Logo

O‘zbekistonliklar eng ko‘p yoqilg‘i va kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda

Бугун 13:253 дақиқа

Sentyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etgan bo‘lsa-da, yoqilg‘i-energiya hamda kommunal xizmatlar narxlarining qimmatlashishiga oid xavotirlar saqlanib qolmoqda. Narxlar oshishi ehtimolidan ayniqsa pensionerlar eng ko‘p xavfsiramoqda.

O‘zbekistonliklar eng ko‘p yoqilg‘i va kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil sentabr oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari 8,7 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foiz bandga pasaydi. Tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa aholinikidan kamroq, 0,7 foiz bandga kamayib, 9,2 foiz darajasida shakllandi. Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan an’anaviy so‘rovnomasi natijalarida keltirib o‘tilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘rovlarda 2 726 nafar aholi va 1 043 nafar tadbirkorlik subyektlari ishtirok etgan. Shuningdek, so‘nggi oylarda inflyatsion kutilmalarning pasayish sur’atlari sezilarli darajada tezlashgani qayd etilmoqda.

Asosiy omillar saqlanmoqda

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, aholi fikricha, narxlar o‘sishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar orasida yoqilg‘i-energiya resurslari hamda kommunal xizmatlar narxlarining oshishiga oid xavotirlar yetakchilik qilmoqda. Biroq bu omillarni qayd etgan respondentlar ulushi o‘tgan oylarga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.

Shu bilan birga, asosiy oziq-ovqatlar, monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi bilan bog‘liq xavotir bildirganlar soni o‘tgan oylarga nisbatan ko‘paygan. Transport xarajatlarining oshishi hamda valuta kursining o‘zgarishi esa odamlarni tashvishga solmayapti.

1

Manba: Markaziy bank


Tadbirkorlar orasida ham ushbu omillar inflyatsion kutilmalarga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sifatida saqlanib qolmoqda, bunda xomashyo narxlarining qimmatlashishi ham qo‘shimcha ta’sir qiluvchi faktor sifatida qayd etilgan.

Shuningdek, kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida xomashyo narxlarining qimmatlashishi, soliq yukining yuqoriligi hamda raqobat muhitining yomonlashishini qayd etgan tadbirkorlar ulushi ko‘paygan bo‘lsa, yoqilg‘i va energiya resurslari, kommunal xizmatlar qimmatlashishi, transport xarajatlari oshishi hamda ish haqi va nafaqalar oshishini qayd etganlar ulushi kamaygan.

2

Manba: Markaziy bank


Sohalar va hududlar kesimidagi farqlar

Aholi guruhlari orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar pensionerlar tomonidan bildirilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich savdo sohasidagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

3

Manba: Markaziy bank


Tadbirkorlar kesimida esa eng yuqori kutilmalar tashish xizmatlari hamda hunarmandchilik sohalarida qayd etilgan. Turizm xizmatlarida eng past daraja kuzatilgan.

4

Manba: Markaziy bank


Hududiy jihatdan qaralganda, inflyatsion kutilmalarning eng yuqori ko‘rsatkichlari aholi orasida Toshkent shahrida, tadbirkorlar orasida esa Samarqand viloyatida qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar aholi orasida Xorazm, tadbirkorlar orasida esa Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan.

5

Manba: Markaziy bank


Daromad va inflatsiya bog‘liqligi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining daromad darajasi inflyatsion kutilmalarga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Sentyabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yuqori daromadli aholi qatlami orasida inflatsiya bo‘yicha xavotirlar nisbatan yuqoriroq ekanini ko‘rsatdi.

Xususan, oylik daromadi 30 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlarda inflyatsion kutilmalar 14,4 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori hisoblanadi. Shuningdek, 20–30 mln so‘m daromadga ega aholi guruhida mazkur ko‘rsatkich 11,3 foizga yetgan.

Pastroq daromadli aholi qatlamlarida esa inflyatsion kutilmalar nisbatan barqaror shakllangan. Masalan, oylik daromadi 2–4 mln so‘m bo‘lgan aholi orasida bu ko‘rsatkich 8 foizni, 2 mln so‘mgacha daromadga ega aholida esa 7,6 foizni, daromadga ega emaslar orasida 8,4 foizni tashkil etgan. Umuman olganda, so‘rovda qatnashgan 2 726 nafar respondent bo‘yicha o‘rtacha inflyatsion kutilmalar 8,7 foiz darajasida qayd etilgan.

6

Manba: Markaziy bank


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank yil yakuniga qadar inflatsiya pasayishdan to‘xtab, narxlar tezroq oshishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид