O‘zbekistonda har ikkinchi qarzdorning bittadan ko‘p krediti bor
Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, bankdan kredit olgan aholining yarmidan ko‘prog‘i bir vaqtning o‘zida bir nechta qarz majburiyatini bajarmoqda.

Markaziy bankning 2025-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhiga ko‘ra, bankdan kredit olgan aholining 53 foizida bir nechta qarz majburiyati mavjud. Bu ko‘rsatkich 2025-yil boshida 43 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bir yil ichida 10 foiz bandga oshgan.
Hisob-kitobda fuqarolarning nafaqat banklardagi kreditlari, balki mikromoliya tashkilotlari va boshqa nobank moliya institutlari oldidagi qarzlari ham inobatga olingan.
Markaziy bank ta’kidlashicha, bir vaqtning o‘zida bir nechta kreditga xizmat ko‘rsatish zarurati qarzdorlarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va moliyaviy xavflarni oshirishi mumkin.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, jami qarzdor aholining 62 foizi faqat banklardan kredit olgan. Yana 20 foizi faqat nobank moliya tashkilotlari oldida qarzdor hisoblanadi.
Shu bilan birga, qarzdorlarning 18 foizida ham banklar, ham nobank tashkilotlar oldida kredit majburiyati mavjud. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 10 foiz bandga oshgani aholining bir nechta manbadan qarz jalb qilish holatlari ko‘payganini ko‘rsatadi.
Regulyator fikricha, qarz majburiyatlarining turli moliya institutlari o‘rtasida taqsimlanishi kredit xavflarini baholashda muhim omillardan biri hisoblanadi.
Qarz yuki biroz yengillashgan
Ko‘p qarzlilar ulushi oshganiga qaramay, bank kreditlariga ega jismoniy shaxslarning o‘rtacha qarz yuki biroz kamaygan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, qarzdorlarning barcha majburiyatlarini hisobga olgan holdagi DSTI, ya’ni oylik qarz to‘lovlarining daromadga nisbati 2025-yil davomida 38 foizdan 37 foizga tushgan.
Hisobotga ko‘ra, 2025-yil yakunida bank kreditiga ega aholi soni 11 foizga o‘sib, 5,2 million nafarga yetgan. Bu har ming nafar mehnatga layoqatli aholi hisobiga o‘rtacha 244 nafar qarzdor to‘g‘ri kelishini anglatadi.





