Kartadan kartaga pul o‘tkazish: dunyoda qanday ishlaydi?
Dunyo davlatlarida kartadan kartaga pul o‘tkazish tizimi bir xil emas: ayrim joylarda 16 xonali raqam kifoya bo‘lsa, boshqasida IBAN va alohida hisob raqami talab etiladi. Vaqt.uz O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya, Malayziya, Janubiy Koreya va Rossiya tajribasini o‘rgandi.

Dunyoning turli davlatlarida kartadan kartaga pul o‘tkazish tartibi (P2P) keskin farq qiladi. Ayrim mamlakatlarda maksimal soddalik tanlangan bo‘lsa, boshqasida xavfsizlik va nazorat sababli bir necha bosqichli tizim joriy etilgan. Quyida bir nechta davlat misolida P2P amaliyoti ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston
O‘zbekistonda P2P o‘tkazmalar sodda model asosida ishlaydi. Foydalanuvchi 16 xonali karta raqamini yoki telefon raqamini kiritadi, tizim avtomatik ravishda karta egasining ism-familiyasini chiqaradi. Shundan so‘ng summani kiritish va o‘tkazmani tasdiqlash kifoya.
Shuningdek, 21-yanvar kuni mobil ilovalar orqali P2P o‘tkazmalar uchun yangi qoidalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi o‘z akkauntiga faqat o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvarag‘i, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishi mumkin bo‘ladi. Ushbu qoida e’lon qilinganidan 3 oy o‘tib kuchga kiradi.
Yaqin qarindoshlar qatoriga ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka hamda opa-singillar, er-xotin, farzandlar (jumladan farzandlikka olinganlar), bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi va tug‘ishgan hamda o‘gay aka-uka va opa-singillari kiradi.
Qozog‘iston
Qozog‘istonda bank o‘tkazmalari eng universal usul hisoblanadi. Pulni mobil ilova yoki internet-banking orqali, shuningdek bankomat va bank kassasi orqali o‘tkazish mumkin.
Mobil ilovada o‘tkazma qilish uchun odatda 16 xonali karta raqami va summa kiritiladi. Ko‘plab banklar bank ichida telefon raqami orqali pul o‘tkazish imkonini beradi. Ayrim moliyaviy institutlar boshqa bank mijozlariga ham telefon raqami orqali mablag‘ yuborish imkoniyatini yaratgan. Buning uchun bank tezkor to‘lovlar tizimiga ulangan bo‘lishi kerak. Bunday o‘tkazmalar odatda bir necha soniyada amalga oshadi.
Bankomat orqali o‘tkazmada jo‘natuvchida ko‘pincha karta bo‘lishi talab etiladi. Qabul qiluvchining hisob raqami, karta raqami yoki telefon raqami kerak bo‘ladi. Ayrim banklar bankomat orqali faqat o‘z mijozlariga pul o‘tkazishga ruxsat beradi. Ba’zi hollarda esa jo‘natuvchida karta bo‘lmasa ham, agar qabul qiluvchining shu bankda hisob raqami mavjud bo‘lsa, o‘tkazma amalga oshirilishi mumkin.
Turkiya
Turkiyada banklararo o‘tkazmalarda 26 xonali IBAN raqamini kiritish talab etiladi. Qabul qiluvchining ism-familiyasini ham aniq ko‘rsatish zarur. Shuningdek, ayrim hollarda 16 xonali karta raqami orqali ham pul o‘tkazish mumkin.
Ko‘plab banklarda P2P o‘tkazmalar komissiyasiz amalga oshiriladi. Bankomat orqali ma’lum limitgacha (ayrim banklarda kuniga taxminan 1100 dollar atrofida) naqd pul yechish bepul. Bank filialiga murojaat qilinganda katta summalar ham foizsiz beriladi.
Malayziya
Malayziyada o‘tkazmalar yanada soddalashtirilgan. Ko‘plab hollarda mobil raqam yoki boshqa identifikatorni kiritish kifoya, tizim qolgan ma’lumotlarni avtomatik aniqlaydi. Onlayn to‘lovlar tezkor va aksariyat hollarda komissiyasiz.
Bankomat orqali kuniga taxminan 2500 dollar ekvivalentigacha naqd pul yechish mumkin. Agar bankning o‘ziga murojaat qilinsa, yirik summalar ham qo‘shimcha xarajatsiz beriladi.
Janubiy Koreya
Janubiy Koreyada tizim O‘zbekistondagidan ancha farq qiladi. Bu yerda P2P o‘tkazmalar kartaning ustidagi 16 xonali raqam orqali emas, balki bank tomonidan berilgan alohida hisob raqami orqali amalga oshiriladi. O‘tkazma qilishda dastlab bank tanlanadi, keyin o‘sha bank bergan hisob raqami kiritiladi. Kartaning ustidagi raqam orqali oddiy P2P o‘tkazma amalga oshirib bo‘lmaydi.
Karta raqami asosan onlayn shopping uchun ishlatiladi. Internet orqali xarid qilinganda kartaning ustidagi 16 xonali raqam va orqa tomonidagi uch xonali xavfsizlik kodi kiritiladi. Ya’ni, kundalik pul o‘tkazmalarda hisob raqami, onlayn savdoda esa karta rekvizitlari ishlatiladi.
Karta PIN-kodi ham mavjud, biroq u doimiy ravishda ishlatilmaydi. Asosan bankomatdan pul yechishda yoki bank ichidagi ayrim operatsiyalarda so‘raladi. Do‘kon to‘lovlarida PIN-kod har doim ham talab qilinmaydi. Ayrim foydalanuvchilar koddan kam foydalangani sababli uni unutib qo‘yishi ham mumkin.
Rossiya
Rossiyada P2P tizimi maksimal soddalashtirilgan. Mablag‘ yuborish uchun bankka ulangan telefon raqamini kiritish kifoya. Tizim foydalanuvchining qaysi banklarda kartasi mavjudligini ko‘rsatadi va kerakli hisob tanlanadi.
Shu sababli karta raqami yoki hisob rekvizitlarini eslab qolish shart emas. O‘tkazmalar bir necha soniya ichida amalga oshiriladi va tizim keng ommalashgan.
Ko‘rinib turibdiki, dunyoda P2P o‘tkazmalar bo‘yicha yagona model mavjud emas. Ba’zi davlatlar foydalanuvchiga maksimal qulaylik berishni tanlagan — telefon raqami yoki oddiy karta rekviziti kifoya. Boshqalar esa hisob raqami, IBAN va qo‘shimcha identifikatsiya orqali xavfsizlikni ustuvor qo‘yadi.
Теглар






