Logo

Markaziy bank birinchi islomiy moliya standarti — «Murobaha»ni joriy etishni taklif qilmoqda

Ushbu tizimda komissiyalar bekor qilinadi, kechikkan to‘lovlar uchun jarimalar xayriyaga yo‘naltiriladi.

Markaziy bank birinchi islomiy moliya standarti — «Murobaha»ni joriy etishni taklif qilmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatda birinchi islomiy moliya standarti — «Murobaha»ni tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Ushbu hujjat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi moliya muassasalari tomonidan murobaha operatsiyasini tashkil etish tartibi va qat’iy qoidalarini belgilab beradi. Loyiha muhokamasi joriy yilning 1-noyabriga qadar davom etadi.

Murobaha — bu moliya muassasasi tomonidan tovarning boshlang‘ich qiymati va unga qo‘shilgan ustama (foyda) miqdorini mijozga oldindan ma’lum qilgan holda, uni nasiyaga sotish orqali moliyalashtirish amaliyotidir.

Ishlab chiqilgan standartga ko‘ra, moliya muassasasi tovarni o‘z mulkiga olmasdan turib, uni murobaha asosida sotishi taqiqlanadi. Tovarning mulk huquqi mijozga o‘tgunga qadar u bilan bog‘liq barcha yo‘qotish xavfi va tavakkalchiliklar bank zimmasida bo‘ladi. Tovar narxi va bankning ustamasi shartnoma tuzilayotgan vaqtda aniq belgilanishi, kelajakda noaniq ko‘rsatkich yoki indekslarga bog‘lanmasligi shart.

Shuningdek, hujjatda quyidagi cheklov va qoidalar belgilangan:

— «Iyna savdosi» taqiqlanadi: Mijoz o‘ziga tegishli tovarni bankka sotib, so‘ng uni boshqa narxda nasiyaga qayta sotib ololmaydi.

— Cheklangan tovarlar: Oltin, kumush yoki valutalar savdosi bo‘yicha nasiyaga asoslangan murobaha shartnomasini tuzish mumkin emas.

— Komissiyalar bekor qilinadi: Bank moliyalashtirish majburiyatini olgani uchun mijozdan qo‘shimcha komissiya, yig‘im yoki boshqa to‘lovlarni undirishga haqli emas.

— Jarimalar xayriyaga yo‘naltiriladi: Agar mijoz to‘lovni kechiktirsa va shartnomada jarima (neustoyka) undirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bu mablag‘lar bank daromadiga o‘tkazilmaydi, aksincha, to‘liq hajmda xayriya maqsadlariga yo‘naltiriladi.

Hujjatda qayd etilishicha, bank tovarni sotib olishda chegirmaga ega bo‘lsa, bu chegirma mijozga ham taqdim etilishi va tovarning sotuv narxi shunga mutanosib ravishda kamaytirilishi lozim. Agar mijoz to‘lov majburiyatlarini muddatidan oldin bajarsa, bank o‘z ixtiyoriga ko‘ra adolat yuzasidan to‘lov summasining bir qismidan mijoz foydasiga voz kechishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Теглар

Мавзуга оид