Logo

«Manchester Siti» moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topildi. Klub qoidabuzarliklar sabab chempionlik unvonlaridan mahrum qilinadimi?

Бугун 18:2310 дақиқа

Klub umumiy qiymati $1,2 mln bo‘lgan moliyaviy qoidabuzarliklarda ayblanmoqda. Bu klubga qanday oqibatlar olib kelishi mumkin?

«Manchester Siti» moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topildi. Klub qoidabuzarliklar sabab chempionlik unvonlaridan mahrum qilinadimi? © Getty Imagеs

«Manchester Siti» moliyaviy feyr-pley qoidalarini chetlab o‘tish maqsadida moliyaviy qoidalarni buzganlikda ayblanib, tekshiruvga tortildi. Angliya Premer-ligasi (APL)ning mustaqil komissiyasi klubni 115 bandning 114 tasi bo‘yicha aybdor deb topdi. Gap 2009–2018-yillar oralig‘ida sodir etilgan, umumiy qiymati $1,2 mln bo‘lgan qoidabuzarliklar haqida ketmoqda.

Klub komissiya xulosalariga 2-oktabrgacha shikoyat qilishi mumkin. APL ta’kidlashicha, jazolar masalasi alohida ko‘rib chiqiladi. Liga qoidalariga ko‘ra, bu yig‘ilish yopiq tarzda o‘tkaziladi va uning natijalari e’lon qilishga ruxsat berilmaguncha maxfiy saqlanadi. Mustaqil komissiyaning tinglovlari 2024-yilning sentabrida boshlangan va o‘sha yilning dekabrida yakunlangan. Qaror esa deyarli ikki yil o‘tib ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruvga «Spiegel» jurnalida «Football Leaks» loyihasi bilan hamkorlikda tayyorlangan bir qator maqolalar sabab bo‘lgan. 2018-yilning noyabrida «Spiegel»da «Manchester Siti» rahbarlarining buzib kirilgan elektron pochtalaridan olingan ma’lumotlar e’lon qilingan. Bu ma’lumotlarni portugaliyalik xaker Rui Pinto to‘plagan edi. Ulardan «Manchester Siti» Angliya Premer-ligasi va UEFAning moliyaviy qoidalarini ataylab buzgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar chiqqan.

«Manchester Siti» o‘zining aybsiz ekanini ta’kidlamoqda va komissiya qarori ustidan shikoyat qilmoqchi. «Sky Sports» ma’lumotiga ko‘ra, klubning buning uchun 14 kuni bor. Agar shikoyat berilsa, uni yangi tarkibdagi komissiya ko‘rib chiqadi.

«Jarayon hali yakunlanishidan ancha uzoqda. Klubning o‘z pozitsiyasini himoya qilishga bo‘lgan ishonchi va qat’iyati ish boshidagidek kuchli. Men sizlarga vaziyatni yaxshiroq tushunishingizga yordam beradigan ko‘plab narsalarni aytishni xohlardim. Ammo sud jarayonining qat’iy maxfiyligi va biz bu talabga rioya qilishga intilayotganimiz bunga imkon bermaydi. Hatto bu maktub ham barcha talablarga mos kelishini ishonch hosil qilish uchun bir necha marta yuridik tekshiruvdan o‘tkazildi», — dedi klub boshqaruv kengashi raisi Xaldun Al-Muborak.

2008-yilning sentabrida, yozgi transfer oynasi yopilayotgan kuni Abu Dhabi United Group (ADUG) «Manchester Siti»ni £200 mln evaziga sotib oldi. Shayx Mansur bin Zoid Al-Nahayyon boshchiligidagi guruh klubning 90 foiz ulushini Tailandning sobiq bosh vaziri Taksin Chinnavatdan sotib oldi. Yangi egalar transfer oynasi yopilayotgan kunning o‘zidayoq «Real»dan Robinoni £32,5 mln evaziga sotib olishdi.

Shundan keyin «Manchester Siti» transfer bozoridagi asosiy klublardan biriga aylandi va APLdagi bir qator rekordlarni yangiladi.

