O‘zbekistonliklar Italiyaga mavsumiy ish uchun yuboriladi

Бугун 12:252 дақиқа

O‘zbekiston fuqarolarini 3–9 oylik mavsumiy ishlarga yuborish bo‘yicha Italiya bilan kelishuvga erishdi.

O‘zbekistonliklar Italiyaga mavsumiy ish uchun yuboriladi

O‘zbekiston fuqarolarini Italiyaning qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etish bo‘yicha muhim kelishuv imzolandi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv doirasida o‘zbekistonliklar Italiyaga 3 oydan 9 oygacha bo‘lgan muddatga mavsumiy ishlarga yuboriladi. Loyihaning asosiy maqsadi — xorijda qonuniy mehnat faoliyatini kengaytirish va fuqarolar bandligini ta’minlash hisoblanadi.

Mazkur masala yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuvda Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobridjida hamda Confagricoltura tashkiloti vitse-prezidenti Luka Brondelli ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va Italiyaning Associazione Imprese Ortofrutticole (meva-sabzavot korxonalari assotsiatsiyasi) o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Bu hujjat ikki tomonlama mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Assotsiatsiya prezidenti Marko Salvi pilot loyiha doirasida joriy yilda 100 nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Ushbu dastur kelgusida yanada kengaytirilishi mumkin.

Qayd etilishicha, mazkur assotsiatsiya Italiyada meva-sabzavot yo‘nalishida faoliyat yurituvchi 35 dan ortiq yirik kompaniyalarni birlashtiradi. U fermerlik, qayta ishlash, logistika va eksportni qamrab olgan to‘liq agrosanoat zanjiriga ega.

Assotsiatsiya faoliyati doirasida asosan olma, kivi, anor va qulupnay yetishtirish hamda qayta ishlash ishlari amalga oshiriladi. Bu esa o‘zbekistonlik ishchilar uchun turli yo‘nalishlarda ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Теглар

Мавзуга оид