O‘n bir yillik taqiq: dronlar xavfmi yoki qo‘ldan boy berilayotgan imkoniyat?

Бугун 21:3910 дақиқа

Dunyo dronlardan iqtisodiyot, logistika va hatto urushlarda foydalanayotgan bir paytda, O‘zbekiston hanuz ulardan qanday foydalanish kerakligi haqida qaror qabul qilish arafasida turibdi. VAQT.UZ dronlarga oid cheklov xronologiyasi, so‘nggi o‘zgarishlar va xorij tajribasini tahlil qildi.

O‘n bir yillik taqiq: dronlar xavfmi yoki qo‘ldan boy berilayotgan imkoniyat?

2015-yilda O‘zbekiston dronlarni olib kirish va ulardan foydalanishni amalda taqiqlaganida bu qaror ko‘pchilikka mantiqiy tuyulgandi. O‘sha paytda uchuvchisiz uchish apparatlari keng tarqalmagan, ularning xavfsizlikka ta’siri va nazorati bo‘yicha mexanizmlar esa deyarli mavjud emas edi.

Oradan 11 yil o‘tdi. Bu davr ichida dunyo o‘zgardi, texnologiyalar o‘zgardi, dronlarning iqtisodiyotdagi o‘rni ham butunlay boshqacha mazmun kasb etdi.

Bugun dronlar ko‘plab davlatlarda oddiy videotasvir vositasi emas, balki qishloq xo‘jaligi, logistika, energetika, qurilish va ekologik monitoringning ajralmas qismiga aylangan. O‘zbekiston esa uzoq vaqt davomida ularga nisbatan eng qat’iy cheklovlarni saqlab qolgan davlatlardan biri bo‘lib keldi.

Biroq 2026-yil fevral oyida qabul qilingan PF-22-son farmon bilan taqiqlar yengillashdi. Hujjatga ko‘ra, yuridik shaxslarga dronlarni import qilish, ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga ruxsat berilishi rejalashtirilmoqda. Endi savolni boshqacha qo‘yish lozim: dronlar hanuz xavfsizlik muammosimi yoki iqtisodiy imkoniyatmi?

Nega iqtisodiyotga dronlar kerak?

Progressiv islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, dronlar eng avvalo O‘zbekiston iqtisodiyotining uchta strategik yo‘nalishida — qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi va energetikada katta samara berishi mumkin.

Masalan, qishloq xo‘jaligida 100 dan ortiq agrodronlardan foydalanilmoqda va yaqin yillarda ularning qamrovini 300 ming gektargacha yetkazish rejalashtirilgan. Dronlar yordamida o‘g‘itlash, dorilash va monitoring ishlari tezlashadi, suv hamda kimyoviy vositalar sarfi kamayadi.

Suv xo‘jaligida esa masala yanada dolzarb. Mutaxassislar 2050-yilga borib O‘zbekistonda yillik suv tanqisligi 11–13 kub kilometrga yetishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Dronlar kanallar, nasos stansiyalari, gidrotexnik inshootlar va sho‘rlanish jarayonlarini doimiy kuzatib borish imkonini beradi.

Energetika sohasida ham ularga ehtiyoj ortmoqda. Mamlakat 2026-yil oxirigacha 6,7 GVt yangi energetika quvvatlarini ishga tushirishni rejalashtirgan. Bunga qo‘shimcha ravishda 1 450 kilometrdan ortiq elektr tarmoqlari qurilmoqda. Bunday infratuzilmani nazorat qilish uchun dronlar inson mehnatiga qaraganda tezroq va arzonroq vosita hisoblanadi.

Taqiq xronologiyasi

Aslida O‘zbekistonda dronlar masalasida vaziyat keskin o‘zgarib ketgani yo‘q. Aksincha, so‘nggi o‘n yil ichida davlatning bu texnologiyaga munosabati bosqichma-bosqich yumshab bormoqda.

2015-yildan dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangandi.

Oradan uch yil o‘tib, 2018-yil may oyidan boshlab xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida foto va video materiallar tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan.

2019-yildan esa uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ishlatish uchun Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi (majburiy deklaratsiya bilan tranzit o‘tkazish bundan mustasno) bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilangan. Natijada O‘zbekiston dunyodagi eng qat’iy dron siyosatlaridan biriga ega davlatlardan biri bo‘lib qoldi.

