Mikroqarz shartnomalarini o‘qimaslik qanday oqibatlarga olib keladi?
Raqobat qo‘mitasi mikroqarz oluvchilarning murojaatlarini tahlil qilib, iste’molchilar uchun muhim ogohlantirish berdi.

Mikroqarzni mobil ilova orqali bir necha daqiqada rasmiylashtirish mumkin. Biroq jarayonning osonligi iste’molchilarni shartnoma shartlarini to‘liq o‘rganmasdan moliyaviy majburiyat olishga olib kelishi mumkin. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar tahlili iste’molchilar ko‘p hollarda shartnomani to‘liq o‘qimasligi, o‘z huquq va majburiyatlarini yetarlicha bilmasligi hamda to‘lovni kechiktirish oqibatlarini oldindan baholamasligini ko‘rsatgan.
Qo‘mita keltirgan misollardan birida mikroqarz shartnomasi bo‘yicha 19 mln 656 ming so‘m qarz belgilangan. Ammo ushbu mablag‘ning 13 mln 650 ming so‘mi fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgan.
Qolgan 6 mln 6 ming so‘m esa mablag‘ ajratilgan paytda operator haqi sifatida avtomatik undirilgan. Natijada shartnomada ko‘rsatilgan qarz miqdori bilan fuqaro amalda foydalanishi mumkin bo‘lgan mablag‘ o‘rtasida sezilarli farq yuzaga kelgan.
Qarzni oldindan talab qilish
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 736-moddasiga ko‘ra, qarzni qismlarga bo‘lib qaytarish belgilangan bo‘lsa va qarz oluvchi navbatdagi to‘lov muddatini buzsa, qarz beruvchi qolgan summani muddatidan oldin qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Bu qoida qarz oluvchi uchun qo‘shimcha moliyaviy xavf tug‘diradi. Ya’ni to‘lov jadvaliga rioya qilmaslik faqat navbatdagi to‘lovning kechikishi bilan cheklanmasligi, qolgan qarzni ham oldinroq qaytarish majburiyatini keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sababli mikroqarz rasmiylashtirishdan oldin shartnomadagi barcha bandlarni, jumladan, komissiyalar, to‘lov muddatlari va kechiktirish oqibatlarini diqqat bilan o‘rganish muhim.
Nimalarni tekshirish kerak?
Raqobat qo‘mitasi mikroqarz olishdan oldin fuqarolarga qarzni o‘z vaqtida qaytarish imkoniyatini baholashni tavsiya qildi. Bunda shartnoma bo‘yicha amalda qancha mablag‘dan foydalanish mumkinligi va jami qancha pul qaytarilishi aniqlanishi kerak.
Shuningdek, oylik to‘lov miqdori, to‘lov sanasi va muddatni buzish oqibatlarini oldindan bilib olish zarur. Qolgan qarzni muddatidan oldin talab qilish sharti bor-yo‘qligini ham tekshirish lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank mamlakatdagi tijorat banklari taklif qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning yangilangan foiz stavkalarini ma’lum qilgandi.
