Muddati o‘tgan dorilarni qayta sotuvga chiqarmoqchi bo‘lganlar aniqlandi

Yaroqlilik muddati tugagan 55 840 dona «Menovazin», 25 000 dona «Vodorod peroksidi», 50 800 dona «Etil spirti» hamda dori vositalarini 2025-2026 yillarda ishlab chiqarilgan degan ma’lumotlar bilan qayta qadoqlab, sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

Muddati o‘tgan dorilarni qayta sotuvga chiqarmoqchi bo‘lganlar aniqlandi

Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan farmatsevtika korxonasida o‘tkazilgan tekshiruvda katta miqdordagi muddati o‘tgan dori vositalari aniqlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Parkent erkin iqtisodiy» zonasida joylashgan korxona tekshirilganda, omborxonasidan 55 mingdan ortiq «Menovazin», 25 ming «Vodorod peroksidi», 50 mingdan ziyod «Etil spirti» va 8 mln 270 ming donadan ortiq yorliqlar topilgan.

Aniqlanishicha, ushbu dori vositalari muddati o‘tgan bo‘lib, ularni 2025-2026 yillarda ishlab chiqarilgan degan ma’lumotlar bilan qayta qadoqlab, sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

Toshkent shahridagi holatda esa farg‘onalik shaxs qo‘lga olindi. Uning yuki tekshirilganda, mamlakatga olib kirilishi taqiqlangan, umumiy qiymati 763 mln so‘mlik 6,5 mingdan ortiq dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.

Surishtiruv davomida ushbu dorilar Hindistondan olib kelingani va yana bir sherigi bilan sotish rejalashtirilgani aniqlandi. Qo‘shimcha ravishda uning uyidan ham 48 mln so‘mlik dori vositalari topildi.

Har ikki holat bo‘yicha dori vositalari ekspertizaga yuborilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, aholiga dori vositalarini faqat rasmiy dorixonalardan xarid qilish, ularning kelib chiqishi va sifatiga e’tibor berish tavsiya etildi. Shubhali holatlar yuzasidan 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish mumkin.

Теглар

Мавзуга оид