O‘tgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trln so‘m ajratildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kreditlarning kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri barcha tumanda birdek sezilmayotgani, tuman va mahallada kambag‘allik hamda ishsizlikka mas’ul xodimlarda hadik borligi, hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayotganini tanqid qildi.
© president.uzO‘zbekiston rahbari barcha hududlarga bir xil vakolat, resurs va imkoniyat berilganini ta’kidlab, ulardan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytdi.
«Mahalla yettiligi» uchun mas’ul rahbarlar viloyat, tuman, shahar va mahalladagi xodimlarga qabul qilingan qarorlarni qanday ijro etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bermayotgani qayd etildi. Ayrim rahbarlar yaratilgan sharoitlardan to‘g‘ri foydalanish va «Mahalla yettiligi» faoliyatiga xolis baho berishni bilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Tuman va mahallada kambag‘allik hamda ishsizlikka mas’ul xodimlarda hadik borligi, hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayotgani tanqid qilindi. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 50 yillik tajribaga ega Xitoy ham zamon talabidan kelib chiqib, quyi tizimga doimiy ravishda aniq ko‘rsatmalar berib borishi ta’kidlandi.
«O‘tgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trillion so‘m resurs ajratildi. Lekin kreditlarning kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri barcha tumanda birdek sezilmayapti», — dedi davlat rahbari.
Ishni to‘g‘ri tashkil qilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ayni paytda qolgan 159 ta tuman va shahar hamda 5 ming 536 ta mahalladagi mas’ullar faoliyatida natija yetarli emasligi tanqid qilindi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning yozishicha, yil boshida respublikada kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushib, ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafar edi. Hozir bu ko‘rsatkich 1,5 million nafarni tashkil etmoqda.