2013-yilda «Manchester Siti» dunyoning turli mamlakatlaridagi klublarga egalik qiluvchi «City Group» boshqaruviga o‘tdi. Guruhning 81 foizi ADUGga, 18 foizi Amerikaning «Silver Lake» kompaniyasiga, qolgan 1 foizi esa Xitoyning «China Media Capital» va CITIC Capital kompaniyalariga tegishli.

«Manchester Siti» nimada ayblangan?

8 ta ehtimoliy qoidabuzarlik italiyalik murabbiy Roberto Manchinining maoshi bilan bog‘liq. Klub murabbiyga beriladigan mukofot va boshqa to‘lovlar haqida «to‘liq ma’lumot taqdim etish» talabini buzganlikda ayblangan. «Spiegel» ma’lumotlariga ko‘ra, Manchini «Manchester Siti»dan yiliga £1,45 mln maosh olgan. Bundan tashqari, unga Abu-Dabida joylashgan «Al-Jazira» klubida maslahatchi sifatida ishlagani uchun yana yiliga £1,75 mln to‘langan. U bu vazifaga yiliga atigi to‘rt kun vaqt ajratishi kerak bo‘lgan.

Manchiniga tegishli «Italy International Services» (IIS) kompaniyasi har chorakda «City Group» kompaniyasiga hisob-faktura yuborgan. «City Group» esa pulni ADUGga o‘tkazgan, ADUG esa bu mablag‘ni «Al-Jazira»ga Manchini uchun to‘lov sifatida yuborgan.

12 ta holat futbolchilarning maoshlariga bog‘liq. Klub futbolchilarning shartnomalarida ularga to‘lanadigan barcha mablag‘larni to‘liq ko‘rsatish talabini buzgan. Komissiya 2010/11-yildan 2015/16-yilgacha bo‘lgan har bir mavsumda ikkitadan qoidabuzarlikni tasdiqlagan. Masalan, «Der Spiegel» ma’lumotlariga ko‘ra, yarim himoyachi Yaya Turening maoshining bir qismini to‘lash uchun klub o‘sha paytdagi futbolchining agenti Dimitriy Selyukka tegishli «DS Management Ltd» ofshor kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. Shartnoma «Manchester Siti» bilan emas, ADUG bilan tuzilgan. Shartnomalarda futbolchining imidjidan foydalanish shartlari ko‘rsatilgan va to‘lovlar jadvali belgilangan: avval £3,45 mln, keyin esa £4 mln to‘langan.

50 ta ayblov to‘qqiz mavsum davomida daromadlar haqidagi ma’lumotlarni yashirish bilan bog‘liq. Klub 2009/10-yildan 2017/18-yilgacha homiylikdan olingan daromadlari haqida ma’lumot bermagan. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, pullarning asosiy qismi homiylarning o‘zidan emas, ADUG tomonidan to‘langan. Bu davrdagi ikkita asosiy homiylik shartnomasi Abu-Dabiga tegishli davlat kompaniyalari — «Etisalat» (telekommunikatsiya) va «Etihad» (aviakompaniya) bilan tuzilgan.

photo_2026-10-01_18-31-00

UEFA intizom qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2012–2013-yillardagi ikki yillik £16,5 mlnlik homiylik shartnomasida «Etisalat» atigi £1,5 mln to‘lagan, qolgan £15 mlnni esa ADUG bergan. UEFA ma’lumotlariga ko‘ra, «Etihad» esa 2012/13, 2013/14 va 2015/16-mavsumlarida mos ravishda £35 mln, £65 mln va £67,5 mlnlik homiylik shartnomalari bo‘yicha jami £8 mln to‘lagan. Qolgan mablag‘ni ADUG bergan.

Shu ma’lumotlarga asoslanib, UEFA «Manchester Siti»ni ikki yilga Yevropa musobaqalaridan chetlatgan va €30 mln jarima solgan.

