Logo

Milliarderlar Britaniyadan chiqib ketmoqda. London nega boylarni yo‘qotyapti?

Бугун 14:053 дақиқа

Ketganlarning boyligi 160 mlrd dollarga baholanmoqda. Soliq siyosati qat’iylashtirilganidan keyin bu jarayon yana kuchaydi. Bu esa Londonning dunyodagi asosiy moliyaviy markazlardan biri maqomini qancha vaqt saqlab qola olishi haqida savollarni yuzaga keltirdi.

Milliarderlar Britaniyadan chiqib ketmoqda. London nega boylarni yo‘qotyapti? © William Barton/Shutterstock

«Bloomberg Billionaires Index» hisob-kitoblariga milliarderlar va katta oilaviy boylik egalari kiritilgan. Ular Buyuk Britaniya bilan aloqalarini uzgan yoki sezilarli darajada kamaytirgan. Ularning umumiy boyligi hozir mamlakatda yashab qolayotgan britan milliarderlarining jami boyligidan ham ko‘p.

«Bloomberg»ning yozishicha, buning asosiy sabablaridan biri soliq islohoti bo‘lgan. 2025-yil aprelda Buyuk Britaniya mamlakatda yashaydigan, ammo soliq aloqalari boshqa davlat bilan bog‘liq bo‘lgan boy xorijliklar uchun amal qilgan «non-dom» tizimidan voz kechdi. Bu tizim boy xorijliklarga xorijdagi aktivlaridan olinadigan daromad uchun Britaniyada soliq to‘lamaslik imkonini bergan.

Shu bilan birga, meros qoladigan aktivlar va xususiy bozorlardagi bitimlardan olinadigan daromadlarga soliq yuki ham oshdi. Yangi soliqlar joriy etilishi mumkinligi haqidagi muhokamalar esa boylar orasidagi xavotirni yanada kuchaytirdi.

«Hozir sodir bo‘layotgan voqealar — halokat. Millionerlar, milliarderlar va xorijiy investitsiyalarni jalb qiladigan qulay muhit yaratish o‘rniga, biz teskari yo‘nalishda harakat qilmoqdamiz», — dedi «Phones 4u» kompaniyasi asoschisi, milliarder Jon Kolduell.

Britaniyani tark etganlar orasida Gretsiyaga ko‘chib o‘tgan xej-fond boshqaruvchisi Kris Rokos, shuningdek, Mittal va Poulsen oilalari vakillari ham bor. Ro‘yxatdagi boylarning yarmi soliq o‘zgarishlari kuchga kirishidan oldinroq ko‘chib ketgan.

Ular ko‘proq Monako, Shveysariya, BAA va Gretsiya kabi davlatlarni tanlagan. Britaniya uchun muammo faqat soliq to‘lovchilarning ketishi bilan cheklanmaydi. Mamlakatdagi eng ko‘p daromad oladigan aholining 1 foizi jismoniy shaxslar daromad solig‘i tushumlarining qariyb 27 foizini ta’minlaydi. Ular bilan birga investitsiyalar, qimmat uy-joylar, restoranlar va boshqa xizmatlarga sarflanadigan mablag‘lar ham mamlakatdan chiqib ketishi mumkin.

Bu ta’sir Londonda allaqachon sezilmoqda. Qimmat uy-joylarga talab pasaymoqda, xaridorlar esa soliq siyosati yanada qat’iylashishi mumkinligini hisobga olib, chegirma talab qilmoqda. Meyfer kabi boylar ko‘p tashrif buyuradigan hududlardagi bizneslar ham daromad kamayganini bildirmoqda.

Shunga qaramay, London hali ham kuchli pozitsiyaga ega. Buyuk Britaniyada qariyb 2,4 million dollarlik millioner bor. Bu dunyodagi beshinchi eng yuqori ko‘rsatkich.

Moliyaviy infratuzilma, kapital bozorlari va boylikni boshqarish sohasi Londonni boylarni jalb qilishga harakat qilayotgan boshqa shaharlar uchun jiddiy raqib bo‘lib qolishini ta’minlamoqda. Biroq tobora ko‘proq boylar boshqa davlatlarni muqobil variant sifatida ko‘rib chiqmoqda. Londonda oilaviy ofislar va katta kapital egalari bilan ishlaydigan kompaniya hammuassisi Mark Somersning aytishicha, «boylarning mamlakatdan chiqib ketishi hali tugamagan».

London uchun asosiy xavf endi ayrim milliarderlarning ko‘chib ketishida emas. Muammo boylarning mamlakatni tark etishi barqaror tendensiyaga aylanib, ular bilan birga kapital, investitsiyalar va iste’mol xarajatlari ham Buyuk Britaniyadan chiqib ketishi mumkinligida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya fond bozori kapitalizatsiya bo‘yicha Buyuk Britaniyani ortda qoldirgandi va bu Londonning global moliyaviy markaz sifatidagi mavqei zaiflashayotgani haqidagi bahslarni kuchaytirgandi.

Теглар

Мавзуга оид