bilan bog‘liq yangi harbiy qo‘mondonlik tashkil etilishini ham ma’lum qildi.