Biroq CAS tez orada bu qarorni bekor qildi. «Etisalat» bilan bog‘liq kelishuvlar bo‘yicha sud jazoni da’vo muddati o‘tib ketgani sababli bekor qildi. «Etihad» bilan bog‘liq shartnomalar bo‘yicha esa sud a’zolarining ko‘pchiligi ayblovlarni tasdiqlash uchun yetarli dalillar yo‘q degan xulosaga keldi.

30 ta holat tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish va tergovga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq. Ayblov xulosasida «Manchester Siti» Premer-liga bilan hamkorlik qilish, tekshiruvlar vaqtida hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etish talablarini buzganlikda ayblangan. «Siti» bunday ayblovlarga avval ham duch kelgan. 2020-yilda Sport arbitraj sudi (CAS) UEFA tergoviga «to‘sqinlik qilgani» uchun «Manchester Siti»ni €10 mln jarimaga tortgan.

Qolgan ayblovlar foyda va moliyaviy barqarorlik qoidalari — PSR bilan bog‘liq. PSR qoidalariga ko‘ra, klubning uch yil davomida ko‘rgan umumiy zarari £105 mlndan oshmasligi kerak. «Manchester Siti» bu qoidani soxta homiylik shartnomalari, transferlardan tushgan daromadlarni oshirib ko‘rsatish va xarajatlarni kamaytirib ko‘rsatish orqali bir necha marta buzganlikda ayblangan.

Shubhali chempionlik o‘yini

2012-yil 13-may kuni «Manchester Siti» 44 yillik tanaffusdan keyin ilk bor Angliya chempioni bo‘ldi. So‘nggi turda u o‘z uyida APLda qolish uchun kurashayotgan «Queens Park Rangers» (QPR) bilan o‘ynadi. «Siti»ga g‘alaba kerak edi. Mehmonlarga esa durang yetarli edi yoki «Siti»ning asosiy raqibi «Bolton» mag‘lub bo‘lishi kerak edi. Tanaffusga «Siti» 1:0 hisobida oldinda chiqdi. Ammo ikkinchi bo‘limda vaziyat o‘zgardi. 92-daqiqaga kelib, «Siti» 1:2 hisobida yutqazayotgan edi. Bunday natijada chempionlik «Manchester Yunayted»ga o‘tardi. «Yunayted» o‘z o‘yinini allaqachon tugatgan va chempionlikni nishonlashni boshlagan edi.

Ammo keyin aql bovar qilmaydigan voqea yuz berdi. «Siti» bir yarim daqiqa ichida ikkita gol urib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Chempionlikni olib kelgan golni Serxio Aguyero urdi. «Queens Park Rangers» so‘nggi daqiqalarda mag‘lub bo‘lsa ham APLda qolishini bilgan edi. Ko‘pchilik «QPR»ning ikkinchi golni o‘tkazib yuborganidan keyin raqibga qarshi deyarli kurashmagandek ko‘ringaniga e’tibor qaratdi. Keyinchalik uchrashuv bosh hakami Mayk Din ham Ueyn Runi bilan bo‘lgan teleko‘rsatuvda bu holatni eslagan. Runi 2011/12-mavsumda «Manchester Yunayted» safida o‘ynagan.

Din: «QPR» o‘zining xavfsiz ekanini bilganida...
Runi: Aynan. Men nima demoqchi ekaningizni bilaman.
Din: 2:2 hisobida «QPR» go‘yo allaqachon bayram qilayotgandek edi. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida 2:2 hisobida shunchaki to‘pni orqaga qaytarib, vaqtni cho‘zish mumkin edi. Ammo Jeymi Maki markazdan to‘p o‘yinga kiritilgandan keyin uni raqibga qaytarib berdi. Men esa: «Bu yerda nima bo‘lyapti? Nega ular to‘pni darhol raqibga qaytarishdi?» deb o‘yladim. Qulog‘imdagi hamkasbimdan ham xuddi shu savolni eshitdim.
Runi: «QPR» tarkibida «Siti» va «Liverpul»da o‘ynagan ko‘plab futbolchilar bor edi. «Siti» tarbiyalanuvchisi Joyi Barton ularga yaxshi sovg‘a qildi.
Din: Ha, bu juda g‘alati edi.
Runi: Keyinchalik Barton «Siti» bilan birga g‘alabani nishonlaganini tan oldi.
Din: Menimcha, bunday holat boshqa hech qachon takrorlanmaydi. Butun mavsumdagi chempionlik so‘nggi zarbada hal bo‘ldi. Men hali ham Maki nima uchun markazdan to‘p o‘yinga kiritilgach, uni orqaga tepib yubormasligini tushuna olmayman. Buni umuman tushunmayman. Bilmayman...

