Internet yulduziga aylangan maymuncha IKEA'ga kutilmagan foyda keltirdi
Panch ismli maymunchaning onasi o‘rniga orangutan ko‘rinishidagi yumshoq o‘yinchoqni quchoqlab yurgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lishi ortidan IKEA sotuvlari keskin oshdi.

Yaponiyadagi zooparkda onasi tashlab ketgan 6 oylik Panch ismli makakaning yumshoq o‘yinchoq ko‘tarib yurgan videotasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tez sur’atda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Maymunchaga nima bo‘lgan o‘zi?
Panch 2025 yil 26-iyul kuni 500 gramm vaznda tug‘ilgan. Ilk bor tug‘ruqni yozning issig‘ida boshdan kechirgan onasi unga yetarli g‘amxo‘rlik ko‘rsatmagan. Bog‘ xodimlarining aytishicha, maymunlarda ayrim holatlarda bolasini tashlab ketish holatlari uchrab turadi. Shu bois keyingi kundan boshlab xodimlar yosh maymunchani qo‘lda parvarish qilishni boshlagan.

Avval xodimlar boshqa ona maymunlar Panchni qabul qilib, uni parvarishni o‘z zimmasiga olishini kutgan. Biroq bunday holat kuzatilmagan.
Natijada sog‘lom bo‘lgan Panch vaqtincha guruhdan ajratilgan va sut bilan boqish yo‘lga qo‘yilgan.
Odatda bunday vaziyatlarda inkubatordan foydalaniladi. Ammo xodimlar maymuncha keyinchalik guruhga oson moslashishi uchun uni boshqa maymunlarning hidi va tovushlari yaqinida saqlab, tabiiy muhitga yaqin sharoit yaratishga harakat qilgan.

Maymunchalar tug‘ilgandan so‘ng onasining juniga yopishib, shu tarzda rivojlanadi. Panchda bu imkoniyat bo‘lmagani sababli xodimlar o‘ralgan sochiqlar va turli yumshoq o‘yinchoqlarni sinab ko‘rishgan. U esa orangutan ko‘rinishidagi o‘yinchoqni tanlagan.
Xodimlar ta’kidlashicha, uning juni ushlashga qulay va tashqi ko‘rinishi maymunga o‘xshash bo‘lgani Panchga xavfsizlik hissini bergan. U tunlari ham o‘yinchoqni quchoqlab uxlagan.
«Yumshoq o‘yinchoq unga onasining o‘rnini bosuvchi bo‘ldi», deydi bog‘ xodimlaridan biri.
Ijtimoiy tarmoqlardagi qiziqish
19-yanvar kuni Panch to‘liq ravishda maymunlar guruhiga qaytarilgan. Dastlab boshqa maymunlar uni qabul qilmagan. Panch esa yumshoq o‘yinchog‘ini qo‘yib yubormay, doim o‘zi bilan olib yurgan. Videolarda u kattaroq maymunlarga ehtiyotkorlik bilan yaqinlashib, mehr izlayotgani, ammo ba’zan rad etilgani yoki e’tiborsiz qoldirilgani aks etgan.
5-fevral kuni «Ichikava Siti Zoo» rasmiy X akkauntida: «Hozirda maymunlar tog‘chasi hududida yumshoq o‘yinchoq ko‘tarib yurgan yosh maymun bor», deya xabar berilib, Panch tanishtirilgan.
Kichik qahramon tez orada internet foydalanuvchilari e’tiborini qozongan. Turli platformalarda unga nisbatan mehr va himoya hissi bildirilgan: «asrab olardim va abadiy yaxshi ko‘rar edim», deb yozdi foydalanuvchilardan biri. Yana biri esa: «Uch kundan beri Panch sababli yig‘layapman», deya tan olgan.
Zooparkning bog‘ va botanika bo‘limi rahbari Takashi Yasunaga tashrifchilar Panchni yaqindan ko‘rish uchun ko‘proq kelayotganini, natijada tashriflar soni odatiy yillarga nisbatan oshganini ma’lum qilgan.
IKEA sotuvlarining oshishi
Ma’lum bo‘lishicha, Panch quchoqlab yurgan o‘yinchoq IKEA brendiga tegishli orangutan ko‘rinishidagi «Djungelskog» modeli bo‘lgan.

Panchning hikoyasi IKEA o‘yinchog‘i savdosiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, so‘nggi bir haftada sotuvlar 200 foizdan ortiqqa oshgan. Jami 990 dan ziyod o‘yinchoq sotilgan bo‘lib, bu odatiy haftalik o‘rtacha 400 dona ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir.
Ayniqsa, Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreyada ushbu orangutan o‘yinchog‘iga talab keskin ortgan. Do‘konlarda mahsulot qolmagani aytilmoqda.
IKEA vakillari xaridorlarni sabr qilishga chaqirib, o‘yinchoq tez orada yana yetkazib berilishini aytgan.
Sotuvlardagi keskin o‘sish narxlarga ham ta’sir qilgan. Rasmiy narxi 16 dollar bo‘lgan o‘yinchoq ayrim internet saytlarda 350 dollargacha qimmatlashgan. «Djungelskog» IKEA saytida besh yulduzli bahoga ega bo‘lib, 1400 dan ortiq sharh to‘plagan. Tavsifida u «yumshoq va quchoqlashga mos» ekani qayd etilgan.
Panchning mashhurligi ortidan IKEA Yaponiyadagi zooparkka bir qancha yumshoq o‘yinchoqlar hadya qilgan va reklamalarida maymunchadan foydalanmoqda.
Panchning yurakni ezuvchi, bir vaqtning o‘zida umid bag‘ishlovchi hikoyasi oddiy yumshoq o‘yinchoqni qisqa vaqt ichida global trendga aylantirdi.