2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi. Shunga qaramay, ayrim yuridik shaxslarga maxsus ruxsatnoma asosida dronlardan foydalanish imkoniyati berildi. Bu huquqdan, asosan, qishloq xo‘jaligi korxonalari foydalana boshladi.

2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi belgilab berildi.

2023-yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi. Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.

2024-yilda esa mamlakatda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishda birinchi marta ayblanayotgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik emas, balki ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Unga ko‘ra, dronlarni va ularning butlovchi hamda ehtiyot qismlarini noqonuniy olib kirish yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq harakatlar BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,4 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Qurilmalar esa musodara qilinishi belgilangan.

2025-yilda esa Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda 2026 yilda mamlakatga Xitoydan yana 50 dan ortiq zamonaviy agrodron olib kelinishini ma’lum qildi. Bundan oldin esa mamlakatga 100 dan ziyod dron yetkazib berilgan edi.

2025-yil sentabr oyida Farg‘ona viloyatidagi IT shaharchaga uyushtirilgan press-tur davomida Yoshlar ishlari agentligi va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorlikda dronlar ommalashtirish maqsadida maxsus assotsiatsiya tashkil etish ishlarini boshlaganini ma’lum qilgan edi.

«Hozirgi etapda biz mana shu sohada mazkur loyihalarni ishlab chiqayotgan yoshlarga sinov jarayonlarini o‘tkazishi uchun ruxsat olib berishga harakat qilyapmiz. Va hozirgi kunda Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda shu sohani yanada rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish, ko‘proq qiziqtirish maqsadida hozir shu dronlar bilan ishlaydigan, loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydigan assotsiatsiyani tashkil qilish ustida ish olib borilyapti.

Men o‘ylaymanki, bosqichma-bosqich assotsiatsiya huzurida alohida test poligonlari va maydonchalar bo‘ladi, yoshlarimiz o‘z ishlanmalarini uchirib, sinovdan o‘tkazishi va foydalanishi mumkin bo‘ladi», — degan edi Dilnoza Kattaxonova.

Nihoyat, 2026-yilda yuridik shaxslarga, ya’ni korxonalarga dronlarni import qilish, ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga rasman ruxsat berildi. Shu yili iyundan esa fuqaro aviatsiyasida dronlardan foydalanishni liberallashtirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Ammo taqiq hali ham to‘liq bekor qilingani yo‘q.

Cheklovlar bilan bog‘liq holatlar

Dronlarga oid siyosat asta-sekin yumshab borgan bo‘lsa-da, bu davr davomida amaldagi cheklovlar ko‘plab bahsli holatlarga ham sabab bo‘ldi. Ayrim hollarda sayyohlar va videograflar dron olib kirgani yoki undan foydalangani uchun javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, boshqa holatlarda tadbirkorlar iqtisodiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan uskunalarni mamlakatga olib kirishda muammolarga duch keldi.

Masalan, 2020-yil may oyida Andijonda dron yordamida videotasvirga olmoqchi bo‘lgan operator uch yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev ushbu voqeani «yil jinoyati» deb atab, dronlar bilan bog‘liq normalarni jinoyat qonunchiligidan chiqarish kerakligini ta’kidlagan edi.

2022-yilda esa dronlar sabab xorijlik sayyohlar bilan bog‘liq bir necha shov-shuvli holatlar kuzatildi. Fevral oyida rossiyalik bloger Maksim Limar Buxorodan Novosibirskka uchib ketayotganida yukidan kvadrokopter topilgani sababli qo‘lga olindi. Oradan bir necha oy o‘tib, rossiyalik sayyoh Polina Yermakova ham dron olib kirgani uchun Toshkentda ushlangan. Keyinchalik sud uni oqlagan bo‘lsa-da, qurilma musodara qilingan.

Tadbirkorlar bilan uchrashuvida andijonlik tadbirkor Xitoydan olib kelgan 28 ta dron yarim yil davomida bojxona omborida qolib ketganini ma’lum qilgan edi. Uning aytishicha, ushbu qurilmalar 4 ming gektar yerga ishlov berish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, kerakli ruxsatlarni olishning iloji bo‘lmagan.

O‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev mamlakatda dronlardan foydalanish bo‘yicha to‘liq tizim hali ishlab chiqilmaganini tan olgan.

