Logo

O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlaydigan yana beshta zavod qurishga qancha summa ketishi aytildi

Ularni qurishga Xitoy va Janubiy Koreya pul beryapti. Zavodlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini «O‘zenergosotish» AJ 30 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib oladi.

O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlaydigan yana beshta zavod qurishga qancha summa ketishi aytildi © Ekologiya qo'mitasi

O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni issiqlik yordamida qayta ishlab, elektr energiyasi ishlab chiqaradigan beshta zamonaviy zavod qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.

Loyihalarga 625 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltiriladi. Ular Xitoyning «Beijing China Sciences Runyu Environmental Technology», «Wangneng Environment va Henan Investment Group» kompaniyalari, shuningdek, Janubiy Koreyaning «Green Hammer» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Yangi zavodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarini qamrab oladi.

Loyihalar to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, har yili:

— 1,9 mln tonna qattiq maishiy chiqindi issiqlik usulida qayta ishlanadi;
— 635 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqariladi;
— 158 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi;
— issiqxona gazlari chiqindisi 316 ming tonnagacha kamayadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bu kabi loyihalarning ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Birinchi bosqich doirasida Xitoy kompaniyalari xorijiy investitsiyalar hisobidan 933 mln dollarlik oltita zavod qurishni boshlagan. Birinchi bosqichdagi loyihalar Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrini qamrab oladi.

Shunday qilib, ikki bosqich doirasida umumiy qiymati 1 mlrd 558 mln dollar bo‘lgan 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu O‘zbekistonning barcha hududlarida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarishning yagona tizimini yaratish imkonini beradi.

Barcha zavodlarni bosqichma-bosqich 2027–2028-yillarda ishga tushirish rejalashtirilgan. Korxonalar to‘liq quvvatga chiqqach, jami yiliga 5,4 mln tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanadi va 2,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Ta’kidlanishicha, elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan kelishuvlarga muvofiq, zavodlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini «O‘zenergosotish» AJ 30 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib oladi. Bu esa loyihalarning uzoq muddatli va barqaror ishlashini ta’minlashi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda chiqindidan elektr olish uchun qariyb 1 mlrd dollarga 6 ta zavod qurilishi aytilgandi.

Теглар

Мавзуга оид