Logo

O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromad 20 yilda 520 dollardan 3,7 ming dollarga yetdi

Biroq mamlakat hali ham daromadi o‘rtachadan past mamlakatlar guruhida qolmoqda.

O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromad 20 yilda 520 dollardan 3,7 ming dollarga yetdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2025 yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad (YAMD) 3,7 ming dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston va Turkmanistondan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Ma’lumotlar Jahon banki hisob-kitoblariga tayangan holda «Ranking.kz» tomonidan tahlil qilingan.

Jahon banki mamlakatlarni aholi jon boshiga YAMD hajmiga qarab to‘rtta daromad guruhiga ajratadi. 2026 yil 1-iyuldan 2027 yil 30-iyungacha amal qiladigan tasnifda 2025 yil ma’lumotlari qo‘llanilgan. Bunda YAMD aholi o‘rtasidagi o‘rtacha ish haqi yoki fuqarolarning qo‘liga oladigan real daromad emas. Ko‘rsatkich Jahon bankining Atlas usuli asosida hisoblanadi.

Atlas usuli milliy valuta kurslarining qisqa muddatli keskin o‘zgarishlari ta’sirini yumshatishga xizmat qiladi. Hisob-kitobda joriy yil va undan oldingi ikki yildagi valuta kurslari, shuningdek, ichki va xalqaro inflatsiya o‘rtasidagi farq inobatga olinadi. Keyin YAMD dollarda ifodalanib, yil o‘rtasidagi aholi soniga bo‘linadi.

Markaziy Osiyoda O‘zbekiston uchinchi o‘rinda

2025 yil natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida aholi jon boshiga YAMD bo‘yicha Qozog‘iston birinchi o‘rinda — 13,7 ming dollar. Turkmanistonda bu ko‘rsatkich 6,3 ming, O‘zbekistonda 3,7 ming, Qirg‘izistonda 2,8 ming va Tojikistonda 2,1 ming dollarni tashkil etgan.

Jahon bankining amaldagi tasnifiga ko‘ra, aholi jon boshiga YAMD 1 175 dollardan oshmagan iqtisodiyotlar daromadi past davlatlar qatoriga kiradi. 1 176–4 635 dollar oralig‘i — daromadi o‘rtachadan past, 4 636–14 375 dollar — o‘rtachadan yuqori daromadli, 14 375 dollardan yuqori ko‘rsatkich esa yuqori daromadli guruhga to‘g‘ri keladi.

Shu asosda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hozircha daromadi o‘rtachadan past davlatlar guruhida. Qozog‘iston va Turkmaniston esa o‘rtachadan yuqori daromadli mamlakatlar qatorida.

Qozog‘istonning ko‘rsatkichi yuqori daromadli davlatlar chegarasiga ham ancha yaqinlashgan. 2025 yilda u 13,7 ming dollarni tashkil etgan va amaldagi 14 375 dollarlik chegaradan 635 dollar past bo‘lgan. Biroq Jahon banki daromad chegaralarini har yili xalqaro inflatsiyani hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqadi. Shu sababli muayyan ko‘rsatkichga erishishning o‘zi mamlakat avtomatik ravishda keyingi guruhga o‘tishini anglatmaydi.

O‘zbekistonda ko‘rsatkich 20 yilda 7 barobar o‘sgan

Tahlilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi uzoq muddatli dinamikaga ham e’tibor qaratilgan. 2005 yilda aholi jon boshiga YAMD Qozog‘istonda 2,8 ming, O‘zbekistonda esa 520 dollar bo‘lgan. 2025 yilga kelib mazkur ko‘rsatkich Qozog‘istonda 5 barobar, O‘zbekistonda esa 7 barobar oshgan.

So‘nggi besh yilda ham O‘zbekistonda o‘sish sur’ati yuqoriroq bo‘lgan: 2020 yilga nisbatan YAMD aholi jon boshiga Qozog‘istonda 64 foizga, O‘zbekistonda 75,6 foizga oshgan. 2025 yilning o‘zida esa o‘sish sur’ati mos ravishda 13,6 va 15,8 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi absolut farq 2025 yilda qisqarmagan. Aksincha, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tafovut 2024 yildagi 8,9 ming dollardan 2025 yilda 10,1 ming dollarga yetgan. Bu Qozog‘istonda YAMDning aholi jon boshiga hisobidagi mutlaq qiymat hanuz ancha yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Jahon banki tasnifiga ko‘ra, 2005 yilda Markaziy Osiyoning besh davlati orasida Qozog‘iston va Turkmaniston daromadi o‘rtachadan past, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston esa daromadi past davlatlar guruhida bo‘lgan. 2025 yilga kelib beshalasi ham bir bosqich yuqoriga ko‘tarilgan: Qozog‘iston va Turkmaniston — o‘rtachadan yuqori, qolgan uch davlat esa o‘rtachadan past daromadli guruhga o‘tgan.

Jahon bankining ta’kidlashicha, mamlakatlarning daromad guruhlari iqtisodiyotlarni taqqoslash uchun qo‘llanadigan statistik tasnif bo‘lib, u aholi farovonligining barcha jihatlarini aks ettirmaydi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromad 20 yilda 520 dollardan 3,7 ming dollarga yetdi | Vaqt.uz