Metan «zapravka»lar cheklov bilan ishlamoqda
Havo harorati ko‘tarilishiga qaramay, metan quyish shoxobchalari faoliyati cheklangan holda faoliyat yuritadi.
© Foto: Vaqt.uzBugun, 7-mart kuni respublika bo‘ylab metan gaz quyish shoxobchalari cheklov bilan ishlamoqda. Ma’lum qilinishicha, metan «zapravka»lar soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi.
Energetika vazirligi axborotiga ko‘ra, ushbu cheklov gaz ta’minoti tizimidagi bosim bilan bog‘liq holatlardan kelib chiqqan holda joriy etilgan. Shu sababli metan quyish shoxobchalari belgilangan vaqt oralig‘ida ishlashi rejalashtirilgan.
Farg‘ona vodiysi hududlarida esa vaziyat alohida tartibda hal etilishi aytilmoqda. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda metan zapravkalarning ish vaqti gaz bosimi holatidan kelib chiqib, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Ayrim hududlardan kelib tushgan murojaatlarda Farg‘ona vodiysidagi ba’zi gaz quyish shoxobchalari umuman ishlamayotgani haqida xabarlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, 6-mart kuni Energetika vazirligi magistral gaz quvurlarida bosimni me’yorga keltirish ishlari davom etayotgani tufayli metan «zapravka»lar asosan ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi transport va jamoat transporti uchun ishlashini ma’lum qilgan.