Bu o‘yin yillar davomida savollarni keltirib chiqardi. Shu sababli «Manchester Siti»ning moliyaviy qoidabuzarliklari haqidagi yangiliklardan keyin ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha o‘yin ham yana muhokama qilina boshlandi.

Biroq «Manchester Siti»ga bu o‘yin bo‘yicha hech qanday rasmiy ayblov qo‘yilmagan.

«Manchester Siti»ga qanday jazolar berilishi mumkin?

Mustaqil komissiya klub aybdor deb topilgandan keyin unga qanday jazo berilishini belgilashi kerak. Mumkin bo‘lgan jazolar doirasi juda keng. Ular orasida katta miqdorda jarima, ochko olib tashlash, chempionlik unvonlaridan mahrum qilish, transferlarga cheklov qo‘yish, Premer-ligadan chiqarib yuborish va professional maqomdan mahrum qilish bor.

«Manchester Siti»ning 1998–2003-yillardagi sobiq raisi va 2011–2013-yillarda Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) rahbari bo‘lgan Devid Bernshteyn klubni «juda qattiq jazo» kutayotganini aytdi. Uning fikricha, faqat pul jarimasi yetarli emas, «afsuski, bundan ham keskinroq chora kerak».

Bukmekerlar ishning mumkin bo‘lgan oqibatlari bo‘yicha maxsus stavkalarni ham ochishgan. Maqola e’lon qilingan paytda eng past koeffitsiyent keyingi mavsumda ochko olib tashlashga berilgan — 2,75. Joriy mavsumda ochko olib tashlanishiga esa 3,50 koeffitsiyent berilgan. Sport huquqi bo‘yicha yurist Ian Xargrevz «Reuters»ga bergan intervyusida jazolar transferlarni taqiqlashdan tortib, klubni ligada chiqarib yuborishgacha bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy masalalardan biri jazoning qoidabuzarliklar darajasiga mos kelishi bo‘ladi. Sport huquqi bo‘yicha yurist Jeyms Xill esa yakunlangan chempionatlar natijalarini qayta ko‘rib chiqish ehtimolini past deb hisoblaydi.

«Odatda komissiyalar chempionlik unvonlarini sud orqali aniqlashni yoqtirmaydi. Bunday yondashuv klub uchun haqiqiy va sezilarli jazo bo‘lmaydi. Agar ochkolar olib tashlansa, menimcha, bu keyingi mavsumlarda ham qo‘llanadi», — dedi Xill «The Athletic» nashriga.

APL qoidalarining W.51.7-bandiga ko‘ra, komissiya bir nechta jazoni birgalikda qo‘llashi yoki tegishli deb hisoblagan boshqa jazolarni ham belgilashi mumkin. Biroq har qanday jaza qoidabuzarliklarga mos bo‘lishi kerak. Aks holda, apellyatsiya vaqtida u bekor qilinishi mumkin.

Angliya futbolida moliyaviy qoidabuzarliklar uchun sport jazolari berilgan holatlar avval ham bo‘lgan. 2023/24-mavsumda «Everton» foyda va moliyaviy barqarorlik qoidalarini ikki marta buzganligi uchun jami sakkiz ochkodan mahrum qilingan. «Nottingham Forest» esa to‘rt ochko yo‘qotgan. «Manchester Siti»ning ishi bu holatlardan ko‘rib chiqilayotgan davrning uzoqligi va klub aybdor deb topilgan holatlar sonining ko‘pligi bilan farq qiladi.

