Logo

«O‘zbekiston pochtasi» xususiylashtirilgani va 100 mlrd so‘m qarz olgani rad etildi

Бугун 11:193 дақиқа

Jamiyatning ustav kapitalidagi davlat tashkilotlari, korxonalar va tijorat banklariga tegishli aksiyalar paketi, ya’ni 92,9 foiz davlat ulushini ikki yirik kompaniya sotib olishga qiziqqan. Ammo xususiylashtirish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Davaktiv «O‘zbekiston pochtasi» hozirda murakkab moliyaviy bosqichni boshdan kechirayotganini aytdi.

«O‘zbekiston pochtasi» xususiylashtirilgani va 100 mlrd so‘m qarz olgani rad etildi © Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekiston pochtasi» AJ xususiylashtirilgani va kompaniya tomonidan 100 mlrd so‘m qarz olingani haqida xabarlar tarqaldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining yozishicha, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Qayd etilishicha, jamiyat ustav kapitalidagi davlat tashkilotlari, korxonalar va tijorat banklariga tegishli aksiyalar paketi, ya’ni 92,9 foiz davlat ulushi Davlat aktivlari agentligiga to‘liq o‘tkazilgan. «Wildberries» va «Uzum Market» kabi yirik kompaniyalar tomonidan ushbu ulushni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirilgan, lekin bugungi kunda davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan.

Davaktiv «O‘zbekiston pochtasi» hozirda murakkab moliyaviy va transformatsiya bosqichini boshdan kechirayotganini ham ma’lum qildi. So‘nggi uch yilda sof foyda o‘rtacha 800 million so‘m, rentabellik darajasi esa 0,2 foizni tashkil etgan. 2026-yilning 6 oylik yakunlari bo‘yicha tushum 313,6 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga kamaygan.

Bundan tashqari, asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgan yo‘l harakati qoidalari buzilgani to‘g‘risidagi qarorlarni pochta orqali yetkazib berish xizmati joriy yilning 16-may kunidan to‘xtatilgan. Ushbu xizmat to‘xtashi oqibatida 9 oy yakunlari bo‘yicha 1,7 milliard so‘m miqdorida zarar ko‘rilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, bank qarzdorligi 45,3 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatida modernizatsiya va raqamlashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun 300 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ zarur. Ushbu mablag‘ doirasida yuk avtotransporti va elektr transport vositasini sotib olish, saralash markazi hamda IT-infratuzilmani yangilash, qo‘shimcha pochtamatlarni o‘rnatish va aloqa obyektlarini ta’mirlash kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Jamiyatga zamonaviy boshqaruv modellarini joriy etish hamda investitsiyalarni jalb qilish maqsadida mamlakatdagi yirik marketpleys kompaniyalaridan biri bo‘lgan «WB INT EXPORT» MCHJ bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Muzokaralar davomida ushbu kompaniya Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida 100 milliard so‘m miqdorida qarz mablag‘ini taqdim etishga tayyorligini bildirgan.

Mazkur bitim qonunchilikka ko‘ra yirik bitim hisoblangani bois aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan. Biroq foiz stavkalari, qarz miqdori va qaytarish grafigi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmagani sababli, aksiyadorlarning 2026-yil 21-sentabrdagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida bu masalada qaror qabul qilinmagan. Shu bois, jamiyat tomonidan 100 milliard so‘m qarz olingani haqidagi xabarlar asossizdir. Qarz shartlari to‘liq aniqlashtirilgach, masala qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Davaktiv «WB INT EXPORT» MCHJ vakillarining «O‘zbekiston pochtasi» AJ Kuzatuv kengashiga jalb etilishidan asosiy maqsad zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish hamda jalb qilinishi ko‘zda tutilgan investitsiya mablag‘larining maqsadli ishlatilishini nazorat qilishdan iboratligini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘ramiz, avvalroq «Turonbank» qatorida jami 100 trln so‘mlik davlat aktivlari yil oxirigacha savdoga chiqarilishi haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид