Logo

O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lgan Tramp, gazsiz hududlarda 350 kVt ga oshirilgan «svet» limiti va 100 ming dollar pora bilan ushlangan bankir — 6-oktabr dayjesti

Кеча 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonga kelmoqchi bo‘lgan Tramp, gazsiz hududlarda 350 kVt ga oshirilgan «svet» limiti va 100 ming dollar pora bilan ushlangan bankir — 6-oktabr dayjesti

Tramp O‘zbekistonga kelmoqchi

AQSH prezidenti Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Uning do‘sti va savdo vakili Paolo Zampollining ta’kidlashicha, hozircha tashrifning aniq sanasi yo‘q, biroq ikki davlat rahbarlari o‘rtasida iliq va do‘stona munosabatlar shakllangan. Buning mantiqiy davomi sifatida, yaqinda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Vashingtonda Tramp bilan uchrashgani qayd etilgan. Markaziy Osiyo bilan, xususan, strategik resurslar bo‘yicha aloqalarni kuchaytirayotgan AQSH oktabr o‘rtalarida Samarqandda o‘tadigan «C5+1» uchrashuviga Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi 100 kishilik yirik savdo delegatsiyasini yubormoqda.

Mazkur uchrashuv mintaqadagi savdo imkoniyatlarini kengaytirish va yangi shartnomalar tuzishga qaratilgan. Jumladan, AQSH O‘zbekistonning yirik aviatsiya markaziga aylanish rejalarini qo‘llab-quvvatlamoqda va shu doirada mamlakat 2025 yilda 22 ta «Boeing 777 Dreamliner» samolyotini xarid qilishga kelishgan. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishidagi Amerikaning yirik «Cargill» kompaniyasi O‘zbekistonga 6 milliard dollargacha sarmoya kiritishi mumkinligi kutilmoqda.

100 ming dollar pora olgan bank xodimi qo‘lga olindi

Toshkent viloyatida bankning mintaqaviy markazi bo‘lim boshlig‘i xaridorga yer maydonlarini olib berish evaziga jami 4 million 250 ming AQSH dollari talab qilgan. U Quyichirchiq tumanida o‘z otasiga ijaraga berilgan 16,05 gektar va hokimlik zaxirasidagi 4 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali noqonuniy rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Ushbu shaxs tezkor tadbir davomida so‘ralgan mablag‘ hisobidan 100 ming AQSH dollarini oldindan pora sifatida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston TIV Latviyaning viza cheklovlari bo‘yicha izoh berdi

Latviya Ichki ishlar vaziri ayrim o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, xususan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sababli O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatishni taklif qilgan edi. Bunga javoban O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zudlik bilan diplomatik choralar ko‘rib, Latviya rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Natijada, Latviya tomoni mavjud viza tartibiga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ma’lum qildi va ushbu cheklov masalasi hukumat kun tartibiga ham kiritilmadi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston TIV xorijga chiqayotgan yoki chet elda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizni borgan mamlakatlarining qonun-qoidalariga qat’iy rioya qilishga va milliy urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirdi. Vazirlik ayrim shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari chet elda qonuniy asosda o‘qiyotgan, ishlayotgan yoki yashayotgan boshqa barcha vatandoshlarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlab, ularni mas’uliyatli bo‘lishga chorladi.

Xalq banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Xasanjon Axmedov o‘z arizasiga binoan «Xalq banki» boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi va boshqaruv a’zoligidan chiqarildi. Ushbu qaror 24-sentabr kuni bank Kuzatuv kengashining yig‘ilishida qabul qilingan bo‘lib, u mazkur lavozimda 2025 yilning fevralidan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda boshqa qator davlat banklarida ham rahbariyat tarkibida o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, sentabr oyi davomida «Mikrokreditbank», «Turonbank» va «Aloqabank» boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari ham o‘z xohishiga ko‘ra yoki vakolatlari muddatidan oldin tugatilib, egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan.

Gazsiz hududlarda elektr energiyasining bazaviy me’yori 350 kVt·soatga oshiriladi

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida isitish mavsumida gazlashmagan va tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasining bazaviy me’yori 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatga oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda ma’qullangan ushbu choralar doirasida, shuningdek, dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish taklif qilindi.

Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarning kommunal xarajatlarini qoplashda daromad mezoni 1 million 430 ming so‘mgacha oshirilib, yordam qamrovi yana 166 ming oilaga kengaytiriladi. Shu bilan birga, elektr va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028 yil 1-aprelgacha uzaytirish hamda sharoiti og‘ir 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид