O‘zbekistondagi banklar oyiga 1,5 trln so‘m foyda ko‘rmoqda

Бугун 17:412 дақиқа

2026 yil yanvar-fevral oyida mamlakatdagi banklar 3 trln so‘mdan ortiq foyda ko‘rdi.

O‘zbekistondagi banklar oyiga 1,5 trln so‘m foyda ko‘rmoqda © © Foto: spot.uz

O‘zbekiston bank tizimida 2026 yil boshidan beri daromadlilik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sishni namoyon etmoqda. Bu haqda Markaziy bank hisobotlarida ma’lumot berilgan.

Ikki oy ichida banklar tomonidan qayd etilgan sof foyda 3 trln so‘mdan oshdi. Yanvar oyida bu ko‘rsatkich 1,6 trln so‘mni tashkil etgan edi. Solishtirish uchun, o‘tgan yilning shu davrida banklar ikki oyda 2,2 trln so‘m, yanvar oyida esa 1,2 trln so‘m sof foyda qayd etgandi.

Agar banklar mazkur o‘sish sur’atlarini saqlab qolsa, yil yakuniga qadar sof foyda hajmi 18 trln so‘mga yetib, yangi rekord qayd etilishi mumkin.

Banklarning ikki oy ichidagi jami xarajatlari 26,2 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, jami daromadlari 38,1 trln so‘mni tashkil etdi. 2025 yilning yanvar-fevral oylarida esa xarajatlar 20,2 trln so‘mni, daromadlar 30,3 trln so‘m bo‘lgan edi.

Umuman olganda, 2026 yil boshida bank tizimi daromadliligi yaxshilangan. O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda, aktivlar rentabelligi (ROA) 2,1 foizdan 2,2 foizga, kapital rentabelligi (ROE) esa 11,6 foizdan 13,4 foizga oshgan.

Shu bilan birga, foizli operatsiyalar samaradorligi biroz pasaygan: sof foizli daromadlarning aktivlarga, kreditlarga va majburiyatlarga nisbati qisqargan.

2025 yilda banklarning umumiy foydasi

2025 yilda O‘zbekistondagi banklar 15,5 trln so‘m foyda oldi. O‘tgan yilgi foyda banklar uchun rekord darajada bo‘lib, 2024 yilga nisbatan 2,3 barobar ko‘proq bo‘ldi.

2025 yilda deyarli barcha banklar foyda bilan ishladi — faqat «Yangi bank» 136,7 mlrd so‘m zarar ko‘rdi.

Davlat ulushi bor banklar ham yilni 5,79 trln so‘m foyda bilan yakunlab, birortasi zarar ko‘rmadi. Ilgari zararda bo‘lgan «Mikrokreditbank» va «BRB» ham foydaga chiqdi.

34 ta bankdan faqat 5 tasida foyda miqdori 2024 yilga nisbatan pasaydi. Eng past foyda «AVO bank» va «TBC bank»da qayd etildi, ayniqsa «TBC bank»da ko‘rsatkich keskin tushib ketgan. Bank 2024 -yilda 341 mlrd so‘mdan oshiq sof foyda olgandi.

Теглар

Рухсора Жовлиева

Рухсора ЖовлиеваМақолалар сони: 784

Барчаси

Мавзуга оид