«Dronlarni uchirish bo‘yicha tizim hali ishlab chiqilmagan. Ularni respublikaga olib kirishga hammaga ham ruxsat berilmagan. Barcha olib uchiraversa, ertaga xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar kelib chiqadi», degandi hukumat rasmiysi.

Jamoatchilik nima deydi?

Dronlar masalasi nafaqat davlat idoralari, balki jamoatchilik va ekspertlar orasida ham bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda. Bir tomon dronlarni iqtisodiyot va texnologiyalar rivoji uchun muhim vosita deb hisoblasa, boshqalar xavfsizlik bilan bog‘liq xatarlarni birinchi o‘ringa qo‘yadi.

«MyTaxi» va Ekspress24 asoschisi Akmal Payziyev fikricha, dronlar yaqin kelajakda logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarning ajralmas qismiga aylanadi. Uning ta’kidlashicha, dronlarni taqiqlash o‘rniga ulardan foydalanish uchun maxsus hududlar va aniq qoidalar yaratish kerak.

«Ertaga mashinalar, logistika, qishloq xo‘jaligi va yana ko‘plab sohalar dronlar asosida quriladi. Bir vaqtlar Google Maps ishlatish ham qonunga zid edi, GPS qurilmalaridan foydalanish uchun esa litsenziya kerak bo‘lardi. Keyinchalik buning be’manilik ekanini tushundik. Dronlarni taqiqlash ham shunga o‘xshash holat», degan u.

Iqtisodchi Valiyjon To‘raqulov ham O‘zbekiston bu masalada kechikayotganini qayd etadi. Uning aytishicha, dunyoda dronlar qishloq xo‘jaligida allaqachon oddiy ish quroliga aylangan.

«Masalan, dron bir soat ichida 48 gektar maydonga dori sepishi mumkin. Xuddi shu ish qo‘l mehnati bilan bajarilganda bir soatda atigi 2 gektarga ishlov beriladi. Farq juda katta», deydi iqtisodchi.

To‘raqulovning fikricha, muammo faqat dronlardan foydalanishda emas. O‘zbekiston dron texnologiyalarini rivojlantirish bilan birga, ularga qarshi himoya tizimlarini yaratish borasida ham ortda qolmoqda. Chunki bugun dronlar nafaqat iqtisodiyot, balki xavfsizlik va mudofaa masalalarining ham bir qismiga aylangan.

Iqtisodchi Botir Qobilov ham zamonaviy texnologiyalarni cheklash emas, aksincha ularni tezroq o‘zlashtirish tarafdori. Uning ta’kidlashicha, dronlar va Starlink kabi texnologiyalar bo‘yicha ortiqcha cheklovlar mamlakatning raqamli rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin.

«Kalendarda 2026 yil. Zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga tezroq harakat qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Geografik cheklovlar, IMEI bilan bog‘liq muammolar va boshqa to‘siqlar bilan ovora bo‘lib, zamondan ortda qolib ketmasligimiz kerak», deb yozgan iqtisodchi.

Iqtisodchi Begzod Hoshimov esa masalaga milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan qaraydi. Uning fikricha, zamonaviy urushlarda dronlar tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bir paytda, bu texnologiyani fuqarolik darajasida rivojlantirmaslikning o‘zi xavf tug‘dirishi mumkin.

«Hozirgi urushlar, jumladan, dron urushlari. O‘zbekistonda hatto rasm olish uchun mo‘ljallangan dronlardan fuqaroviy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi, menimcha, milliy xavfsizligimiz uchun katta muammo», deydi iqtisodchi.

Hoshimov bunga tarixdan ham misol keltiradi. Uning aytishicha, o‘rta asrlarda xitoyliklar poroxni birinchi bo‘lib ixtiro qilgan, ammo uni qo‘llashni cheklagan. Keyinchalik boshqa davlatlar ushbu texnologiyani kengroq o‘zlashtirib, ustunlikka erishgan.

Uning fikricha, dronlar bilan bog‘liq vaziyat ham shunga o‘xshash. Gap kimdir mamlakatni bosib olishi haqida emas, balki texnologiyani o‘zlashtirish haqida ketmoqda. Qancha ko‘p odam va kompaniya dronlardan foydalansa, mamlakatda bu soha bo‘yicha bilim, tajriba va mutaxassislar ham shuncha ko‘payadi.