Jazoning hajmi va turi mustaqil komissiya tomonidan belgilanadi. Uning qarori ham apellyatsiya qilinishi mumkin. Shu sababli bu jarayon qachon va qanday yakunlanishini hozircha aytish qiyin.

«Manchester Siti» chempionlik unvonlaridan mahrum qilinsa, kim g‘olib bo‘ladi? «Manchester Siti» 2009–2018-yillarda qo‘lga kiritgan sovrinlar

Angliya chempionligi:

2011/12
2013/14
2017/18

Angliya kubogi:

2010/11

Angliya Superkubogi:

2012

Angliya Liga kubogi:

2013/14
2015/16
2017/18

Agar mustaqil komissiya «Manchester Siti»ni ushbu sovrinlardan mahrum qilishga qaror qilsa, sovrinlar uchun birdaniga oltita klub nomzod bo‘ladi.

«Siti» natijalari qayta ko‘rib chiqilsa, ehtimoliy g‘oliblar

Premer-liga:
2011/12: «Manchester Yunayted»
2013/14: «Liverpul»
2017/18: «Manchester Yunayted»

Angliya kubogi:
2010/11: «Stok Siti»

Angliya Liga kubogi:
2013/14: «Sanderlend»
2015/16: «Liverpul»
2017/18: «Arsenal»

Superkubok:
2012/13: «Chelsi»

Nega chempionlik unvonlaridan mahrum qilish eng og‘ir oqibat bo‘lmasligi mumkin?

«Manchester Siti» umumiy qiymati £1 mlrddan oshadigan kompensatsiya talablari bo‘yicha sud ishlariga duch kelishi mumkin. «The Times» nashri shu haqda yozgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, «Arsenal», «Liverpul», «Manchester Yunayted» va «Tottenhem» 2024-yildayoq «Manchester Siti»ga yuridik bildirishnomalar yuborgan. Ular klub jiddiy qoidabuzarliklarda aybdor deb topilsa, kompensatsiya talab qilish huquqini saqlab qolishgan. Bu bildirishnomalar yuristlar to‘rt klubga mumkin bo‘lgan olti yillik da’vo muddati haqida ma’lumot berganidan keyin yuborilgan. Bu muddat 2024-yil 5-noyabrda, ya’ni «Spiegel» «Manchester Siti» haqidagi ilk ayblovlarni e’lon qilganidan olti yil o‘tib tugashi kerak edi.

«Manchester Yunayted» «Siti»ning muvaffaqiyatlari sabab klub ko‘rgan zararlarni allaqachon hisoblab chiqqan. Jumladan, gap «Siti»dan keyin Premer-ligada uch marta ikkinchi o‘rin egallash va 2015/16-mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘lish haqida ketmoqda. APLda bunday da’volar bo‘yicha avval ham holat bo‘lgan.

Avvalroq mustaqil komissiya «Everton»ni «Byornli»ning da’vosi bo‘yicha deyarli £40 mln kompensatsiya to‘lashga majbur qilgan. Komissiya «Everton» 2021/22-mavsumda moliyaviy qoidalarni buzish orqali sport ustunligiga ega bo‘lgan degan xulosaga kelgan. «Byornli» o‘sha mavsumda APLdan tushib ketgan, «Everton» esa ligada qolgan. «Aston Villa»ning sobiq bosh direktori Kristian Purslau vaziyat sud da’volari bo‘yicha «nazoratdan chiqib ketishi» mumkinligi haqida ogohlantirdi.

«Savol shundaki, bularning barchasi nima bilan tugaydi? Chunki agar “Manchester Siti” qoidalarni buzgan deb aytilayotgan to‘qqiz mavsumning har biriga qarasak, o‘sha mavsumlarda “Siti”ning APLdagi 19 ta raqibining barchasi ma’lum darajada hisoblash mumkin bo‘lgan zarar ko‘rgan», — dedi Purslau BBC Radio 4 efirida.

«Liverpul» va «Chelsi»da ham rahbarlik lavozimlarida ishlagan Purslau qo‘shimcha qilishicha, «to‘xtovsiz davom etadigan sud da’volari» ingliz futboliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va noaniqlikni kuchaytirishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид