Logo

Markaziy Osiyo safari: Rubio keldi, hamma Samarqandda

Mintaqaning ayrim davlatlarida ichki islohotlar ortidan «Soros jamg‘armasi» va AQSH budjetidan bevosita yoki bilvosita moliyalashtiriladigan boshqa nodavlat tashkilotlar faoliyati to‘xtatilgan. Shu sababli Rubio tashrifi hamkorlikning yangi shakliga o‘tish sifatida talqin qilinmoqda. Samarqandga kelgan amerikalik tadbirkorlar orasida «Boeing» aviakompaniyasi, «Citibank» banki va «Franklin Templeton» investitsiya fondi vakillari, shuningdek, muhim foydali qazilmalar bilan ishlaydigan kompaniyalar bor.

Markaziy Osiyo safari: Rubio keldi, hamma Samarqandda © Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 18-oktabr kuni turmush o‘rtog‘i bilan birga O‘zbekistonga keldi. Amerikalik diplomatning samolyoti Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Unga rafiqasi Janett Dusdebes Rubio hamrohlik qilmoqda. Ularni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor va AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik kutib oldi.

1


Rubio Amerikadan yo‘lga otlanayotib, samolyot trapi oldida bergan intervyusida nega aynan Samarqandga kelayotganini aytgandi. O‘zbekistonga safari oldidan jurnalistlar bilan suhbatda u tashrif sanasi mintaqadagi davlat rahbarlarining ish jadvali va beshta davlat tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvini bir vaqtda tashkil etish imkoniyatini hisobga olgan holda belgilanganini aytdi.

2

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, AQSH nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston vaTurkmaniston bilan ham aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor.

U xalqaro inqirozlar va boshqa shoshilinchmasalalar muhim tashriflarni ortga surib qo‘yishi mumkinligini, ammo bu davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish ham muhim ekanini ta’kidladi.

Davlat kotibi diplomatlar ko‘pincha inqiroz yuzaga kelgan yoki muammolar paydo bo‘lgan hududlarga, shuningdek,xalqaro anjumanlar o‘tkaziladigan mamlakatlarga borishga majbur bo‘lishini aytdi.

3


Biroq uning fikricha, AQSH uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan davlatlarga tashrif buyurishuchun ham vaqt topishi kerak. Rubio bunga misol qilib, yaqinda Gretsiya va Lotin Amerikasi davlatlariga qilgan safarlarini keltirdi. Endesa Markaziy Osiyoga tashrif buyurish navbati kelganini aytdi.

Tanlangan sanalar mintaqadagi beshta davlat tashqi ishlar vazirlarini bir joyga to‘plash imkonini bergan. Aynan Samarqandda Rubio AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni birlashtiruvchi C5+1 formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etadi. Shu bois qo‘shni davlatlarning rasmiylari birin-ketin yetib kelmoqda.

4

Markaziy Osiyoga safar Hindistonga tashrif bilan birgalikda tashkil etilgan va 22-oktabrgacha davom etadi.

Amerika tashqi siyosat idorasining ta’kidlashicha, C5+1 formatidagi uchrashuv AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik va farovonlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.

Tashrif doirasida Rubio mintaqa davlatlari vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazadi.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Davlat kotibiga 200 nafardan ortiq amerikalik tadbirkor hamrohlik qilmoqda. Vashington ushbu tashrif AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga yordam berishiga umid qilmoqda.

Safarni tashkil etishda AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor faol ishtirok etdi. U O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lib, ayni paytda AQSHning Hindistondagi elchisi hamda Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili vazifalarini birgalikda bajarmoqda.

Tashrif arafasida, 16-oktabr kuni Gor Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Ular bo‘lajak muzokaralarga tayyorgarlik, C5+1 formatidagi yig‘ilish va O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasidagi biznes va investitsiyaviy hamkorlik kengashining ikkinchi uchrashuvini muhokama qildi.

O‘zbekiston tomoni siyosiy bayonotlar bilan cheklanib qolmasdan, aniq loyihalar va tashabbuslarni ishlab chiqish zarurligini alohida ta’kidladi.

Tabiiyki, AQSH Davlat kotibining O‘zbekistonga tashrifi, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo ekspertlarining katta e’tiborini tortdi va turli tahlillarga sabab bo‘ldi.

Markaziy Osiyoning ayrim davlatlarida ichki islohotlar ortidan «Soros jamg‘armasi» va AQSH budjetidan bevosita yoki bilvosita moliyalashtiriladigan boshqa nodavlat tashkilotlar faoliyati to‘xtatilgan. Shu sababli Rubio tashrifi hamkorlikning yangi shakliga o‘tish sifatida talqin qilinmoqda.

Davlat kotibining o‘zi bilan amerikalik tadbirkorlar va bo‘lajak investorlarni olib kelayotgani AQSHning Markaziy Osiyodagi ishtirokini kuchaytirish, Amerika biznesining mintaqa bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va tabiiy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga intilayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Vashington Rossiya va Xitoy bilan an’anaviy ravishda yaqin aloqada bo‘lgan mintaqa davlatlari bilan munosabatlarini mustahkamlashga harakat qilmoqda.

Ayni paytda AQSHning bugungi siyosati Sovet Ittifoqi parchalangandan keyingi dastlabki o‘n yilliklarda olib borilgan siyosatdan sezilarli darajada farq qiladi. Endilikda asosiy e’tibor investitsiyalar, savdo, energetika va strategik resurslarga qaratilmoqda.

Vashingtonning asosiy amaliy manfaatlari, anchadan beri ma’lum bo‘lganidek, muhim foydali qazilmalar, energetika, transport yo‘laklari va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarini xalqaro ta’minot zanjirlariga qo‘shish imkoniyatlari bilan bog‘liq. Bugungi kunda bu zanjirlarning ko‘pchiligi Xitoyga bog‘liq.

«Reuters» agentligining ta’kidlashicha, AQSH mintaqadagi noyob yer metallari va boshqa strategik resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, savdo aloqalarini mustahkamlashga intilmoqda.

Samarqandga kelgan amerikalik tadbirkorlar orasida «Boeing» aviakompaniyasi, «Citibank» banki va «Franklin Templeton» investitsiya fondi vakillari, shuningdek, muhim foydali qazilmalar bilan ishlaydigan kompaniyalar bor. Qolaversa oldinroq Serjio Gor o‘zining X sahifasida «Traxys», «Starlink», «Air Products» singari kompaniyalar ham borligini aytgandi.

«Davlat kotibi Rubioning O‘zbekistonga tarixiy biznes safarida Amerika kompaniyalari ham ishtirok etayotganidan xursandman! Bugun ertalab Traxys, Starlink, Air Products va boshqa ko‘plab kompaniyalar vakillari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdim. Suhbatlarda muhim foydali qazilmalar, energetika sohasidagi hamkorlik va qishloq xo‘jaligi masalalarini muhokama qildik. Biz AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda davom etmoqdamiz», — deya yozgan edi Gor.

O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng Rubio Hindistonga yo‘l oladi. Mumbay va Jamnagarda Hindiston hukumati vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan. Ularda strategik hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro masalalar, shuningdek, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, AQSH Davlat kotibi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan ham muzokaralar o‘tkazadi.

O‘zbekiston prezidenti Samarqandda

Respublika rahbari ham Samarqandga bordi. An’anaga ko‘ra, davlat boshlig‘i dastlab Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duolar qilindi. Qolaversa, birinchi prezident xotirasi yod etildi. Mirziyoyev Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, marhum Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, duo o‘qildi.

Viloyatga safar davomida transport infratuzilmasi va zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan tanishish rejalashtirilgan. 19-oktabr kuni, davlat rahbari Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi va qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Saida Mirziyoyeva Rubioning tashrifi haqida

Administratsiya rahbari AQSH Davlat kotibi Marko Rubioni ko‘hna va navqiron Samarqand zaminida qutlashdan mamnunligini yozdi va bu Rubioning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi ekanini qayd etdi.

«Oldinda C5+1 formatidagi muhim muzokaralar, biznes doiralari vakillari bilan uchrashuvlar hamda Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi kutmoqda. O‘zbekistonga xush kelibsiz, janob Rubio!», — deya yozdi Mirziyoyeva.

Теглар

Асадбек Комилов

Асадбек КомиловМақолалар сони: 367

Барчаси

Мавзуга оид

Markaziy Osiyo safari: Rubio keldi, hamma Samarqandda | Vaqt.uz