Umuman olganda, ekspertlar fikrida bir umumiy nuqta bor: bahs dronlarning o‘zi haqida emas. Asosiy masala — ulardan qanday foydalanish, qanday nazorat qilish va xavfsizlik hamda rivojlanish o‘rtasida qanday muvozanat topish haqidadir. Bugungi muhokamalar ham aynan shu savol atrofida davom etmoqda.

Xorij tajribasi: qo‘shnilar bu masalani qanday hal qilgan?

O‘zbekiston dronlardan foydalanishni endigina liberallashtirishga kirishayotgan bir paytda, ayrim qo‘shni davlatlar bu yo‘nalishda allaqachon amaliy qadamlar tashlab bo‘lgan.

Masalan, Qozog‘iston so‘nggi yillarda nafaqat dronlardan foydalanishni kengaytirmoqda, balki ularni ishlab chiqarishga ham katta sarmoya kiritmoqda. 2025-yilda mamlakatda Yesil Technology kompaniyasi tomonidan dron ishlab chiqarish markazi ishga tushirildi. Shuningdek, Polyking kompaniyasi qiymati 200 million dollarlik dron sanoat parki qurilishini e’lon qildi.

Qirg‘iziston va Tojikistonda ham dronlardan foydalanishga ruxsat berilgan. Ayniqsa, tog‘li hududlarda infratuzilma, muzliklar va suv resurslarini monitoring qilish bo‘yicha xalqaro loyihalarda dronlardan foydalanilmoqda. Bu davlatlar uchun muzliklar holatini kuzatish suv xavfsizligi masalasining muhim qismi hisoblanadi.

Turkmanistonda esa dronlar sohasi haqidagi ochiq ma’lumotlar juda kam.

Dunyoning rivojlangan davlatlari esa bu texnologiyani allaqachon iqtisodiyotning oddiy qismiga aylantirib bo‘lgan. AQSH, Yevropa va Xitoyda dronlardan qishloq xo‘jaligi, logistika, energetika, qurilish va infratuzilma nazoratida keng foydalaniladi. Bu mamlakatlarda asosiy e’tibor dronlarni taqiqlashga emas, balki ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash va xavfsiz boshqarish tizimlarini yaratishga qaratilgan.

Progressiv islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, dron xizmatlariga talab yuqori bo‘lgan va ishlaydigan qoidalarni birinchi bo‘lib yaratgan davlat Markaziy Osiyoda ushbu sohaning yetakchisiga aylanishi mumkin. Tadqiqotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda buning uchun qulay imkoniyat mavjud va yaqin ikki yil ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun hal qiluvchi davr bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston qanday tanlov oldida turibdi?

O‘n bir yil oldin dronlarga qo‘yilgan taqiq xavfsizlik nuqtayi nazaridan mantiqiy qaror bo‘lishi mumkin edi. Ammo bugun dunyo butunlay o‘zgardi. Ukrainadagi urush dronlar zamonaviy jang maydonining eng muhim vositalaridan biriga aylanganini ko‘rsatib berdi. Bir necha ming dollarlik dronlar millionlab dollarlik texnikalarni yo‘q qilayotgan, razvedka va logistika vazifalarini bajarayotgan bir paytda, bu texnologiyaga shunchaki havaskor gadjet sifatida qarash qiyin.

Muammo shundaki, O‘zbekistonda dronlardan foydalanish uzoq yillar davomida keskin cheklangani sabab bu sohada mutaxassislar, muhandislar va operatorlar soni ham cheklanganligicha qolmoqda. Texnologiyani rivojlantirish uchun esa avvalo undan foydalanadigan odamlar, uni yaratadigan kompaniyalar va uni boshqaradigan tizim kerak.

Albatta, hech kim dronlarni nazoratsiz uchirish tarafdori emas. Gap taqiqni butunlay bekor qilish haqida emas, balki ishlaydigan qoidalarni yaratish haqida ketmoqda. Chunki bugungi dunyoda dronlar xavfsizlikka tahdid bo‘lishi ham, iqtisodiy o‘sish manbaiga aylanishi ham mumkin.

Asosiy bahs endi dronlarning o‘zi haqida emas. Bahs — O‘zbekiston bu texnologiyani qanchalik tez o‘zlashtira olishi haqida. Chunki dunyo allaqachon keyingi bosqichga o‘tib bo‘lgan, biz esa hanuz undan qanday foydalanish kerakligi haqida qaror qabul qilish arafasida turibmiz.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 140

Барчаси

Мавзуга оид